00:00 / 07.11.2020
18945
AQSh saylovlarida firibgarlik bo‘lyaptimi? Trampning iddaolari va faktlar taqqosi
Foto: Getty Images

AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp ikkinchi muddatga saylanmasligi tobora haqiqatga yaqin bo‘lib bormoqda. Cho‘kayotgan odam xasga ham yopishadi, deganlaridek, Tramp bor kuchi bilan mag‘lubiyatining oldini olishga urinmoqda. Uning asosiy e'tirozi pochta orqali ovoz berishda. Xo‘sh, uning iddaolari qanchalik haqiqatga yaqin? VVS uning nutqidagi da'volari va faktlarni solishtirdi.

Donald Tramp: «Pochta orqali ovoz berishdan noroziligim haqida anchadan buyon gapiraman va bu chindan saylov tizimimizni buzib yubordi. Bu tizim odamlarni o‘zlari xohlamagan holda firibgarlikka undaydi»

Tramp aprel oyidan buyon Tvitterda pochta orqali saylovlar haqqoniy o‘tishiga shubha bildirib, 70dan ortiq postlar yozdi. Biroq bunga birorta isbot ko‘rsatgani yo‘q.

Umuman olganda, AQShda prezidentlik saylovlarida firibgarlik sodir bo‘lishi – hech qachon kuzatilmagan voqea.

Masalan, 2017 yilda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, AQSh saylovlarida firibgarlik sodir bo‘lishi e'timoli 0,0009 foiz deb belgilangan. Bu yil saylovlar pochta orqali o‘tgani esa ular nohaq bo‘lganidan darak bermaydi, chunki buni butun boshli tizim nazorat qiladi.

Tramp doim yomonlaydigan pochta orqali ovoz berishda o‘zi ham ishtirok etgan. U Floridaning chekkarog‘ida yashagan vaqtida saylovda pochta orqali ovoz berishni ma'qul ko‘rgan. Prezidentlik saylovlarida ham pochta orqali ovoz berish amaliyoti yangi emas. Oldinroq Oregon va Yuta shtatlarida ovoz berish jarayoni pochta orqali amalga oshirilgan va barchasi muvaffaqiyatli o‘tgan.

Tramp: «Ular uyalmay 10 millionlab byulletenlarni hech kim so‘ramasa ham yuborishdi»

9ta shtatda va Kolumbiya okrugida byulletenlar barcha saylovchilarga avtomatik yuborildi. Beshta shtatda esa byulletenlarda koronavirus sabab shunday qilinayotgani tushuntirilgan ogohlantirish ilova qilindi. Kolorado, Havayi, Oregon, Yuta, Vashington, Kaliforniya, Nyu-Jyersi va Vermontda ovoz berish pochta orqali amalga oshirilib, hech qanday muammo kuzatilmadi.

Saylovchilarga byulletenler maxsus konvertda, maxsus imzo ko‘rinishidagi himoya vositasi bilan yuborilgan. Hukumat vakillari byulleten kerakli manzilga yetib borgan-bormaganini nazorat qila oladi. Bir so‘z bilan aytganda – AQSh uchun pochta orqali ovoz berish yangilik emas.

Tramp: «Qanaqasiga barcha pochta orqali yuborilgan ovozlar bir kishi foydasiga bo‘lishi mumkin?»

Tramp pochta orqali ovoz berishni qoralar ekan, respublikachilarni pochta orqali emas, saylov uchastkasiga borib ovoz berishga chaqirgandi. Shunday bo‘ldi ham: respublikachilar uchastkalarda ovoz berishdi, demokratlar esa pochta orqali.

Masalan, hali hisoblash yakunlanmagan Pensilvaniyada pochta orqali yuborilgan 2,5 million ovozning to‘rtdan uch qismi Bayden foydasiga berilgan.

Tramp: «Jorjiyada saylovga umuman aloqasi bo‘lmagan holda bitta quvur yorildi va ovozlarni hisoblashni to‘rt soatga to‘xtatib qo‘yishdi»

Aslida bunday bo‘lmagan. Atlantadagi «Steyt Farm-arena» kompleksida sodir bo‘lgan avariya saylov byulletenlari ro‘yxatlari saqlanayotgan binoga zarar yetkazgan.

Tramp: «Prezidentlik saylovlari taqdirini hal qiladigan bir nechta shtatlarda natijalar aniq emas va bu shtatlarning barchasini demokratlar nazorat qiladi»

Bu holatda kalit so‘z «hamma shtatlarda». Jorjiya respublikachilar nazoratida. Tramp bu shtatdagi g‘alabasiga shubha qilmayotgandi. Bu shtatda saylovlarni tashkil etuvchi Bred Raffensperger ham respublikachi. Uni Tramp 2018 yil Tvitterda maqtagandi.

Bayden g‘alaba qozonishga yaqin bo‘lgan va hal qiluvchi bo‘lishi kutilayotgan Nevadada ham saylov tashkilotchisi bo‘lgan bosh kotib – respublikachi.

Tramp: «Ular qonuniy kuzatuvchilarni kiritishmadi»

Tramp saylovlardagi shaffoflikni ta'minlaydigan va ovoz berish jarayonini tomosha qilish imkoniga ega kuzatuvchilarni nazarda tutmoqda. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, kuzatuvchi qaysi partiyadan ekanini aytib, uchastkada qatnashish uchun oldindan ariza berish kerak. Tramp demokratlar nazoratidagi Filadelfiya va Detroytda respublikachi kuzatuvchilar uchastkalarga qo‘yilmaganini aytgan.

Biroq barcha uchastkalarda kuzatuvchilar bo‘lgan, lekin koronavirus sabab ularning soni cheklangan miqdorda. Masalan, Detroytda har ikki partiyadan 10 nafar kuzatuvchi bo‘lgani ma'lum.

Internetda Filadelfiyadagi uchastkalardan birida kuzatuvchini ichkariga kiritishmayotgani haqidagi video tarqaldi. Ma'lum bo‘lishicha, u yerda tushunmovchilik bo‘lgan va kuzatuvchini keyinchalik ichkariga kiritishgan.

Tramp: «Ular kech kelgan ovozlarni ham hisoblashyaptimi, demak bizdan saylovlarni olib qo‘yishmoqchi»

Prezident saylov kunidan keyin pochta orqali kelgan ovozlarni hisobga olishni noqununiy deb hisoblamoqda. Lekin aslida konvert 3 noyabr yoki undan oldin yopilgan bo‘lsa, uni keyinchalik ham hisoblash mumkin.

Xususan, Pensilvaniya, Nevada va Shimoliy Karolinada ham bunday qonun amalda. Biroq Jorjiya va Arizonada 3 noyabrdan keyin kelgan byulletenlar hisoblanmaydi.

Tramp o‘z nutqida Pensilvaniyadagi konvertlar shtampini kerakli darajada tekshirishmaganini aytdi. Biroq shtatning Oliy sudi markasiz yoki yomon o‘qiladigan shtampli konvertlar ham hisobga olinishi kerakligini ma'lum qildi. Agar ular saylov kunidan keyin yuborilgani isbotlangan bo‘lmasa.

Xullas, Trampning iddaolari faqat uning zarariga xizmat qilmoqda. Mag‘lubiyatni bunday qabul qilish esa uning obro‘siga zarar keltiradi.

AQSh tarixidagi eng noodatiy prezident bo‘lib siyosatga kirib kelgan Tramp mamlakat tarixida eng obro‘siz rahbar bo‘lib ketmaslik uchun haliyam imkoni bor. Bu ketishda esa tarix Trampni juda yomon xotiralar bilan eslab qoladi...

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Top