10:25 / 07.11.2020
11072
Bosh prokuror: 2 yilda korrupsiyaviy jinoyatlar oqibatida yetkazilgan zarar 2 trillion so‘mdan oshdi

7 noyabr kuni O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev raisligida korrupsiya holatlari kuzatilayotgan sohalar hamda vazirlik va idoralarda buning sabab va shart-sharoitlariga bag‘ishlangan idoralararo yig‘ilishi boshlandi.

Bosh prokuror Yo‘ldoshev ma'ruzasida nemis davlat arbobi Bismarkning «Yomon qonunlar va yaxshi amaldorlar bilan davlatni boshqarsa bo‘ladi. Ammo amaldor yomon bo‘lsa, eng yaxshi qonunlar ham yordam  bermaydi», degan so‘zlaridan iqtibos keltirib, bu so‘zlar bugunga qadar dolzarbligini yo‘qotmaganligini ta'kidladi.

Yo‘ldoshev O‘zbekistonda o‘tgan ikki yilda 1 ming 986 nafar mansabdor shaxs korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilganini ma'lum qildi. Bunday jinoyatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdori 2 trillion so‘mdan oshgani aytildi.

Yig‘ilishda prokuraturaning nazorat tadbirlari hamda tergov natijalari tahlili asosida korrupsiya eng ko‘p uchrayotgan sohalar, vazirlik va idoralar kesimida aniq misollar va raqamlarda ko‘rsatib berildi. Iqtisodiy sohadagi korrupsiyaviy holatlar asosan budjet mablag‘laridan foydalanish jarayonida sodir etilayotgani bildirildi.

«O‘tgan ikki yilda respublika bo‘yicha 371 milliard so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlanib, bu qilmishlar uchun 2 ming 477 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan», — dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Korrupsiya keng tarqalgan kapital qurilish va oliy ta'lim sohalarida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish boshlandi.

Vazirlik va idoralarda, mahalliy hokimliklarda «compliance control» (tashkiliy nazorat – tahr.) tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

O‘zbekiston so‘nggi to‘rt yilda Jahon bankining «Biznesni yuritish» (Doing Business) indeksida 18 pog‘onaga, Meros jamg‘armasining «Iqtisodiy erkinlik» indeksida esa 52 pog‘onaga ko‘tarildi.

Shuningdek, Jahon bankining «Korrupsiyani tiyib turish», «Transparency International» xalqaro nohukumat tashkilotining «Korrupsiyani qabul qilish», Jahon odil sudlov loyihasining «Korrupsiyaning mavjud emasligi» indekslarida yuqoriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning 15 oktabr kuni o‘tkazilgan videoselektorda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga jiddiy e'tibor qaratgandi. Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, qo‘lga olingan amaldorlar haqida ma'lumot berilgandi.

Top