16:30 / 07.11.2020
8020
Global mavzuga ongli munosabat: Biz millat sifatida yangi bosqichga qachon chiqamiz?

Kun.uz sayti homiyligida suratga olingan «SUBYEKTIV» loyihasining ilk sonini taqdim etamiz. Mualliflarning turli mavzulardagi sub'yektiv fikrlari aks etadigan ijodiy loyihaning ilk mavzusi – chiqindilar va kelajak oldidagi mas'uliyatimiz. Jamshidxon Ziyoxonov ko‘pchilik bepisand qaraydigan mavzuni original yondashuv va zamonaviy talqinda ochib beradi.

Umringizda tashlagan birinchi baklashka esingizdami? Albatta, yo‘q. Inson o‘zining 7 avlodini bilishi kerak deyishadi. Lekin bilasizmi, bu dunyoda sizning 14-avlodingiz yashayotgan paytda ham siz tashlagan o‘sha birinchi plastik baklashka hali chirib ulgurmagan bo‘ladi.

Bu – bitta plastik idish. Odamzot bo‘lsa, har yili 300 million tonnadan ortiq plastik chiqindi bilan Yer sayyorasini ifloslantiradi.

Bu raqamlar bilan O‘zbekistonda ko‘pchilikni hayron qoldirolmaysiz. Xalqimizga bu qiziq emas. Ularni qaysidir xonanda hayoti, shaxsiy munosabatlari ko‘proq qiziqtiradi...

Ekologiya? Daraxt? Suvni tejash? Chiqindini saralash? Nima ular?

Ko‘pchilik meni hozir navbatdagi tomi ketgan vahimachi, ekofaol deyishi mumkin. Lekin bu gapni aytishdan oldin bizga omonat qilib berilgan bu dunyo, undagi jonivorlar va boshqa ne'matlarni qanday ahvolga solganimizni ko‘rib qo‘ying.

Bu hech qanaqa vahima emas. Afsuski, bu – odamzot tufayli Yer yuzida vujudga kelgan ayanchli haqiqat: yildan yilga rekord darajaga chiqayotgan o‘rmon yong‘inlari, plastik va boshqa chiqindilar tufayli ifloslanib borayotgan suv, tuproq, havo, yo‘qolib borayotgan flora va fauna, inson omili tufayli atmosferaga to‘xtovsiz chiqayotgan issiqxona gazlari va albatta, global iqlim o‘zgarishidir.

Ko‘pchilik haligacha bu muammolar O‘zbekistonga tegishli emas, bular uzoq-uzoq o‘lkalarda bo‘lyapti, deb o‘ylaydi. Vaholanki, muammolar O‘zbekistonda allaqachon boshlanib bo‘lgan. Biz buni his qilyapmiz, ammo shunchaki e'tibor bergimiz kelmayapti.

Esingizdami, 10–20 yil oldin poytaxtda qanday qish bo‘lardi. Tizzadan keladigan qorlar, sirpanchiq ko‘chalar, qorbo‘ron o‘ynagan bolalar… Insoniyat iqlimni o‘zgartiryapti va buning oqibati ayanchli bo‘ladi. Tog‘ muzlarining erib ketishi, qurg‘oqchilik, hosildorlikning keskin kamayib ketishi, narxlarning oshishi…

Aynan Markaziy Osiyo hududi ekologik o‘zgarishlarga sezgir va nozik hisoblanadi. Ammo bizning eng katta muammomiz – odamlarning bu masalalarga befarqligi va bu muammolarning juda kam yoritilishi.

Bugun O‘zbekistonda eng dolzarb muammolardan biri, aksariyat hollarda xalqimiz to‘g‘ri muomala qilolmaydigan chiqindi haqida gaplashamiz.

18-asrdagi sanoat inqilobigacha, Yer yuzidagi 90 foiz aholi qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanib kun kechirgan. Keyinchalik ro‘y bergan industrial portlash, zavod va fabrikalarning ketma-ket ochilishidagi jarayonlarning borgan sari avtomatlashib borishi juda ham katta iqtisodiy o‘sishga sabab bo‘lgan. Lekin aynan shu o‘zgarishlar ekologiyaga tiklab bo‘lmas zarar yetkazadigan jarayonlarga start bergan. Sanoat revolyutsiyasi boshlangandan beri Yer yuzida chiqindi turlari kundan kunga ko‘payib boryapti.

Quyida ba'zi chiqindi turlarining chirish muddatini keltirib o‘tamiz:

Oziq-ovqat chiqindisi – 4-6 hafta. Karton va turli xildagi qog‘oz – 1 oydan 2 yilgacha. Sigaret qoldig‘i – 10 yildan 20 yilgacha. Plastik paket – 10 yildan 20 yilgacha. Plastik stakan – 50 yil. Batareya – 100 yil. Alyuminiy banka – 80 yildan 200 yilgacha. Plastik baklashka – 459 yil. Bir martalik taglik – 550 yil. Shisha – 1 million yil yoki umuman chirimaydi.

Dahshatli sonlar, to‘g‘rimi?! Biz har kuni o‘ylamasdan beg‘am tashlaydigan aksariyat chiqindi bizdan keyin ham ancha vaqtgacha Yer yuzini zaharlab yotishi o‘ylantirib qo‘yadi. Mening ham chiqindiga munosabatim shu sonlarni bilganimdan keyin o‘zgarishni boshlagan.

Ohangaron chiqindi poligonidamiz. Bu yerga Toshkent shahridan chiqadigan chiqindini olib kelishadi. Poligon allaqachon to‘lib bo‘lgan. 2021 yilning boshida yopish rejalashtirilmoqda. Yerdan 20–30 metr baland, chiqindi uyumlaridan hosil bo‘lgan tog‘ hosil bo‘lgan. Chiqindi uyumlari ustiga tuproq to‘kib, tekislab qo‘yilgan…

***

Organik chiqindilar – po‘choqlar nisbatan tez chirishiga qaramasdan, bir qator global muammolarga sabab bo‘ladi. Dunyodagi mavjud qishloq xo‘jaligi yerlarining qariyb 30 foizi, ya'ni 1,4 milliard gektari oxir-oqibat po‘choqqa tashlanadigan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlashga sarflanadi. Bu miqdordagi mahsulotni yetishtirish uchun 173 milliard metr kub suv, ya'ni qishloq xo‘jaligi uchun ishlatiladigan umumiy suvning 24 foizi – 28 million tonna suv ketadi. Bundan tashqari, dunyodagi issiqxonalarning 8 foizi oziq-ovqat chiqindilari chiqarishidan hosil bo‘ladi.

Hozirda xonadonlarimizdan chiqadigan aksariyat chiqindilarning so‘nggi manzili shunaqa talabga javob bermaydigan chiqindi poligonlari bo‘lib, bu yerga tushgan po‘choq o‘zidan o‘zi metan gazini ajratishni boshlaydi. Bilamizki, metan korbonat angidriddan bir necha barobar kuchli issiqxona gazi hisoblanadi.

Statistikaga ko‘ra, aholi daromadi kam bo‘lgan mamlakatlardagi oziq-ovqat mahsulotlaridagi yo‘qotish ishlab chiqarish jarayoniga, rivojlangan mamlakatlarda esa iste'mol jarayoniga to‘g‘ri keladi.

Misol uchun, AQSh aholisi oziq-ovqatining teng yarmini po‘choqqa tashlar ekan. Bu shunchaki dahshat.

Oziq-ovqat mahsulotlari chiqindilarini uy hayvonlariga berish azaldan qo‘llanib kelinadigan samarali utilizatsiya usuli hisoblanadi. Chunki hayvon yegan yemishning uchdan bir qismi go‘sht va sut hosil bo‘lishga sarflanadi.

Oldinlari shaharda ham ko‘pchilik mol, qo‘y boqardi. Uyda po‘choq chelagi to‘lib qolsa, qaysi qo‘shnining moliga olib chiqib berishni tanlardim. Hozir tovuq ham boqishmayapti.

Poligonlarga chiqib ketadigan barcha po‘choqni uy hayvonlariga berish imkonsiz ekanini bilamiz. Biz po‘choq miqdorini minimumga tushirishimiz mumkin. Nima qilsak bo‘ladi?

Birinchi navbatda ovqatimizni oxirigacha yeyishni o‘rganishimiz kerak. Yomondan yarim qoshiq deb bejizga aytilmagan.

Ovqat pishirayotganda isrof bo‘lmaydigan qilib pishirish kerak. Ozgina och qolganimiz – isrof bo‘ladigan ovqatdan yaxshiroq. Uydagi masalliqlarning yaroqlilik muddati tugayotganlarini birinchi ishlatish kerak. Supermarketga kirib meva-sabzavot olayotganda, hamma chiroylilarini tanlab oladi. Sal bujmayganlari qolib ketaveradi. Supermarketlarda yaroqlilik muddati 2 kun qolgan meva-sabzavotlarni ko‘pincha ehtiyot chorasi sifatida tashlab yuborishadi. Endi barcha supermarketlardan qancha po‘choq chiqishini tasavvur qilavering.

Buni ko‘pchilik bilmaydi. Ammo siz endi bilasiz. 1-2 kunlik ovqatga masalliq olganda sal bujmayganlaridan ham olavering. Inshaalloh, savobga qolasiz.

***

Plastik – qoyilmaqom buyum, chunki u juda sekin chiriydi. Plastik – dahshatli buyum, chunki u juda sekin chiriydi

Plastik yaratishga birinchi qadam 1855 yilda qo‘yilgan bo‘lsa ham, sanoat miqyosida u 1950 yildan boshlab ishlab chiqarilgan. Plastikdan yasasa bo‘ladigan buyumlarning xilma-xilligi, bu materialning juda ham chidamli va elastikligi o‘sha davr odamlarini hayratda qoldirgan va o‘shandan beri u faqat va faqat ommalashib boryapti.

Taqqoslash uchun, 1990 yildan 2000 yilgacha ishlab chiqarilgan plastik chiqindining umumiy miqdori undan oldingi 40 yil ichida chiqarilgan plastik chiqindidan ham ko‘p. Bugungi kunda har yili chiqadigan plastik chiqindining umumiy vazni deyarli butun insoniyat populyatsiyasi vazniga teng.

Shu paytgacha ishlab chiqarilgan barcha plastikning bor-yo‘g‘i 9 foizi qayta ishlangan. 12 foizi yoqib yuborilgan. Qolgan 79 foizi chiqindi poligoni, axlatxona va tabiatda turibdi.

Plastik chiqindining dahshatli tomoni – u juda ham ko‘p. U hamma joyda va hamma sohada. Aksariyati esa qayta ishlashga yaroqsiz.

Aytaylik, ovqatlanish shoxobchasidan 2ta limon choy oldik. E'tibor bering, 2ta limon choy ichish uchun qancha chiqindi chiqaryapmiz: 2ta plastik stakan, 2ta plastik trubochka, 2ta plastik choy qoshiq, 6ta shakar paketcha, 2ta choy paket va bitta katta karton idish. 5 minutda ichib tugatadigan 200 millilitr choydan chiqayotgan chiqindi shu.

Bunday stakanlarni qog‘oz stakan deymiz, lekin u faqat qog‘ozdan qilinmagan. Unda issiqlikni ushlab turish, qog‘oz suyuqlikni shimib olmasligi uchun stakan ichki tarafdan plastik bilan qoplangan. Bunday qatlamlarda plastik va qog‘ozni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Ya'ni ular qayta ishlashga yaroqsiz hisoblanadi. Bundan tashqari, ushbu plastik ichida bisfenol A degan modda bo‘lib, u yuqori harorat ta'sirida stakanning ichidagi plastikdan ajralib chiqadi. Demak, biz ichayotgan kofe yoki limon choy bilan birga zararli moddaning mikrobo‘laklarini ham yutamiz.

Dunyodagi eng ko‘p qahvaxonalarga ega «Starbucks» kompaniyasi 2020 yildan boshlab plastik trubochkalardan butunlay voz kechdi. Umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yuritadigan kompaniyalarning bu kabi tashabbuslari plastik chiqindisiga qarshi kurashda juda katta yordam beradi. Bunday tashabbuslarning paydo bo‘lishi uchun jamiyat buni tushunib, ongli ravishda talab qilishi kerak.

***

Biz kelgusi avlodlarni zaharlayapmiz. Hech qanday mubolag‘asiz shunday

Muddati tugab axlatxonalarga tashlanadigan plastik tabiatga zarar keltiradi, ammo suv havzalarida to‘planadigan chiqindi zarari 100 barobar ko‘proq. Bu ekologik fojyea.

Plastik sababli har yili 1 milliondan ortiq dengiz jonzotlari va qushlari nobud bo‘ladi. Bu faqat aniqlangan statistika. Shunchaki plastik buyum yoki neylon to‘rga ilakishib qolish dengiz mavjudoti uchun ayanchli yakun topishi mumkin. Chunki tana tuzilishi tufayli ularning harakatlari juda ham cheklangan. Suvdagi chiqindi uyumlari – aksariyat dengiz vakillari uchun haqiqiy tuzoq.

Suvga tushgan plastik vaqt o‘tishi bilan Quyosh ultrabinafsha nurlari, to‘lqinlar va tuzlar ta'sirida parchalanib, mikroplastik hosil qiladi va bu plastikdan ko‘ra dahshatliroq narsa. Chunki mikroplastik yaxshi adsorbent hisoblanadi: suvda u qishloq xo‘jaligi va sanoatdan chiqqan zaharli taksin moddalarni o‘ziga shimib oladi.

Dengiz jonivorlari, mayda baliqlar mikroplastikni plankton deb o‘ylab, iste'mol qilishni boshlaydi. Natijada taksinlar mikroplastikdan baliq tanasiga o‘tadi. U baliqni esa boshqa yirikroq baliq iste'mol qiladi. U esa bir kun kelib inson qarmog‘iga ilinadi.

Qarabsizki, o‘zimiz zaharlagan baliq likopchamizda.

Bu dunyoda hech nima izsiz yo‘q bo‘lib ketmaydi. Bu – materiya saqlanish qonuni. Ko‘rib turimizki, inson tashlagan chiqindi oxir-oqibat o‘ziga zahar bo‘lib qaytib keladi.

Bugun okeanlarda chiqindi shunchalik ko‘pki, ular uyulib butun boshli orollarni hosil qilgan. Ularning 2tasi Tinch, 2tasi Atlantika va 1ta Hind okeanida. Shu yil avgust oyida Tinch okeanidagi chiqindi oroli Fransiya hududiga tenglashdi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyo okeanlarida 5,25 trillion mikroplastik bo‘laklari mavjud.

Agar hozirgi tendensiyalar davom etsa, 2050 yilga borib, okeanlarimizda baliqdan ko‘ra plastik ko‘proq bo‘ladi.

***

Axlat olishga kelganlarni axlatchi deb qo‘yamiz. Ular axlatchi emas, ular tozalovchi. Aslida, biz axlatchimiz

O‘zbekistonda 10 foiz chiqindi qayta ishlanadi. 90 foizi chiqindi poligonlariga olib kelinadi. Shuni tushunish kerakki, chiqindi poligonlari muammoning yechimi emas. Ular dahshatli kimyoviy qurol. O‘zi O‘zbekistonda chiqindi poligonlari yo‘q hisob. Borlari esa shunchaki axlatxonalar. Chunki haqiqiy chiqindi poligonida yerosti suvlarini zaharlamasligi uchun maxsus izolyatsiya qatlamlari bo‘ladi.

Masalan, bu yerdan biogazlar chiqadi, ularni zararlantiradigan filtrlar bo‘lishi kerak. Bizdagi chiqindi poligonlari bu talablarga javob bermaydi. Javob berganda ham qachongacha chiqindi poligoni ochish bilan shug‘ullanamiz. Butun yer yuzini chiqindi bilan to‘ldirganimizdami?!

Biz chiqindi deb aytayotganlarimiz, aslida, qayta ishlanadigan material hisoblanadi. Rivojlangan davlatlarda chiqindini saralab, qayta ishlash allaqachon boshlangan va bu juda yaxshi biznes hisoblanadi.

Vatanimizda esa chiqindi saralanmayotganiga 2ta sabab bor. Birinchisi – buning uchun davlat tomonidan hech qanaqa sharoit va infratuzilma yaratilmagan. Ikkinchi sabab – xalqimiz o‘zi chiqarayotgan chiqindi qayerga ketyapti, nima bo‘lyapti, qiziqmaydi. Hovlimizda, cho‘ntagimizda, qo‘limizda bo‘lmasa bo‘ldi. Tashladik, demak qutuldik...

Xalqning o‘zi bu mavzularni ko‘tarmas ekan, davlatdan hech nima kutmasa ham bo‘ladi.

***

Lekin O‘zbekistonda ham oldin chiqindini saralashga urinishlar bo‘lgan. Esingizda bo‘lsa, 2012 yilda Toshkent aholisini 15 kun ichida majburiy chiqindi saralash tizimiga o‘tkazmoqchi bo‘lishgan. Bunda oq paketga qog‘oz, ko‘k paketga plastmassa, sariq paketga esa…

Chiqindi saralash nimaligini, uning nega kerakligini umuman bilmaydigan, hayotida chiqindi saralashga duch kelmagan odamlarga 15 kun muhlat berilgandi.

Rivojlangan davlatlarda chiqindini saralab yig‘ish tizimiga butunlay o‘tish uchun 20 yildan 30 yilgacha vaqt kerak bo‘lgan. Buni birinchi 1975 yilda Germaniya boshlab bergan. Keyin Angliya, Fransiya saralashni boshlagan. Bu dastlab tajriba ko‘rinishida boshlangan. Sekin-sekin shunga infratuzilma yaratilib, odamlar o‘zini tayyorlashni boshlagan. Bu nega kerakligini tushunib yetishgan. Bizda bo‘lsa, 2 hafta. Albatta, odamlar buni negativ qabul qilgan, buning ortidan pul qilishmoqchi degan gumonlar ham bo‘lgan.

***

O‘zbekiston shaharlarida urna yo‘q

Chiqindini saralash–saralash deyapmiz. Poytaxtda urna yetishmayotgan paytda, chiqindini saralash haqida qanaqa gap bo‘lishi mumkin?

2018 yilda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ko‘chalar, yo‘laklar, markaziy maydonlar, ko‘priklar, tunellar, xiyobonlar va umuman shahar infratuzilmasiga kiruvchi joylarni har 40–50 metrida urna shartligi to‘g‘risidagi tartib tasdiqlangandi. Lekin ko‘rib turganimizdek, poytaxtimizda haligacha urna yetishmovchiligi muammo bo‘lib turibdi.

Hujjat bo‘yicha, Toshkent ko‘chalariga urna o‘rnatishga Obodonlashtirish bosh boshqarmasi javobgar ekan. Boshqarmadagi vakillarning gapiga qaraganda, urna sotib olish uchun hokimiyat mablag‘ ajratishi kerak. Hokimiyatdan olgan javobdan shuni tushundikki, urna sotib olishga pul yo‘q. Poytaxtga urna qo‘yishga pulimiz yo‘q ekan-u…

***

Lekin baribir asosiy muammo odamlarning chiqindiga munosabati

Urna bor-yo‘qligiga qaramasdan xohlagan joyimizni axlatxonaga aylantiramiz. Alloh bizga bergan ne'matlardan maza qilib bahramand bo‘lamiz. Musulmonmiz deymiz, lekin, afsuski, musulmonchilikning eng asosiy talablaridan biri – tozalik va poklikka rioya qilmaymiz.

Bizga omonat qilib, avaylab foydalanishimiz uchun berilgan ne'matlarning qadriga yetmaymiz. Ularni tahqirlaymiz. O‘zi shundoq ham kam sonli dam olish maskanlarimizni noyob tabiatimizni asramaymiz. Borgan joyimizni uyalmasdan chiqindixona qilamiz.

Lekin baribir xalqimizga ishonaman. Farzandlarimizga yaxshi tarbiya beraylik, o‘zimizni isloh qilaylik...

Aziz tomoshabin, umid qilamanki, bu filmdan keyin urna yo‘qligi tabiatga chiqindi tashlashingizga sabab bo‘lolmaydi.

Jamshidxon Ziyoxonov

Top