07:45 / 07.11.2020
27650

Sahroi Kabirda yuz millionlab daraxt borligi aniqlandi

Sahro Kabir cho‘li va Sahel viloyatining unga yondosh qurg‘oqchil qismida 1,8 mlrddan ko‘proq daraxt va butalar borligi aniqlandi. Bu mutaxassislar uchun haqiqiy kashfiyot bo‘ldi, chunki shu paytgacha ushbu hudud deyarli o‘simliklardan mosuvo, deb hisoblab kelingan va bu faraz sun'iy yo‘ldoshlardan olingan ko‘plab suratlar bilan tasdiqlangan

Biroq Kopengagen universiteti va NASA olimlari bu farazni sun'iy ong yordamida inkor etishdi. Ular Sahroi Kabirning o‘zida yakkam-dukkam o‘suvchi yuz millionlab daraxt borligini aniqlashdi.   

Olimlar sun'iy ongni cho‘lning sun'iy yo‘ldoshlardan olingan suratlariga “boshqacha nazar bilan qarashga” o‘rgatishdi. Sun'iy ong cho‘ldagi daraxtlarni ko‘rish uchun turli daraxtlarning minglab suratlarini o‘rganishiga to‘g‘ri keldi. Unga Sahroi Kabirning ulkan sondagi suratlarini ko‘zdan kechirib chiqishga bir necha soatgina talab etildi.

Ta'kidlanishicha, cho‘ldagi o‘simliklar haqida olingan ushbu yangi bilimlar iqlim modellarini aniqroq tuzishga yordam beradi. Bundan tashqari, ular ushbu mintaqadagi bioturfalik va ekotizimlarni tushunishda hamda u yerda yashovchi odamlar uchun muhim hisoblanadi.

Oxirgi tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, Sahroi Kabir maydoni 100 yildan kamroq vaqt ichida 10 foizga oshgan. Olimlar buning sababi sifatida iqlim o‘zgarishlarini aytishmoqda.

Top