12:19 / 07.11.2020
2162
Sardoba ofatidan jabrlanganlarni ishga joylashtirish bo‘yicha mehnat yarmarkasi tashkil etildi

“Sardoba” suv ombori toshqini oqibatida ishsiz qolgan va band bo‘lmagan fuqarolarni doimiy ish bilan ta'minlash maqsadida 2020 yilning 4-6 noyabr kunlari Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tumanlarida “Ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb qilish yarmarkasi” o‘tkazildi. Uch kunlik tadbir davomida o‘tkazilgan tadbir ikki yo‘nalishda tashkil etilib, birinchi yo‘nalishda korxona, tashkilot va muassasalar o‘zlarining bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Bunda doimiy ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarga bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma'lumotlar berildi.

Ikkinchi yo‘nalishda o‘ziga maqbul keladigan ishni topa olmagan ishsiz fuqarolarga tadbirkorlik qilish istagini amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan kredit resurslari hamda ta'minotchi korxonalar tomonidan uskunalar, jihozlar va minitexnologiyalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Bundan tashqari, “Sardoba” suv ombori toshqinidan talafot ko‘rgan Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tumanlarining vaqtincha yashash manzillariga joylashtirilgan aholisiga qulayliklar yaratish va ularni doimiy ish bilan ta'minlashga ko‘maklashish maqsadida 11 ta Damas avtomashinalarda mehnat organlari va tijorat banklari mas'ul xodimlari ishtirokida “Ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb qilish ko‘chma ko‘rgazmasi” tashkil etildi.

Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad:

  • barpo etilgan ko‘p qavatli va qayta tiklangan uy-joylarda istiqomat qiluvchi doimiy ish bilan band bo‘lmagan aholi sonini aniqlash va ularning har birini ishga joylashtirish yoki tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘yicha manzilli ro‘yxatni shakllantirish;
  • mazkur hududda yangidan tashkil etilgan loyihalarga talab etiladigan mehnat resurslarini aniqlash va shu hududda yashovchi band bo‘lmagan aholini doimiy ishga joylashtirish;
  • chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, intensiv bog‘dorchilik, issiqxonalar va boshqa yo‘nalishlarda oilaviy tadbirkorlikni tashkil etish istagi bo‘lgan ishsiz fuqarolarning qo‘shimcha loyihalarini aniqlash va amalga oshirishga ko‘maklashishdan iborat.

Uch kun davomida o‘tkazilgan tadbirda viloyatning barcha hududlaridan 87 ta korxona va tashkilotlar o‘zlaridagi mavjud 4491 ta bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Ko‘rgazmada 3496 ish qidiruvchi qatnashgan bo‘lsa, yarmarka natijasiga ko‘ra, 812 kishiga ishga joylashishi uchun yo‘llanma berildi.

Bundan tashqari, 572 fuqaro kasb tayyorgarligiga yuborilgan bo‘lsa, 111 kishi haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan, 270 nafari subsidiya olish yuzasidan ro‘yxatga olinib, 122 kishi tadbirkorlik qilish uchun kredit olishga istak bildirgan.

Shuningdek, 1809 ish qidiruvchiga mehnat qonunchiligi, ish joyini o‘zgartirish, bo‘sh ish o‘rinlari va boshqa shu kabi masalalarda maslahatlar berildi. 7 tadbirkor tomonidan ishlab chiqarish kooperativlarini tashkil etish hamda 400 fuqaroni ularga a'zo sifatida biriktirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri rahbarligida tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi “Sardoba” suv ombori toshqinidan talafot ko‘rgan Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tumanlarning ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarini doimiy ish bilan ta'minlash hamda ularni tadbirkorlik qilish istaklariga ko‘maklashish borasidagi o‘z ishini davom ettirmoqda.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi
Axborot xizmati

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top