11:01 / 07.11.2020
43540
«Xalq banki» sobiq rahbari tuzgan jinoiy guruh haqida ma'lumot berildi

Bosh prokuror «Xalq banki»ning sobiq rahbari tuzgan jinoiy guruh haqida ma'lumot berdi. U avval Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan.

7 noyabr kuni o‘tkazilayotgan korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan idoralararo yig‘ilishda bank tizimida mablag‘larni talon-toroj qilish, bank xizmatlarini ko‘rsatish, ayniqsa, kredit ajratishdagi suiiste'molchilik holatlari tanqid ostiga olindi.

Ma'lum qilinishicha, o‘tgan ikki yil mobaynida banklarning 166 nafar mansabdor shaxslari korrupsiyaviy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan. Masalan, «Xalq banki» va «Mikrokreditbank»da boshqaruv raisi lavozimlarida ishlab kelgan E. o‘z mansabidan foydalanib, qator korrupsiyaviy jinoyatlarga qo‘l urgan.

«Xususan, muqaddam qator jinoyatlarni sodir etib, AQShda yashirinib yurgan X. bilan til biriktirib, Sirdaryo viloyatida 4 ta soxta firma tashkil qilgan. Bu firmalarni amalda boshqarish uchun 18 nafar shaxslardan iborat uyushgan guruh faoliyatini yo‘lga qo‘yishgan. Uyushgan guruh 2019 yil so‘nggi 9 oyida qariyb 732 milliard so‘mni qonunga xilof tarzda naqdlashtirib, 7 milliard so‘mga yaqin budjet mablag‘ini talon-toroj qilgan. 215 milliard so‘m turli plastik kartalarga moliyaviy yordam ko‘rinishida o‘tkazilib, 22,5 million dollar naqd pulga aylantirilib, xorijga olib chiqib ketilgan. Uyushgan guruh rahnamolik qilgan firmalar 101 milliard so‘m soliq to‘lovlaridan ham bo‘yin tovlagan.

Bundan tashqari, E. «Xalq banki» boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlangach, bank binosi qurilishini olib borayotgan pudratchilarni o‘ziga tanish pudratchilarga almashtirib, obekt qurilishida 5,5 milliard so‘mlik bank mablag‘ini talon-toroj qilgan», — dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Bosh prokurorning aytishicha, u «Mikrokreditbank»ka rahbar etib tayinlanganda o‘z rahnamoligidagi firmalar orqali birgina xizmat kabineti uchun 100 million so‘mlik mebel jihozlarini 273 million so‘mga, bankning Sirdaryo filiali uchun 700 million so‘mlik binoni 4 milliard 700 million so‘mga sotib olib, mablag‘larni o‘margan.

Ta'kidlanishicha, ayni paytda E. va uning jinoiy sheriklari qamoqqa olinib, sud oldida javob bermoqda.

2019 yili oktyabrda Kun.uz «Xalq banki» boshqaruv raisi Murodilla Yoqubovich Eshmatov «Mikrokreditbank» aksiyadorlik-tijorat banki boshqaruvi raisi etib tayinlangani haqida xabar bergandi.

U bu lavozimda biroz avvalroq bank faoliyatidagi kamchiliklari hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar mazmun-mohiyatini yaxshi tushunmagani uchun ishdan olingan Otabek Panjiyevich Almardanov o‘rnini egallagani ma'lum qilingandi.

Murodilla Eshmatov 2016-2019 yillarda esa Sirdaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan.

Top