08:24 / 08.11.2020
14741
Bayden Tvitterda lavozimini prezident deb o‘zgartirdi, ijtimoiy tarmoq Trampni mazax qildi

AQSh matbuoti prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lganini e'lon qilgan Jo Bayden Tvitterdagi sahifasida o‘zini AQShning saylangan prezidenti deb qayd etdi.

Donald Tramp va Jo Bayden / Foto: Getty Images

Baydenning Tvitterdagi akkaunti AQSh prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tganidan keyin katta o‘sishga erishdi. 3 noyabrdan buyon bu ijtimoiy tarmoqda Baydenning o‘quvchilari soni 3,5 million nafarga ko‘paydi. Ayni damda Baydenni Tvitterda 15,7 million kishi o‘qiydi. Taqqoslash uchun Trampni Tvitterda 88,7 million kishi, sobiq prezident Barak Obamani 125,4 million kishi o‘qiydi.

Ma'lumot uchun, AQSh prezidentlari Tvitterda ikkita akkaunt ishlatishi mumkin. Bayden inauguratsiya marosimidan keyin POTUS (President of the United States of America) akkauntiga ega bo‘ladi. Shuningdek, Tramp kabi o‘z akkauntini yuritishda ham davom etishi mumkin.

Tvitterda saylov bilan bog‘liq yana bir voqea sodir bo‘ldi. Saylov boshlanganidan buyon Trampning tvitlarini ishonchsiz deb belgilayotgan Tvitter Baydenning g‘alaba qozongani e'lon qilingach, amaldagi AQSh prezidentini mazax qildi. Tvitterda «looser» (omadsiz) so‘zi yozilsa, qidiruvda birinchi bo‘lib Trampning akkaunti ko‘rinmoqda.

AQShning qator yirik nashrlari demokratlar vakili Jo Bayden prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganini e'lon qildi. Associated Press ma'lumotiga ko‘ra, Bayden allaqachon 284 ta ovoz bilan g‘olib bo‘lgan. Bayden Nevada, Arizona va Pensilvaniyada ustunlikka erishgani ma'lum. Uning o‘zi kamida 300 ta ovoz to‘plashiga ishonayotganini aytgandi.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Top