22:41 / 09.11.2020
40904
Armaniston-Ozarboyjon chegarasida Rossiyaning Mi-24 vertolyoti urib tushirildi

Rossiya qurolli kuchlariga tegishli Mi-24 vertolyoti Armaniston-Ozarboyjon chegarasida ko‘chma zenit-raketa majmuasidan urib tushirildi. Vertolyot Armaniston hududiga qulagan. Vertolyot ekipajining 2 a'zosi halok bo‘lgan, yana bir a'zosi yarador holda evakuatsiya qilingan. Bu haqda Rossiya mudofaa vazirligida ma'lum qilindi. 

Foto: Nataliya Fedosenko/TASS

“Bugun soat 18:39da Yerasx - Paruyr Sevak qishloqlari hududida daraga Rossiya vertolyoti qulab, yonib ketgani haqida xabar olindi. Voqea joyiga tezkor qutqaruv guruhi yo‘l olgan”, deb ma'lum qilingan xabarda.

Vertolyot Rossiyaning Armanistondagi harbiy bazasi avtokolonnasini bazaga kuzatib borgan. Vertolyot raketa teggach, boshqaruvi yo‘qotilib, tog‘li hududga qulagan.

Vertolyot qulagan Yerasx qishlog‘i Ozarboyjonning Naxichevan muxtor respublikasi bilan chegarada, Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida janglar borayotgan Tog‘li Qorabog‘dan 100 km olisda joylashgan. Shuningdek, u yerdan Turkiya va Erongacha 10 kmdan kamroq masofa bor. 

Ta'kidlanishicha, raketa Naxichevan tomondan otilgani taxmin qilinmoqda. 

Ayni vaqtda Rossiya harbiy bazasida vertolyotga kim raketa otganini aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Armaniston mudofaa vazirligi voqea tafsilotlarini o‘rnatishda Rossiya tomoniga yordam berishga tayyorligini bildirgan.

Mi-24 (Timsoh) vertolyoti jang maydonida qo‘shinni o‘t ochish bilan qo‘llab-quvvatlashga, desant tushirishga, transport vazifalarini bajarishga mo‘ljallangan. 

Rossiyaning Armanistondagi 102-harbiy bazasi Gyumri shahrida joylashgan. Kelishuvga ko‘ra, harbiy baza bu yerda 2044 yilgacha qoladi.

Mavzu
Ozarboyjon-Armaniston mojarosi
12 iyul kuni Ozarboyjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Barchasi
Top