22:35 / 09.11.2020
19906
Kasaba uyushmalari federatsiyasi GTL zavodidagi to‘polon bo‘yicha o‘z xulosalarini taqdim etdi

9 noyabr kuni Toshkentda Kasaba uyushmalari federatsiyasining 2016–2020 yillardagi faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda federatsiya raisi o‘rinbosari – mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Qobiljon Qirg‘izaliyev 21 oktabr kuni Qashqadaryoning G‘uzor tumanidagi «Uzbekistan GTL» zavodida yuz bergan ommaviy tartibsizlikka alohida to‘xtaldi.

Rais o‘rinbosarining aytishicha, tashkilot tomonidan ishchi guruh tuzilib voqea joyiga borilgan va uch kun davomida to‘polon sabablari o‘rganilgan. Natijada janjal kelib chiqishining bir nechta sabablari aniqlangan. Qirg‘izaliyev karantin sharoitida ishlash rejimi o‘zgarganini asosiy sabab sifatida keltirib o‘tdi.

«2016 yilda Qashqadaryoda yirik kimyo kompleksini qurish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Ma'lum sabablar bilan qurilish dastlabki yillarda sal sustroq kechgan. Keyingi 1 yildan oshiq vaqt davomida juda katta qurilish-montaj ishlari bajarilyapti.

Umumiy olganda, qurilishda 17 mingdan oshiqroq odam ishlashi kerak. Hozirda 13500dan ortiq ishchi ishlayapti. Buning 10 mingdan ko‘prog‘i – mahalliy ishchi-xodimlar, qolganlari xorijlik quruvchilar.

Voqea bo‘lganidan keyin biz katta guruh tuzdik-da, o‘sha joyga yetib bordik. 14ta savoldan iborat anketa tuzib, 3 kun davomida 1500ga yaqin ishchi bilan muloqot o‘tkazdik. To‘ldirilgan anketalarning hammasi bor. Muammo va kamchiliklarni aniqlashga harakat qildik.

Qobiljon Qirg‘izaliyev

Eng katta muammo – u yerda xodimlar ilgari 22 kun ishlab, 8 kun dam olish rejimida ishlagan, lekin pandemiya tufayli o‘sha rejim buzilgan. Ular ishda 60-70 kun qolib ketishgan. Tasavvur qiling, ish joyining atrofi o‘ralgan. Hech qayerga chiqish mumkin emas. To‘rtta post bor. Hech kimni kirgizmaydi ham, chiqarmaydi ham.

Ishchi-xodimlarni avtobusda olib kiradi – «propusknoy rejim». Yashash uchun 13400 kishilik shaharcha qurilgan. U yerda ham to‘rtta post bor. Kirish-chiqish mumkin emas. Lekin ichida barcha sharoitlar yaratilgan. Avtobus yashash joyidan ishga, ishdan yashash joyiga olib boradi. 60-70 kun davomida odamlar shu sharoitda yashashgan. Iloji yo‘q, hammaga kelgan to‘y. O‘sha yerda qolib ketishgan.

Bundan tashqari, 14 kunlik karantin joriy qilingan bo‘lib, ular ham shuncha vaqt karantinda saqlangan.

Kompaniya ishchi-xodimlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish uchun 5 mlrd so‘m sarflagan: ishchilarga test topshirish uchun sharoit yaratilgan; yengil shakldagi kasallar o‘sha yerda, og‘irroqlari shifoxonaga olib borilib, kompaniya hisobidan davolangan. Yashash joyida ham, ish joyida ham katta poliklinika bor.

130ga yaqin avtobus ularga xizmat ko‘rsatadi. Yotoq joyidan ishga olib boradi. Ba'zilarini tushlikka ham yotoq joyiga olib keladi.

Shunda 30taga yaqin avtobusni ichida sharoit ozgina og‘irroq. Masalan, konditsioner ishlamaydi yoki o‘rindiqlar yaroqsiz holga kelib qolgan va hokazolar. Bu ham ularning ruhiyatiga ta'sir qilgan.

Uchinchidan, 10ta ovqatlanish korpusi – oshxonalar bor. Bularga monoblok degan narsa o‘rnatilgan ekan. Bunda karta beriladi. Ishchi keladi. Monoblokka qo‘yadi. U yerdan chek olinadi. Chekni olib borib oshpazga uzatiladi. Keyin u ovqatini beradi.

Tasavvur qiling, mingta odam ovqatga navbatda turibdi. Har bittasini qo‘lida monoblok. Shu narsa odamlar 30-50 daqiqagacha navbatda qolib ketishiga olib kelgan.

Ertalabdan beton quygan inson 50 daqiqagacha qorni och qolib ketsa, bu, albatta, uning ruhiyatiga salbiy ta'sir qiladi», – dedi Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi o‘rinbosari.

Qirg‘izaliyevning so‘zlariga ko‘ra, oziq-ovqat va ish haqi bilan bog‘liq muammo kuzatilmagan. U bunday buzg‘unchilik kelib chiqishiga ish joyida o‘zaro ahil muhitning yaratilmagani ham sabab ekanini qayd etdi.

«Yana bir asosiy sababi – injyener-texnik xodimlar bilan ishchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabat ham yetarli darajada ijobiy tashkil etilmagan.

Janjal yuz bergan kuni ertalab soat 7:30da 500–600 nafar ishchi ovqatlangani kelgan. Monoblok buzilib qolgan. Navbat uzoq cho‘zilgan va shu sabr kosasi to‘lishiga oxirgi tomchi bo‘lgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bu masala bilan shug‘ullanishyapti. Kim shunga da'vat etganini aniqlash ishlari ketmoqda. Buni aniqlash shart.

Qonunda belgilangan tartibda o‘zining e'tirozini aytish kerak edi. Biz borib ko‘zimiz bilan ko‘rdik: 7–8ta oshxona ichidagi hamma narsani pachoqlab tashlashgan; kompyuterlarni, sovutadigan jihozlar, hattoki o‘zlariga tibbiy yordam ko‘rsatadigan tibbiyot punktini ham derazalarini sindirib ichkariga kirishgan. Hamma buyumlarni dabdala qilishgan. Ish bu darajaga yetishiga sabab bo‘lgan qanaqadir da'vatchilar bo‘lgan.

Biz o‘sha oshxonaning ovqatidan yeb ko‘rdik. Bunaqa ovqatni uyda ham ko‘pchilik odamlar yemaydi. Birinchi, ikkinchi ovqatlar va hokazolar bor. To‘polondan keyin yana osh ham qo‘shib berildi. Ovqatdan noliydigan joyi yo‘q.

Keyingisi, ish haqi. Borib hujjatlarni ko‘rib chiqdik. Hozir mehnat vazirligi buni ipidan ignasigacha tekshiryapti. Sentabr oyining ish haqi ham berib bo‘lingan ekan.

Ish haqi yoki ovqatdan norozilik yo‘q ularda.

Biz o‘zimiz qilgan ish haqida ikki og‘iz gapirsam. Birinchi navbatda 20ta yangi avtobus oldirib, ertasiga olib borib qo‘ydik o‘sha zavodga. Monoblokni bekor qildik. 22 kun ish, 8 kun dam olish rejimiga qaytdi. Ishchilar yashash joyida bir hafta – o‘n kunda savdo kompleksi quriladigan bo‘ldi. Sport bilan shug‘ullanish uchun qo‘shimcha zal ham qilinadigan bo‘ldi.

U yerda ishlayotgan 10 mingdan ortiq odamning 4-5 mingtasi kasaba uyushmalari a'zosi ekan. O‘sha yerning o‘zida zavod kasaba uyushmasini ham tuzdik. Hozir faoliyat olib boryapti. Muloqotdamiz. Vaziyat yaxshi. Odamlar ishlayapti, mehnatini qilyapti. Sharoitdan rozi», – deya ta'kidladi federatsiya rasmiysi.

Ayni paytda zavoddagi norozilik yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qashqadaryo IIB to‘polonda ishchilar zavod mol-mulkiga 480 million so‘m zarar yetkazgani haqida xabar bergan. Ma'lum bo‘lishicha, yuz bergan tartibsizliklarda mingga yaqin ishchi qatnashgan.

Top