14:14 / 09.11.2020
34341
MIB va bank xodimlari o‘rtasida mojaro yuz bergani aks etgan video tarqaldi. Tomonlar holat yuzasidan izoh berishdi

7 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Ipoteka bank»ning Yunusobod tumanidagi filiali yonida bank xodimlari va Majburiy ijro byurosi xodimlari ekani aytilgan bir necha kishi ishtirokida mojaro yuz bergani aks etgan video tarqaldi.

MIB axborot xizmati mazkur holat yuzasidan izoh berdi.

«Majburiy ijro byurosi Yunusobod tuman bo‘limi ish yurituvida, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 27.03.2020 yildagi 4-1001-2002/1354-sonli hamda 16.05.2020 yildagi 4-1001-2002/1354-sonli ijro varaqalariga asosan qarzdorlar «Benefit Trade Group» MChJ hamda «Express Rental» MChJdan undiruvchi AITB «Ipoteka bank» Yunusobod filiali foydasiga qarzdorlik undirish hamda undiruvni qarzdor jamiyatlarga tegishli bo‘lgan 43 turdagi avtotransport vositalariga qaratish belgilangan ijro hujjati mavjud.

Bu ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga 15.06.2020 yilda kelib tushgan va shu kuni ijro ishi yurituvini qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilingan hamda qarzdorlar tomonidan belgilangan ixtiyoriy muddatda qarzdorlik qoplanmaganligi sababli «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunga asosan garov mulklari bo‘lgan avtotransport vositalariga nisbatan qidiruv e'lon qilingan.

Majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor jamiyatlarga tegishli bo‘lgan jami 13 turdagi avtotransport vositalari xatlanib, 6tasi «Elektron-onlayn auksion» DUKga chiqarilib realizatsiya qilingan.

Shuningdek, qolgan 7 turdagi avtotransport vositasi xatlanib saqlash uchun AITB «Ipoteka bank» Yunusobod filiali xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 233-moddasi bilan ogohlantirilib topshirilgan.

Shuningdek, Toshkent shahar Iqtisodiy sudi kassatsiya instansiyasining 17.09.2020 yildagi qaroriga asosan Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudining 2020 yil 24 fevraldagi qarori bekor qilingan hamda Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudining 28.10.2020 yildagi ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimga asosan shu sudning 4-1001-2002/1354-sonli qarori bekor qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, saqlash uchun topshirilgan mol-mulklar egalariga qaytarilishi belgilangan.

06.11.2020 yilda AITB «Ipoteka bank» Yunusobod filiali xodimlariga saqlash uchun topshirilgan avtotransport vositalarini qarzdorlarga qaytarish ijro harakatlari olib borilayotgan vaqtda bank xodimlari tomonidan qarshilik ko‘rsatilgan.

Mazkur holat bo‘yicha ijro harakatlariga qarshilik ko‘rsatgan shaxslarga nisbatan huquqiy chora ko‘rish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Ko‘rilgan chora yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot beriladi», deyiladi MIB axborot xizmatining Kun.uz saytiga bergan xabarida.

«Ipoteka bank» axborot xizmati ham holat yuzasidan izoh bergan.

«Ipoteka bank» ATIB Yunusobod filiali va «BENEFIT TRADE GROUP» MChJ o‘rtasida 2018 yil may oyida kredit shartnomasi imzolangan bo‘lib, ushbu kredit shartnomasiga asosan «BENEFIT TRADE GROUP» MChJga jami 34ta avtotransport vositalari sotib olish uchun 36 oy muddatga kredit ajratilgan. Shuningdek, kredit mablag‘i hisobiga sotib olingan avtotransport vositalari to‘liq garovga qo‘yilgan.

Ajratilgan kredit to‘lovlari «BENEFIT TRADE GROUP» MChJ tomonidan o‘z vaqtida to‘lanmagani sababli filial tomonidan 2020 yil fevral oyida kredit qarzdorlik o‘z vaqtida qaytarilmayotgani inobatga olinib, kredit to‘lovlarni undirish maqsadida garovdagi mol-mulklarga qaratish bo‘yicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo arizasi kiritilgan.

Sud tomonidan 2020 yil 16 fevral kuni kredit bo‘yicha qarzdorliklarni so‘ndirish uchun avtotransport vositalar undiruviga qaratish bo‘yicha qaror qabul qilingan hamda ijrochilar tomonidan avtotransport vositalari xatlangan.

Keyinchalik «BENEFIT TRADE GROUP» MChJ tomonidan avtotransport vositalari fuqarolarga o‘rnatilgan tartibda notarial tasdiqlanmagan va davlat ro‘yxatidan o‘tmagan shartnomalar asosida ijaraga berilgani aniqlanib, ushbu fuqarolar murojaatlari asosida, 2020 yil 28 oktabr kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi ishni yangi ochilgan holat bo‘yicha ish qayta ko‘rib chiqib, fuqarolarni ishga uchinchi shaxs sifatida jalb qilgan va ish fuqarolik sudida ko‘rib chiqish uchun taalluqli bo‘lgani sababli Iqtisodiy sudda ishni ko‘rib chiqish tugatilgan. Bank tomonidan bugungi kunda yuqoridagi qarzdorga ajratilgan kreditni sud tartibida garov mulklari hisobidan undirish ishlari davom etmoqda.

2020 yilning 6 noyabr kuni majburiy ijro byurosi xodimi bank filialiga avtotransport vositalarini majburiy ijro byurosiga qaytarish yuzasidan murojaat qilgan.

Shuningdek, ushbu vaqtda «BENEFIT TRADE GROUP» MChJga tegishli bo‘lgan va bankka garovga qo‘yilgan (taqiqda bo‘lgan) avtotransport vositalarini o‘rnatilgan tartibda notarial tasdiqlanmagan va davlat ro‘yxatidan o‘tmagan shartnomalar asosida ijaraga olgan shaxslar ham bank filialiga tashrif buyurishgan hamda ularda avtotransport vositalariga nisbatan egalik qilish huquqi bo‘lmasa-da, avtoransport vositalarini aynan ularga qaytarib berishni asossiz talab qilishgan.

Bank xodimlari tomonidan fuqarolarga barcha avtotransport vositalari faqat majburiy ijro byurosiga qonuniy tartibda topshirilishi mumkinligi haqida tushuntirish berilgan.

Biroq, fuqarolar tomonidan jamiyatda yurish-turish qoidalariga rioya etilmasdan, jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi xatti-harakatlar sodir qilingan. Holat bankda o‘rnatilgan videokameralarga to‘lig‘icha tasvirga olingan.

Holat yuzasidan ichki ishlar organlariga o‘rnatilgan tartibda murojaat qilingan bo‘lib, natijalari yuzasidan qo‘shimcha axborot berilishini ma'lum qilamiz.

O‘z navbatida, Fuqarolik kodeksining 565-moddasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan avtomototransport vositalarini ijaraga berish shartnomasi notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, fuqarolarimizdan avtomototransport vositalarini xarid qilishda tuzilayotgan bitimlar albatta notarial tartibda tasdiqlanishini talab qilishlarini so‘raymiz. Firibgarlarga aldanib qolmang!», deyiladi bank axborot xizmati xabarida.

Top