21:05 / 09.11.2020
16137

Ozarboyjonlik harbiylar Tog‘li Qorabog‘ poytaxtiga yaqinlashib qolgani ma'lum qilindi 

Ozarboyjonlik harbiylar Tog‘li Qorabog‘ poytaxti Stepanakert ostonalarida turgani ma'lum qilindi. Bu haqda Tog‘li Qorabog‘ respublikasi prezidentining matbuot kotibi Vagram Pogosyan xabar qildi. 

Foto: RIA Novosti

“Dushman Stepanakert ostonalarida turibdi va poytaxtning taqdiri xavf ostida qoldi. Agar Shusha yana bizniki bo‘lishini, Arsax (Tog‘li Qorabog‘) saqlanib qolishini istasak, Stepanakert va front chizig‘ining qolgan yo‘nalishlarining ishonchli mudofaasini tashkillashtirish uchun bor kuchimizni ishga solishimiz lozim”, deb yozgan Pogosyan feysbukda.

Ozarboyjon Mudofaa vazirligi bo‘shab qolgan Shusha shahridan video e'lon qilgan.

Avvalroq Pogosyan Tog‘li Qorabog‘ qurolli kuchlari respublikaning ikkinchi raqamli yirik shahri – Shushani boshqa nazorat qilmayotganini ma'lum qilgan. Tog‘li Qorabog‘ tomonining bu bayonoti Ozarboyjon Mudofaa vazirligi Shushaning ishg‘ol qilingani videosini e'lon qilgandan keyin yangragan. Videoda Shusha ko‘chalari bo‘shab yotganini, u yerda ozarboyjonlik harbiylardan boshqa hech kim yo‘qligini ko‘rish mumkin.

Biroq keyinroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Stepanakertdan 11 km uzoqlikda joylashgan Shusha uchun janglar davom etayotganini aytgan.

“Shusha uchun janglar davom etmoqda”, deb yozgan Pashinyan feysbukda.

8 noyabrda Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev Shushaning va Tog‘li Qorabog‘dagi yana 20dan ko‘proq aholi punktining “ozod qilingani”ni ma'lum qilgandi. Uning ta'kidlashicha, Ozarboyjon armiyasi sentyabr oxirida boshlangan jangovar to‘qnashuvlar davomida Tog‘li Qorabog‘dagi 200dan ko‘proq aholi punktini egallagan.   

Mavzu
Qorabog‘ urushi
12 iyul kuni Ozarboyjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Barchasi
Top