16:10 / 09.11.2020
25617
Putin birdaniga besh nafar vazirni ishdan bo‘shatdi

Hukumat rahbari Mixail Mishustin Energetika vazirligidan ozod qilingan Aleksandr Novakni Bosh vazirning 10-o‘rinbosari etib tayinlashni taklif qildi.

Foto: Alexei Druzhinin /DPA

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 9 noyabr kuni birdaniga besh nafar vazirni lavozimidan ozod qildi.

Putinning farmoni bilan tabiat resurslari va ekologiya vaziri Dmitriy Kobilkin, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Vladimir Yakushev, Transport vaziri Yevgeniy Ditrix, energetika vaziri Aleksandr Novak va Uzoq Sharqni rivojlantirish vaziri Aleksandr Kozlov lavozimidan ozod etildi.

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin Kozlovni Tabiat vaziri etib tayinlash taklifini berdi. U shuningdek, Energetika vazirligiga “Rusgidro” rahbari Nikolay Shulginovni, Transport vazirligiga “Aeroflot” rahbari Vitaliy Savelevni, Qurilish vazirligiga ushbu vazirlikning birinchi o‘rinbosari Irek Fayzullinni hamda  Uzoq Sharqni rivojlantirish vazirligiga Uzoq Sharqni rivojlantirish fondi boshlig‘i Aleksey Chekunkovni rahbar etib tayinlash to‘g‘risida Dumaga taklif kiritdi.

Mishustin Energetika vazirligidan ozod qilingan Aleksandr Novakni Bosh vazirning 10-o‘rinbosari etib tayinlashni taklif qildi. Shu paytga qadar Rossiya hukumati rahbarining o‘rinbosarlari to‘qqiz nafar edi.

Putin qurilish vazirligidan bo‘shatilgan Yakushevni o‘zining Ural federal okrugidagi siyosiy vakili etib tayinladi.

Top