20:46 / 09.11.2020
6865

Zelenskiy koronavirusga chalindi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy koronavirus yuqtirib oldi. Ukraina prezidenti ofisi matbuot xizmati xabar qilishicha, Zelenskiy hozirda o‘zini yaxshi his qilmoqda va vazifasini bajarishda davom etmoqda, ayni vaqtda u o‘zini ihotalagan.

Prezident saytida xabar qilinishicha, Zelenskiy 9 noyabr kuni COVID-19 tarqalishiga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ishtirok etgan.

Prezident ofisi xodimlari doimiy ravishda koronavirusni aniqlash testlari topshirib kelishmoqda. Ofis rahbari o‘rinbosari Yuliya Kovalivning testi natijasi manfiy chiqqan.

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, Ukrainada shu vaqtga qadar 474 245 zararlanish holati aniqlangan, shundan 9 647 holat so‘nggi bir kunda qayd etilgan. Ukraina aholisi soni qariyb 42 million kishini tashkil etadi.

Avvalroq Ukrainaning sobiq bosh vaziri, «Batkivshchina» partiyasi yetakchisi Yuliya Timoshenko ham koronavirusdan zararlangandi. Timoshenko avgust oyi oxirida kasallangan, uni shifoxonaga yotqizishga to‘g‘ri kelgandi. Sentabr oyi o‘rtalariga kelib u kasallikdan tuzalib chiqqani ma'lum bo‘ldi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top