21:04 / 10.11.2020
7043

Abdulla Azizov: «Bu yil «103» tez tibbiy yordam raqamiga 10 milliondan oshiq murojaatlar kelib tushdi»

2020 yilda «103» tez tibbiy yordam raqamiga 10 milliondan oshiq murojaatlar kelib tushgan. Shundan 800 mingdan ortig‘i Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov yangi 103 avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimida faol ishlagan tez tibbiy yordam podstansiyalarini taqdirlash marosimida ma'lum qildi.

Tez tibbiy yordam tizimi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va «BePro» dasturchilar markazi o‘zaro hamkorlik loyihasiga qo‘l urgan.

Loyihani Jahon banki moliyalashtirgan. «Tez tibbiy yordam xizmati faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish» maqsadida qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish va qayta ishlashni avtomatlashtirish, ma'lumot almashish va tez tibbiy yordam brigadalarini boshqarish bo‘yicha shoshilinch tibbiy yordamning markazlashtirilgan axborot tizimi kursi tematik takomillashtirish bo‘yicha o‘qitish o‘tkazildi va kurslarni tamomlagan mutaxassislarga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi va «BePro» dasturchilar markazi ishtirokida yangi 103 axborot tizimi avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimida faol ishlagan tez tibbiy yordam podstansiyalari taqdirlandi.

Hozirda Toshkent shahar tez tibbiy yordam xizmati tomonidan yangi 103 axborot tizimi avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi uchun quyidagilarni ta'minlashga imkon beradigan dasturiy apparat kompleks joriy etilgan:

  • Qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish, xizmat ko‘rsatish va ro‘yxatdan o‘tkazishni boshqarishning samarali mexanizmi;
  • Tez tibbiy yordam avtomashinalarini boshqarishni nazorat qilish, monitoring qilish va optimallashtirish;
  • Dispetcherlik xizmatini real vaqtda boshqarish, tahlil, ma'lumotnoma va hisobotlarni avtomatik yaratish;
  • Yagona ma'lumotlar bazasi shakllantirish;
  • Qo‘ng‘iroqlarni tezkor ro‘yxatdan o‘tkazish va bemor haqida ma'lumot olish;
  • Hisobot hujjatlarini yaratish, ko‘rish kabi imkoniyatlar yaratildi.

«Vazir o‘rinbosarining aytishicha, bir marta olingan ma'lumotlar tizimda elektron tarzda brigadaga to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatiladi va bu bilan vaqtning bir necha marta kamayishiga olib keladi. Bu tizim o‘rnatilishidan avval esa chaqiriq xaqidagi barcha ma'lumotlar avval dispetcher tomonidan qog‘ozga tushirib olinar edi. Shundan so‘ng, telefon orqali brigadalarni yo‘naltiruvchi ikkinchi dispetcherga aytilib, u ham qog‘ozga yuqoridagi ma'lumotlarni qayta tushirib, brigadaga shu ikkinchi marta to‘ldirilgan qog‘oz bilan xabar uzatar edi.

Qolaversa, yangi tizim orqali chaqiriqdan bo‘sh bo‘lgan va chaqiriq manziliga eng yaqin bo‘lgan tez tibbiy yordam brigadasiga xabar uzatish imkoni yaratilgan va ularning harakati onlayn kuzatib boriladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid
Top