10:30 / 10.11.2020
38475
Bosh prokuror bankdagi noqonuniy sxema va «o‘yin»larni tanqid qildi. Bank rahbarlari bunga munosabat bildirishdi

O‘tgan ikki yil mobaynida banklarning 166 nafar mansabdor shaxslari korrupsiyaviy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan. O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosari, yirik banklar raislari ushbu masalaga munosabat qildi.

7 noyabr kuni o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan idoralararo yig‘ilishda bank tizimida mablag‘larni talon-toroj qilish, bank xizmatlarini ko‘rsatish, ayniqsa, kredit ajratishdagi suiiste'molchilik holatlari tanqid ostiga olingan.

«Mamlakat iqtisodiy taraqqiyotida banklar faoliyati, ta'bir joiz bo‘lsa, hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Lekin barcha banklar mutasaddilari hali islohotlar mazmunini tushunib yetmagan ko‘rinadi. Aksincha, bank xizmatlarini ko‘rsatish, ayniqsa kredit ajratishda suiiste'molchilik, tamagirlik va mablag‘larni talon-toroj qilish holatlari odat tusiga aylanib qolgan», — dedi bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Yo‘ldoshevning ma'lum qilishicha, so‘nggi ikki yilda korrupsiya va mansabdorlik jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan 166 nafar bank amaldorining 13 nafari «Ipoteka bank», 25 nafari «Milliy bank», 26 nafari «Mikrokreditbank», 38 nafari «Agrobank» va 49 nafari «Xalq banki» xodimi bo‘lgan.

«Aholining ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash uchun turli ijtimoiy loyihalarga budjet mablag‘lari banklar orqali ajratilmoqda. Lekin bunday mablag‘lar haqiqiy egalarga yetib bormay, ayrim bank mansabdor shaxslarining o‘ljasiga aylanmoqda. Birgina «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida so‘nggi ikki yilda aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan 1 milliard 700 million so‘mdan ortiq imtiyozli kredit bank mansabdor shaxslari tomonidan ochiqchasiga talon-toroj qilingan. Masalan, «Milliy bank»ning Shahrixon filiali rahbari Rahmatullayev va kassir Jumaboyeva 19 nafar fuqaro nomiga qalbaki hujjatlar tayyorlab, 378 million so‘mni shaxsiy manfaatlari uchun o‘zlashtirib yuborgan. Umuman 85 milliard so‘m mablag‘ bankirlar tomonidan bevosita talon-toroj qilingan», — dedi Yo‘ldoshev.

Bosh prokurorga ko‘ra, kredit ajratish va uning sarflanishini monitoring qilish borasidagi suiiste'molchilik va ko‘zbo‘yamachiliklar 42 milliard so‘m kreditning maqsadsiz ishlatilishiga olib kelgan. Banklar faoliyatiga turli aralashuvlarni cheklash maqsadida ularni tekshirish amaliyoti keskin qisqargan. Ma'lumot almashinuvida ham bank siriga oid hujjatlar talablariga to‘liq rioya qilinmoqda.

«Yaratilgan bunday qulaylik va sharoit korrupsiyani bartaraf etishga xizmat qilishi kerak emasmi? Amalda esa buning aksi kuzatilmoqda. Markaziy bank va uning hududiy boshqarmalari qayd etilgan qonun buzilishi holatlariga o‘ta loqayd va mas'uliyatsizlik bilan munosabatda bo‘lishmoqda. Jumladan, ular tomonidan so‘nggi ikki yilda tijorat banklarining 360 filialida o‘tkazilgan tekshirishlar natijasi bo‘yicha huquq-tartibot organlariga birorta ham material yuborilmagan. Vaholanki, ushbu davrda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bank mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan 100dan ortiq jinoyatni aniqlagan. Markaziy bank va uning quyi tarmoqlari banklarda yuz berayotgan «o‘yinlar» va noqonuniy sxemalardan bexabarmi? Yoki ularni aniqlashga malaka va tajriba yetishmaydimi? Yoxud buning boshqa sabablari bormi?» — deya qo‘shimcha qildi Yo‘ldoshev.

Farhod Salomov

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilish ishtirokchilari — «Xalq banki», «Ipoteka bank» va «Agrobank» rahbarlari Nig‘matilla Yo‘ldoshevning tanqidlariga munosabat qilishdi. Xususan, «Xalq banki» boshqaruv raisi Farhod Salomov 49 nafar bank xodimining korrupsiyaviy jinoyatga qo‘l urishini quyidagicha izohladi.

«Bunga pensiya tarqatuvchi xodimlarimizning mas'uliyatni his etmasligi sabab bo‘lgan. Jinoyatlarni sodir etilishiga imkon bergan sharoitlarni o‘rganib chiqib, ichki nazorat tizimini qayta ko‘rib chiqqanmiz. Kreditlash tizimida nazorat sust ekanini aniqladik, buni yanada kuchaytirish ustida ishlayapmiz», — dedi u.

Rustam Mamatqulov

«Agrobank» boshqaruv raisi Rustam Mamatqulov ham munosabat bildirdi.

«Asosiy masala kredit ajratishda qonun buzilish holatlari yuz beryapti. Shuning uchun inson omilini kamaytirib, kreditni onlayn ajratishni targ‘ib etyapmiz. Shuningdek, anderrayting tizimini yo‘lga qo‘yishni o‘rganyapmiz. Ikki yilda 103 mingdan ko‘p fuqaroga kredit ajratganmiz. Hajm katta, shtatlarni kengaytirdik», — dedi u.

Shuhrat Otaboyev

«Ipoteka bank» raisi Shuhrat Otaboyev Qoraqalpoq filialida 103 million so‘mni kirim qilmay, talon-toroj qilingani holatiga izoh berdi.

«Ming afsuski, shunday holat uchrab turibdi», — dedi va uning so‘zlarini bosh prokuror to‘xtatdi. Nig‘matilla Yo‘ldoshev masalaga Markaziy bank raisi o‘rinbosarining munosabati so‘radi.  

«Korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha Markaziy bank tomonidan yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Bu yo‘nalishda tijorat banklarga ko‘rsatma berilgan. Ularga ta'sischi va aksiyadorlari bilan kelishilgan holda, yo‘l xaritasini qabul qilishi, natijasi bo‘yicha Hisob palatasi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga axborot berishi to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan. Aytilgan holatlarning bank tizimida yuzaga kelishiga sabab inson omili bo‘lsa, uni kamaytirish uchun axborot texnologiyalardan tizimda ko‘proq foydalanishga e'tibor qaratilmoqda. Bunda inson omili ishtirok etmagan, belgilangan hujjatlar taqdim etganda, kompyuter o‘zi kredit ajratish bo‘yicha qaror qabul qiladigan — modulli kreditlar tizimini keng joriy etish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

Saidqahhor Xolxo‘jayev

Bundan tashqari, bankda anderrayting tizimiga o‘tish jadallashmoqda. Ya'ni mijoz tumanlarda turib, kredit uchun hujjatlarni topshirganda, bank xodimi mijoz bilan bevosita aloqa qilmaydi. Balki to‘plangan hujjatlarni respublikadagi anderrayting xodimiga yuboradi. Bu ham korrupsion omillarni kamaytiradi», — dedi Saidqahhor Xolxo‘jayev.

Yig‘ilishda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, Markaziy banki raisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlab, keyinroq «Xalq banki» hamda «Mikrokreditbank»ka rahbarlik qilgan Murodilla Eshmatovning korrupsiyaviy kirdikorlari haqida gapirib bergan.

Top