09:02 / 10.11.2020
1787
IT-parkning faoliyat yuritish tartibi takomillashtirildi
Foto: IT-park

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 yil 15 iyuldagi 589-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek Hukumatning ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
 
Hujjatda IT-parki Direksiyasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish doirasida malakali mutaxassislarni, shu jumladan chet ellik mutaxassislarni maslahatchi sifatida shartnoma asosida tender savdolari o‘tkazmasdan jalb qilishga, istisno tariqasida, ruxsat beriladi. Endi Direksiya shtatlar jadvalini mustaqil ravishda ishlab chiqishi va tasdiqlashi, xodimlar mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish shartlarini bajariladigan ishlarning murakkablik darajasi, sifati va hajmiga nisbatan tabaqalashtirilgan tarzda belgilashi mumkin.
 
Norma’ning yozishicha, qaror bilan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritiladigan o‘zgartirishlar tasdiqlandi. Ularda Texnoparkni tashkil etishni takomillashtirish, yuridik shaxslarni rezident sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish, ular uchun soliqlarni hisoblash, bojxona taomillari, soliq imtiyozlaridan foydalanish tartibi, shuningdek istiqbolli startap-loyihalarni tanlab olish va moliyalashtirish tartibi belgilandi.
 
Texnopark rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar bilan ishlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha band kiritildi. ITni rivojlantirish sohasida eksterritoriallik prinsipi asosida maksimal darajada qulay sharoitlarni yaratish uchun rezidentlar respublikaning butun hududida joylashtiriladi.
 
Texnopark rezidentlarining maqomi bilan tanishish, Direksiya va uning rezidentlarining o‘zaro aloqada bo‘lishi uchun yuridik shaxslarning hujjatlari, shu jumladan hisobotlar, xulosalar, biznes-rejalar va boshqa hujjatlardan foydalanish uchun Direksiyaning rasmiy sayti ochiladi.

Ekspert kengashining nizomi aniqlashtiriladi: u Direksiya huzurida tashkil etilgan organ bo‘lib, rezident maqomini olish uchun ariza bergan yuridik shaxslar va rezidentlarning biznes-rejalarini tahlil qilish maqsadida vazirliklar va idoralar, ilmiy muassasalar, oliy ta'lim muassasalari malakali mutaxassislari va boshqa mutaxassislardan tashkil topadi. Ekspert kengashining faoliyat yuritish tartibi Direksiya tomonidan belgilanadi.
 
Qarorda moliyalashtirish manbalari belgilangan. Moliyalashtirish quyidagi manbalar hisobiga amalga oshiriladi:

Texnopark rezidentlarining Direksiyaga har oylik jami daromadidan 1 foiz miqdorida o‘tkaziladigan ajratmalari;

xizmatlar ko‘rsatishdan olingan daromadlar;

Direksiyaga biriktirilgan ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olinadigan daromadlar;

xalqaro moliya tashkilotlari va institutlarining grantlari va kreditlari;

startap-loyihalarni venchur moliyalashtirish natijasida olingan daromadlar;

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining tarkibiy bo‘linmalari mablag‘lari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
 
Qabul qilingan hujjatda Texnopark Direksiyasining rezidentlarni ro‘yxatga olish ishini tashkil etishning takomillashtirilgan sxemasi keltirilgan. Arizalarni ko‘rib chiqish va turli taomillar muddatlari qayta ko‘rib chiqilgan va ancha qisqartirilgan.

Top