17:28 / 10.11.2020
12691

Mehnat muhojirining pensiyasi miqdori u to‘lagan ijtimoiy soliqqa bog‘liq bo‘lishi ma'lum qilindi

Mehnat muhojirlariga xorijda ishlagan davrini ham rasmiy ish stajiga qo‘shish imkoniyati berilmoqda. Ular ko‘proq pensiya olishni istasa, ko‘proq ijtimoiy soliq to‘lashlari mumkin.

2021 yildan boshlab, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga tenglashtiriladi va ularga o‘z ixtiyorlariga ko‘ra chet elda ishlagan davri uchun ham pensiya hisoblanishi mumkin. Pensiya hisoblanishini istagan mehnat muhojirlari ijtimoiy soliq (0,5 BHM – 111 500 so‘m) to‘lab borishi lozim bo‘ladi.

Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Abror Xolmatovning so‘zlariga ko‘ra, mehnat muhojiri pensiyaga chiqqanida u oladigan pensiya miqdori to‘lagan ijtimoiy solig‘i miqdoriga bog‘liq.

«Pensiya miqdorini fuqaroning o‘zi belgilaydi. Agar fuqaroga pensiya ko‘proq kerak bo‘lsa, pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy tarzda ko‘proq ijtimoiy soliqlarni to‘lagan taqdirda, ushbu fuqaroning pensiyasi miqdori ham ko‘proq bo‘ladi. Ijtimoiy soliqning eng kam miqdori belgilab qo‘yilgan, lekin eng yuqori miqdori belgilanmagan. Misol uchun, fuqaro 10 million so‘m ijtimoiy soliq to‘laydigan bo‘lsa, shu summadan kelib chiqib pensiya miqdori belgilanadi.

Respublika bo‘yicha 3,6 milliondan ortiq fuqaro pensiya oladi va 3,6 milliondan ortiq pensiya miqdorlari mavjud. Har bir fuqaroga individual yondashiladi: bu fuqaro hozir buncha ijtimoiy soliq to‘lasa, pensiyasi qancha bo‘ladi, degan savolga hech qaysi mutaxassis javob bera olmaydi, sababi birinchi navbatda fuqaroning ish staji hisoblanadi, undan kelib chiqqan holda to‘lagan ijtimoiy soliqlari hisob-kitob qilinadi», – dedi Abror Xolmatov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Abror Xolmatov

O‘zbekistonda yoshga doir pensiya fuqaroning o‘rtacha oylik ish haqining 55 foizi miqdorida belgilanadi. Ammo bu miqdor yoshga doir eng kam pensiya miqdori (hozirda 513 350 so‘m)dan kam bo‘lmasligi kerak.

«Misol uchun, bir fuqaro chet elda, deylik Rossiyada ishlab keldi. U (erkak) 25 yillik ish stajiga ega, ya'ni ijtimoiy sug‘urtalangan ish staji bor. Bundan tashqari, chet elda ishlagan 5 yillik ish staji ham bor. Pensiya jamg‘armasiga to‘lanadigan ixtiyoriy ijtimoiy to‘lov summasining yuqori pog‘onasi belgilanmagan, minimumi belgilangan. Kami bilan buncha to‘laysan, ko‘pi bilan xohlaganingcha to‘lagin, deb qo‘yganmiz.

Fuqaroning o‘zi uchun pensiya ko‘proq kerakmi? Marhamat, pulingiz bormi, 111 ming so‘m emas, 1 mln so‘m to‘lang. Albatta, 1 mln so‘m to‘lagan (chet elda ishlab kelgan) fuqaroning pensiyasi bilan 111 ming so‘m to‘lagan fuqaroning pensiyasi farqli bo‘ladi», – deya tushuntirdi Xolmatov 9 noyabr kungi matbuot anjumanida.

Top