19:35 / 10.11.2020
15195

«Mehribonlik uyi – kam ta'minlangan oila farzandlari yashaydigan joy emas» - Dilshod Kenjayev

9 noyabr kuni Toshkentda Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev mehribonlik uylaridagi ayrim muammolar haqida gapirdi.

Dilshod Kenjayevning so‘zlariga ko‘ra, tizimdagi og‘riqli muammolardan biri – ko‘plab kam ta'minlangan oilalar farzandlarini mehribonlik uylariga tashlab ketayotganidir. Shuningdek, mehribonlik uyidagi bolasiga uy va yordam pullari berilgach, ularning ota-onalari qaytib kelib, yana u bilan bir oila bo‘lib yashayotgan holatlar ko‘p uchramoqda.

«Mehribonlik uyi – kam ta'minlangan oila farzandlari yashaydigan joy emas. Ozodlikdan mahrum etilganlar farzandlarini, mayli, uch yil, to‘rt yil, balki besh yil bo‘lar, ushlab turamiz. Nogiron oilalar farzandlarini ham ularga yordam sifatida boqib, tarbiyalaymiz. Lekin kam ta'minlangan oilalar farzandlarini bu yerga tashlab ketishi noto‘g‘ri. Axir, farzand dunyoga keldimi, ota-ona uni boqishi kerak-ku!

Ertangi muammo nimada? Xo‘p, biz bu bolalarga mehr berarmiz, katta qilarmiz va ishga ham o‘rgatarmiz, lekin ular oila nimaligini, ota-ona kimligini bilishmayapti.

Ertaga farzand ko‘rsa, kechirasizlar-u, hatto uni emizishni ham bilmayapti u yerda o‘sgan qizlarimiz. Chunki bu narsalarni mehribonlik uyida o‘rgata olmaymiz. Oilada o‘rganadi bularning hammasini. Chaqaloqning beshigini tebratishni oilada o‘rganadi. Biz mehribonlik uyiga chaqaloq olib kelib, u yerdagi qizlarga beshik tebratishni o‘rgata olmaymiz.

Dilshod Kenjayev 

Bizni qiynayotgan narsa – yarim yetimlar: otasi yoki onasi vafot etganlar. Ularning soni hozirda 506 nafar. Ya'ni ularning ham otasi yoki onasi bor.

Bizni bundan-da qiynayotgan masala, 770 nafar bola otalik va onalik huquqidan mahrum etilganlarning farzandlaridir. Bu bolalar 11-sinfni bitirganidan keyin, yetim bolalar statusiga tushadi. Shu sabab ularga beriladigan barcha imtiyozlardan foydalanishadi. Uy olganidan keyin ularning ota-onasi yana qaytib kelyapti.

Bunday holat, ayniqsa, Jizzax viloyatida juda ko‘p kuzatilmoqda. Ota-ona tirik, ammo farzand boqishni xohlamaydi. Uni mehribonlik uyiga berib qo‘yyapti. Bola katta bo‘lib, o‘qishga kirib, uy olganidan keyin, yana o‘qishni bitirib BHMning 105 barobari (23,4 mln so‘m) yordam pulini olganidan so‘ng, oila birlashib ketyapti.

Hozirda [Qashqadaryo viloyati] Qamashi tumanidagi mehribonlik uyida 76 nafar bola bo‘lsa, shundan 11 nafari – chin yetim. 26 nafari – kam ta'minlangan oilalar farzandlari, ularning ota-onasi hayot. 15 nafari – ota-onalik huquqidan mahrum bo‘lgan oilalar farzandlari, bularning ham ko‘pchiligining ota-onasi hayot.

Masalan, Kitob tumanidagi mehribonlik uyida 68 nafar bola tarbiyalanadi. Shundan 12 nafari chin yetim, 20 nafari esa kam ta'minlangan oilalar farzandlari. Bu bolalar o‘zining oilasida yashashi kerak.

Oxirgi paytlardagi imtiyozlar ko‘pchilikning ko‘zini parda bilan to‘sib qo‘yganga o‘xshaydi. U o‘ylaydiki, bolasini mehribonlik uylariga olib borsa, o‘sha imtiyozlardan foydalanadi. Bolasini o‘sha yerga berish orzu-havas bo‘lib qolyapti», – dedi xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari.

Dilshod Kenjayev kam ta'minlangan oilalar farzandlarini mehribonlik uyiga tashlab ketishi, ko‘p insonlar yetim qolgan bolani to‘g‘ri mehribonlik uyiga olib kelishi kabi masalalarga bir nechta yechimlar keltirdi.

Uning aytishicha, birinchi yechim – bandlikni ta'minlashda. Ikkinchisi, hokimiyatning qaror qabul qilish yo‘nalishini o‘zgartirishda. Ya'ni mehribonlik uyiga kelgunicha ham bolani tarbiyalashga topshirishning bir necha bosqichlari borligini tushuntirish zarur.

«Mehribonlik uyiga joylashtirish birinchi navbatda hokim qarori asosida bo‘ladi. Hozirda 235 nafar kam ta'minlangan oila farzandlari mehribonlik uylarida yashamoqda. Ularning otasi ham, onasi ham bor. Agar biz mas'ul idoralar bilan birgalikda ularni ish bilan ta'minlab iqtisodiy jihatdan yordam beradigan bo‘lsak, bu bolalar ham o‘z uyida tarbiyalanadi.

Aslida, mehribonlik uyida juda ham kam sonli bolalar bo‘lishi kerak. Bizda bolani yetim qolsa, qayerga jo‘natish bo‘yicha 5ta yo‘nalish mavjud. Birinchisi – vasiylik va homiylik. Agar bola 14 yoshgacha bo‘lsa, uni qarindoshi yoki qo‘shnisiga homiylikka beriladi; agar 14 yoshdan yuqori bo‘lsa, vasiylikka beriladi.

Keyingi variant – bu farzandlikka berish. Bugungi kunda bizning vasiylik va homiylik organlarimizda 66 ming bola ro‘yxatda turibdi. Shuning 32 ming nafari farzandlikka berilgan.

Yana bir yo‘nalish, bu – patronat. Ya'ni ma'lum bir oila yetim qolgan bolani mehribonlik uyidan o‘z tarbiyasiga olsa, unga davlat tomonidan har oyda 855 ming so‘mdan pul to‘lab beriladi. O‘ylab qaralsa, qishloq joyda ana shuncha pulni ishlab topishni o‘zi bo‘lmaydi.

Agar yuqoridagi yo‘nalishlarda joy topilmasa, shundagina bolani mehribonlik uyiga joylashtirishimiz kerak. Ming afsuslar bo‘lsinki, hokimiyatimiz birinchi navbatda ana shu oxirgi yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlayapti.

Bitta bolani mehribonlik uyida tarbiyalash bir oyda 2,5 mln so‘mga tushadi. Patronatga bersak, 855 ming so‘m. Unisiyam, bunisiyam davlat budjetidan ketyapti. Qaysi biri bizga ma'qulroq? Bu yerda gap faqatgina arzonligida emas, bola oilada tarbiya olgani ma'qulroq. Chunki oilada bola otani ko‘ryapti, onani ko‘ryapti, birga bozorga boryapti, birga mahallaga chiqyapti. Albatta, bu jarayonlar uning ta'lim-tarbiyasida o‘zini ijobiy ta'sirini ko‘rsatadi. Mehribonlik uyida esa unday emas. U yerda jamoa bo‘lib yashashyapti. Albatta, ular bitirganidan keyin hayotga ko‘nikishi juda qiyin bo‘lyapti.

Biz mehribonlik uyi bolalarini boshqa bolalardan ajratmaymiz. Kiyimini ham barcha o‘quvchilar bilan bir xil qilamiz. Bir vaqtlar alohida, bir xil kiyim kiydirib qo‘yardik. Ularni hatto maktab o‘qituvchilari ham «deddom»ni bolalari deyishardi. Bu judayam yomon narsa. Biz hozir shu holatni yo‘q qilishga erishdik. Ya'ni «deddom»ni bolasi degan so‘zdan qochishimiz kerak. Ular ham o‘zimizning farzandlarimiz. Faqatgina hayot taqozosi bilan qaysidir birining ota-onasi vafot etgan, boshqa birining ota-onasi tirik bo‘la turib tashlab ketdi. Qaysidir biri qamalib qoldi yoki nogiron bo‘lgani uchun bolasi shu yerda yuribdi», – deya ta'kidladi Dilshod Kenjayev.

Majlisda 2019 yilda mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan, lekin ota-onasi bor 306 nafar bola uylariga qaytarilgani ma'lum qilindi.

Aytilishicha, Samarqand viloyatidagi ikkita mehribonlik uyidan biri yopilgan. Ayni paytda respublikadagi 2047 nafar tarbiyalanuvchidan chin yetimlari soni 316 nafarni tashkil etadi.

Top