16:56 / 10.11.2020
31013
Mutaxassis jigarni yog‘ bosishi sabablari haqida ma'lumot berdi

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, antibiotiklarni uzoq vaqt, asossiz va tartibsiz ichish jigarda toksik gepatitni keltirib chiqaradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Virusologiya ilmiy tekshirish instituti direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Erkin Musaboyev bilan gepatologiyaning dolzarb masalalari, jigar kasalliklarining oldini olish xususida suhbat uyushtirdi.

– Ultratovush tekshiruvida (UTT) jigar kasalliklarini aniqlash mumkinmi?

– Yo‘q, UTT orqali jigar kasalliklarini chaqiruvchi omilni bilish mumkin emas. Jigar kasalliklari asosan viruslar tufayli kelib chiqadi. Viruslarni aniqlash uchun laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazish, IFA usulida, musbat natija aniqlanganda, keyingi tekshiruv, ya'ni polimer zanjirli reaksiya usulida qonni tahlil etish lozim.

Hozirda barcha tuman va shaharlardagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar bunday tahlillarni o‘tkazadigan IFA analizatorlar bilan jihozlangan. Keyingi tekshiruvlar esa viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi huzurida tashkil etilgan gepatologik markazlarda olib boriladi. Bizning institutimiz ham bu borada diagnostika sohasida qo‘llaniladigan yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan.

– Jigarni yog‘ bosishining sababi nima, bu kasallik qanday davolanadi?

– Bu kasallik tibbiyotda yog‘li gepatoz deyiladi. Asosan noto‘g‘ri ovqatlanish, kam harakat tufayli yuzaga kelgan semizlik natijasida jigarni yog‘ qoplaydi. Shuningdek, qandli diabet, ayrim gormonal almashinuvining buzilishlarida ham bu muammo yuzaga kelishi mumkin.

Shu bois bemor chuqur tekshiruvdan o‘tkazilib, shifokor tavsiyalariga rioya etishi kerak. Aks holda, yog‘li gepatoz rivojlanib jigarni yallig‘lantirishi mumkin. Shu sababli kasallikni davolash uchun bemor birinchi navbatda turmush tarzini o‘zgartirishi, ya'ni yog‘li taomlardan voz kechib, mikronutriyentlar va foydali moddalarga boy ozuqalar, meva-sabzavotlarni ko‘proq iste'mol qilishi kerak.

– Antibiotik dorilarni o‘z bilganicha, tartibsiz ichish jigarda qanday asorat qoldiradi?

– Antibiotiklarni uzoq vaqt, asossiz va tartibsiz ichish jigarda toksik gepatitni keltirib chiqaradi. Bemorning jigar faoliyati buziladi, holsizlanadi, fermentlar soni oshadi, ishtaha yo‘qoladi. Bu darddan qutulish uchun jigar hujayralari tiklanguncha shifokor nazorati ostida davolanish, parhezga amal qilish talab etiladi.

– Jigarda muammo bo‘lmasligi uchun qanday qoidalarni tavsiya qilasiz?

– Buning yo‘li oddiy, avvalo, shaxsiy gigiyenaga qat'iy rioya qilish, kun tartibini to‘g‘ri tashkil etish, o‘z vaqtida dam olish, meva va sabzavotlarni ko‘proq iste'mol qilish, yog‘li ozuqalardan tiyilish, onalar bolalariga o‘z qo‘llari bilan parhez va shifobaxsh taomlar pishirib berishi, bolalarga tez tayyor bo‘luvchi fastfud ovqatlar bermaslik, gazli suvlar ichirmaslik va hamisha jismoniy harakatda bo‘lish, bolalarni «Gepatit A»ga emlatish, kattalar vrach ko‘rigidan o‘tib, «Gepatit V»ga emlanishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Yuqoridagilarga amal qilish sog‘lom va uzoq umr ko‘rish garovidir.

Top