20:54 / 10.11.2020
15822

Pashinyan Qorabog‘dagi muvaffaqiyatsizlik uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘ ixtilofidagi muvaffaqiyatsizlik uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Uning ta'kidlashicha, Ozarboyjon bilan kelishuv imzolanmaganda vaziyat Armaniston uchun yanada yomonroq bo‘lardi.

“Ha, ushbu vaziyat uchun javobgarman. Bu biz uchun katta muvaffaqiyatsizlik, katta falokat, yo‘qotilgan hayotlar uchun katta motamdir. Biroq ishonamanki, Armaniston va Arsax yashashni davom ettirishi, mustahkamlanishi, kuchayishi  kerak, turli masalalar bo‘yicha avvalgi qarashlarini qayta ko‘rib chiqishi lozim”, deb ta'kidlab o‘tgan Pashinyan feysbukda.

Pashinyan bundan buyog‘iga Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ning iqtisodiy va gumanitar taraqqiyotiga e'tiborni qaratish zarurligini aytgan. “Qayd qilish lozim, biz yiqildik, ammo jarlikka qulamadik. Biz to‘xtash haqida o‘z vaqtida qaror qabul qildik. Aks holda holatimiz ancha yomon bo‘lardi. Zarur saboqlarni chiqarish lozim, bu kelajakda mamlakatimiz rivojlanishida yordam beradi”, deb ta'kidlab o‘tgan Armaniston bosh vaziri.

Uning ta'kidlashicha, agar Yerevan Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi 5ta tumanni Ozarboyjonga berishga rozi bo‘lganda, urushning oldini olish mumkin bo‘lardi.

“Urushning oldini olish mumkinmidi? Ha, agar Qorabog‘ atrofidagi 5 tumanni topshirganimizda. Biroq bu holatda ham Qorabog‘ maqomi batamom hal bo‘lmasdi. Agar men sizdan Qorabog‘ atrofidagi tumanlarni topshirishni so‘raganimda, nima degan bo‘lardingiz? O‘ylaymanki, hech kim bunga rozi bo‘lmasdi, jumladan men ham”, deb qo‘shimcha qilgan Armaniston bosh vaziri.   

10 noyabrga o‘tar kechasi Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tog‘li Qorabog‘dagi barcha jangovar harakatlarni to‘liq to‘xtatish haqida uch tomonlama bayonot qabul qildi. Ushbu bayonotga ko‘ra, Ozarboyjon va Armaniston tomonlari hozirda egallab turgan joylarida qoladi. Tog‘li Qorabog‘dagi tutashuv chizig‘i va hududni Armaniston bilan bog‘lovchi yo‘lak bo‘ylab Rossiyaning tinchlikparvar kuchlari joylashtiriladi.  

Armanistonda Pashinyanning Qorabog‘ bo‘yicha qabul qilgan qaroriga qarshi noroziliklar boshlangan. Bir necha o‘nlab kishilar Armaniston hukumati binosiga bostirib kirib, bosh vazir ishchi xonasini ostin-ustun qilgan.

Mavzu
Qorabog‘ urushi
12 iyul kuni Ozarboyjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Barchasi
Top