18:48 / 10.11.2020
3841

Shavkat Mirziyoyev ShHTda savdo-iqtisodiy aloqalarni jonlantirish bo‘yicha takliflar bildirdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti so‘z olib, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflarini bildirdi.

Prezident tomonidan Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator dolzarb tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, pandemiya salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida ShHTning savdo-iqtisodiy hamkorlik, oziq-ovqat xavfsizligi va sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish bo‘yicha uzoq muddatli hujjatlarini qabul qilish orqali savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kuchaytirish taklif etildi.

«Hurmatli hamkasblar! Bugungi kunda ShHT o‘z taraqqiyotining prinsipial jihatdan yangi bosqichida turibdi. Savdo-iqtisodiy aloqalarning keskin qisqarishi, ishlab chiqarish hajmlarining kamayishi, ishsizlikning ortishiga olib kelgan pandemiya rivojlanishimiz sur'atlariga juda salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Shu bilan bir qatorda, dunyoning ayrim mintaqalarida harbiy-siyosiy vaziyat keskinlashyapti, millatlararo va dinlararo ziddiyatlar kuchaymoqda. Ushbu global xatar va tahdidlarni yaxshi qo‘shnichilik, teng huquqlilik, o‘zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish an'analarimizni asrash va ko‘paytirish yo‘li bilangina yengib o‘tish mumkin.

Umumiy qadriyatimiz, birgalikda taraqqiyotga intilishimiz, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmatimiz ifodasi bo‘lgan ko‘p tomonlama hamkorlikning noyob tajribasi –   «Shanxay ruhi»ni mustahkamlash bugun har qachongidan muhim.

Har birimiz kuchli bo‘lsakkina ShHT ham kuchli bo‘ladi. Buning uchun bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz, kun tartibimizdagi asosiy masalalarga birgalikda murosa izlashimiz muhimdir. Bugun aynan shunday yondashuv Yevroosiyo makonida xavfsizlik, barqaror taraqqiyotni ta'minlashning bosh shartiga aylanmoqda. Bu mamlakatlarimiz xalqlarining manfaatlari va intilishlariga mosdir», degan Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari ShHTning dolzarb vazifalari yuzasidan to‘xtalib o‘tgan.

«Birinchidan. Iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari alohida e'tiborni talab qilmoqda.

Asosiy maqsadimiz – savdo-iqtisodiy aloqalar va sanoat kooperatsiyasini jonlantirish.

Bunga erishishning eng samarali usuli o‘zaro savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, ularni uyg‘unlashtirish va raqamlashtirish, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi elektron tijoratni rivojlantirish, o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirishni nazarda tutadigan inqirozga qarshi qo‘shma dasturlarni amalga oshirishdan iboratligiga ishonaman.

Pandemiya sharoitida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarimizni rivojlantirishga yangi, shu jumladan «nostandart» yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqishni taklif etaman.

Ushbu dasturlar Savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha ShHT rejasining asosi bo‘lishi lozim.

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish hayotiy muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘rtasida Sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturini qabul qilish tarafdorimiz.

Ikkinchidan. Pandemiya raqamlashtirish jarayonini tezlashtirdi. Axborot texnologiyalari iqtisodiy o‘sish «drayveri»ga aylanib bormoqda.

O‘zaro kelishilgan o‘quv dasturlari asosida aholini o‘qitish, soha mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan ShHTning raqamli savodxonlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqishni taklif etaman.

Ushbu sammitning Raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikka doir bayonoti o‘z vaqtida qabul qilinmoqda, deb hisoblaymiz», deydi davlat rahbari.

O‘zbekiston rahbari kambag‘allikni qisqartirish masalalarida yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning dolzarb ahamiyatini alohida qayd etdi. Tashkilot doirasida mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari yig‘ilishlari mexanizmini yaratish va tegishli dasturiy hujjat tayyorlash taklif etildi. Kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida mamlakatimiz xalqaro forum o‘tkazishga tayyor ekani bildirildi.

«Uchinchindan. Bugungi sharoitda birgalikdagi sa'y-harakatlarni aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirishga yo‘naltirish muhimdir.

Bu boradagi hamkorligimizni muvofiqlashtirish maqsadida qashshoqlikka qarshi kurashish uchun mas'ul vazirlik va idoralar rahbarlarining yig‘ilishlarini o‘tkazish mexanizmini yaratish zarur, deb o‘ylayman.

ShHTga a'zo davlatlarning ushbu yo‘nalishdagi hamkorligi dasturini ishlab chiqish, shuningdek, uni amalga oshirish bo‘yicha kelishilgan choralarni ishlab chiqish uchun O‘zbekistonda xalqaro forum o‘tkazishni taklif etaman.

Ushbu tashabbusni ro‘yobga chiqarishda Xitoy Xalq Respublikasining muvaffaqiyatli tajribasi foydali bo‘lishiga ishonaman», degan Shavkat Mirziyoyev.

Top