16:26 / 10.11.2020
784
Vazirlik vakili mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilish tizimi haqida ma'lumot berdi

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi bo‘lim boshlig‘i Azim Ahmatov Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan xorijdagi mehnat muhojirlari mehnat huquqlarining buzilishi yoki ish jarayonida baxsiz hodisalar sodir bo‘lganida himoya qilishi tizimi haqidagi savolga javob berdi.

«Bu bo‘yicha 2018 yilda prezidentimizning «Tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 3839-sonli qaroriga asosan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida jamg‘arma tashkil etildi. Bu jamg‘arma orqali og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan fuqarolarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga moddiy yordamlar ko‘rsatish tartiblari belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining 725-sonli qaroriga asosan.

Xorijda mehnat huquqi buzilgan fuqarolarni huquqlarini himoya qilish bo‘yicha alohida tizim yaratilgan. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligini bugungi kunda xorijiy davlatlarda – Koreya Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida vakolatxonalari va Rossiyaning 5ta shahrida vakolatxona vakilliklari tashkil etildi. Bular orqali fuqarolarimizning huquqlari himoya qilinib kelmoqda.

Bundan tashqari, Qozog‘iston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va Turkiya davlatlarida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan ko‘plab fuqarolarimiz yuridik shaxslar bilan agentlik o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan holda fuqarolarimizning huquqlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri himoya qilish tizimi yaratildi. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.

Bundan tashqari, fuqarolarimiz yoki ularning yaqinlari xorijiy davlatda ishlayotgan mehnat migrantining huquqlari buzilganligi to‘g‘risidagi murojaatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri agentlikka yo‘naltirish imkoniyatlari mavjud. Bu to‘g‘risidagi ma'lumotlarga ega bo‘lgandan keyin agentlik tomonidan va O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari, konsullik muassasalari hamkorligida fuqarolarning huquqlari himoya qilinadi. Bu fuqarolarning huquqlari, qonuniy manfaatlarini tiklash bo‘yicha kerak bo‘lsa, o‘sha davlatdagi yuridik tashkilotlarning xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari mavjud. Bu toifadagi fuqarolarga advokatlar yollab, bu orqali ham xizmatlar ko‘rsatish imkoniyati bor.

Shuningdek, xorijiy davlatlarda og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan fuqarolarimizni O‘zbekistonga olib kelish yoki tibbiy yordamga muhtoj bo‘lsa, ularning tibbiy xarajatlarini qoplagan holda davolatish kabi vazifalarni amalga oshirish imkoniyatlari mavjud», deya Azim Ahmatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top