17:39 / 11.11.2020
4542
7ta transformator ishdan chiqqan: Toshkentning Samarqand darvoza mahallasi chiroqsiz qoldi

Toshkent shahar Shayxontohur tumani elektr tarmoqlariga qarashli transformatorlarda nosozlik kelib chiqishi oqibatida tumandagi Samarqand darvoza mahallasi kamida 16 soatdan buyon elektrsiz qolmoqda, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Elektr yo‘qligini mahallaga kiraverishdagi svetofor ishlamayotganidan bilsa bo‘ladi. Holat haydovchi va piyodalarga noqulaylik tug‘dirmoqda: kiraverishdagi chorrahada mashinalar bir-biriga yo‘l bermay, tushunmovchiliklar yuzaga kelgan.

Samarqand darvoza mahallasi Termiz ko‘chasida yashovchi aholining aytishicha, 11 noyabrga o‘tish soatlarida o‘chgan chiroq kunning ikkinchi yarmiga kelib ham yonmagan.

Aholi va aholiga xizmat ko‘rsatuvchi do‘konlar, dorixonalar va boshqa shoxobchalar bundan aziyat chekishayotganini aytishdi. Shuningdek, elektr energiyasi uchun to‘lovni oldindan amalga oshirishlarini ta'kidlab o‘tishdi. Shu yerda joylashgan go‘sht do‘koni sotuvchisi go‘shtlarining sifati buzilishidan xavotirdaligi haqida gapirdi.

«Svetimiz kecha kechqurun o‘chgan. Ertalabgacha svet bo‘lmadi. Azonda telefon qilsam, tushgacha keladi, deyishdi. Lekin mana, haligacha yonmadi. Qishda ko‘p o‘chadi svetimiz. Gazdan ham, «svet»dan ham muammo juda ko‘p», – deydi shu ko‘chada istiqomat qiluvchi Nargiza Sodiqova.

Shayxontohur tumani elektr tarmoqlari korxonasi bosh muhandisi Zafar Ahmedovning so‘zlariga ko‘ra, korxonaga kechasi soat 2:00larda Samarqand darvoza mahallasi fuqarolaridan ariza tushgan. Ma'lum bo‘lishicha, 7ta transformator ishdan chiqishi oqibatida mahalla chiroqsiz qolgan.

«Tezlik bilan xodimlarni uydan chaqirdik. Tun bo‘yi ish olib borib, hozirda 4 ta transformator ishga tushdi. Qolgan 3 tasini ham bir soatlarda tugatiladi», – dedi bosh muhandis.

Unga ko‘ra, hududlarda elektr energiyasi bo‘lmaganda korxona dispetcherlari tomonidan yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga xabar beriladi va yo‘llardagi noqulayliklar bartaraf etiladi.

«Bevosita YHXX bilan birga ishlanadi. Bugungi holatda esa svetoforlar ishlamayotgan joyda bu xodimlarga ko‘zimiz tushmadi», – dedi Zafar Ahmedov.

Top