08:01 / 11.11.2020
2457
Apple o‘z protsessorida ishlovchi yangi noutbuklarini taqdim qildi 
Foto: Reuters

AQShning Apple kompaniyasi 10 noyabrda kompyuter va noutbuklar uchun mo‘ljallangan o‘z protsessori M1’ni va u asosida ishlab chiqilgan MacBook Air va MacBook Pro noutbuklarini taqdim qildi.

Taqdimotda ta'kidlanishicha, M1 protsessori Mac kompyuterlari uchun maxsus ishlab chiqilgan birinchi chipdir.

Kompaniyada M1 protsessorlarida ishlab chiqilgan Mac kompyuterlari “kompaniya uchun yangi davr bo‘lishi” aytildi. 

8 yadroli protsessor 5-nanometrli texnologik jarayon bo‘yicha ishlab chiqilgan. Apple’ning protsessorlar ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Jon Shrujining ta'kidlashicha, M1’da yangi texnologiyalar bo‘yicha aqlbovar qilmas unumdorlikni ta'minlash uchun 16 mlrd dona tranzistor o‘rnatilgan. Protsessor yordamida bir soniyada 11 trillion amalni bajarish mumkin.

Yangi protsessorda ishlovchi birinchi kompyuterlar 13 dyuymli MacBook Air va MacBook Pro noutbuklari hamda Mac mini nettopi bo‘ldi.

MacBook Air 2 Tb doimiy va 16 Gb tezkor xotiraga ega hamda qayta quvvatlanishsiz 18 soatgacha ishlay oladi. Ta'kidlanishicha, noutbukda kuler bo‘lmaydi va shu sababli u “umuman shovqinsiz” ishlaydi. Noutbukning bazaviy modifikatsiyasi 999 dollar turadi. 

MacBook Pro noutbugi ham 2 Tb doimiy va 16 Gb tezkor xotiraga ega bo‘ladi. Uning boshlang‘ich narxi 1299 dollarni tashkil qiladi. Qurilma qayta quvvatlanishsiz 20 soatgacha ishlay oladi.

Kompaniya yangi protsessor bilan ishlash uchun Mac OS Big Sur operatsion tizimini ishlab chiqdi. 

Apple iyunda o‘zi ishlab chiqqan protsessorda ishlovchi kompyuter va noutbuklarni ishlab chiqarishini ma'lum qilgandi. O‘shanda kompaniya rahbari Tim Kuk buni “kompaniya uchun tarixiy on bo‘lishini” aytgandi. Bungacha kompaniya kompyuterlari va noutbuklarida 15 yil davomida Intel protsessorlari qo‘llab kelingan. 

Ushbu taqdimot Apple’ning kuzda o‘tkazgan uchinchi taqdimoti bo‘ldi. Kompaniya sentyabrda o‘tgan birinchi taqdimotida Apple Watch Series 6, SE aqlli soatlari, iPad va iPad Air planshetlarini namoyish qilgandi. Oktyabrda o‘tgan ikkinchi taqdimot esa to‘liq iPhone smartfonlariga bag‘ishlangandi. Kompaniya unda 4 ta yangi smartfoni: 12 mini, 12, 12 Pro va 12 Pro Max’ni namoyish qilgan.

Top