18:56 / 11.11.2020
5680
«Maktablar xususiylashtirilmaydi» – Vazir o‘rinbosari qanday maktablar ishonchli boshqaruvga berilishi haqida gapirdi

Xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev umumta'lim muassasalari xususiy sektorga topshirilsa, qancha maktab xususiylashtirilishi kutilayotgani va bunda tadbirkorlarga qandaydir imtiyozlar yaratilishi haqidagi savolga javob qaytardi.

«Xususiylashtirish degan so‘zning o‘zi xato. Maktablar xususiylashtirilmaydi. Maktablar tadbirkor shu hududda davlatga o‘z yordamini bermoqchi bo‘lsa taklif qilinadi va unga davlat tomonidan bir qator imkoniyatlar beriladi.

Tadbirkor maktabga kelib, uni mavjud jamoa bilan boshqarishga jalb qilinadi. Hozir ham xususiy maktab ochgan juda ko‘p tadbirkorlar bor. Uni rivojlantirish yoki filialini tashkil qilish uchun imkoniyat qidirmoqda, lekin yer topolmasligi mumkin yoki unga taklif etilgan joylar to‘g‘ri kelmasligi mumkin.

Tadbirkorlar tomonidan «Mana shu maktabni men olib, yurgizay» degan takliflar bor. Lekin bu har qanday maktabni istalgan odam olishi mumkin degani emas. Qarorda 0,7 koeffitsiyentdan past deya nazarda tutilmoqda.

Koeffitsiyent nimaligini tushuntirib bermoqchiman. Maktabda mingta o‘quvchi va mingta o‘rin bo‘lishi mumkin. Agar shu maktabda mingta o‘rinda mingta bola o‘qisa, bu 1 koeffitsiyent degani. Agar ikki smenali bo‘lsa, 2 koeffitsiyent bo‘lishi mumkin. Ayrim hududlarda 2,5 koeffitsiyent ham bor. Bu juda og‘ir vaziyat. Bunday maktablarda albatta qo‘shimcha ta'lim, to‘garaklarni, bolalar bilan darsdan tashqari ishlashga imkoniyat cheklangan.

Lekin bor quvvatidan past darajada ishlaydigan maktablar ham bor. Ular tobora kamayib bormoqda. Ya'ni mingta o‘rinda 700, 600, 500 bola o‘qiydi. Mana shunday maktablarga tadbirkorlar taklif etiladi. Ularga shart qo‘yiladi: o‘qiyotgan bolalar, mikrohududga kirgan bolalarni tekin o‘qitish, o‘qituvchilarga sharoit yaratish, maktab moddiy bazasini rivojlantirishda yordam berish. Shu shartlarga ko‘nsa, bu jarayonga kiradi.

O‘z navbatida, unga maktabni bo‘sh hududi, binosi, yerida ta'limga aloqasi bor bo‘lgan obektni barpo etib, yurgizish imkoniyati beriladi. Bu besh yil davomida, keyinchalik qo‘shimcha muddat berilishi bilan rivojlantirishga imkoniyat beriladi.

Davlat rahbarining 30 oktyabrda o‘tkazilgan selektorida Moliya vazirligi va Markaziy bankka shu masala qo‘yildi: shu sohada, yo‘nalishda ishlaydigan tadbirkorlarga Xalq ta'limi, maktablarni rivojlantirishda xarajatlarni qoplash, kreditlar berish tartibini ishlab chiqish. Bu masalaga mazkur idoralardan aniq javobni olamiz», dedi Usmon Sharifxo‘jayev prezident Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan o‘tkaziladigan matbuot anjumanida.

U besh yil ichida bu tajriba o‘zini oqlaydigan bo‘lsa ham, maktab xususiylashtirib berilmasligi, faqat muddat uzaytirib berilishi mumkinligini aytib o‘tdi.

«Besh yildan keyin muddati yana uzaytirib beriladi. Bu yerda xususiylashtirish haqida gap ketayotgani yo‘q. Ishonchli boshqaruv. Davlat o‘z vakili sifatida tadbirkorga beradi, u tadbirkor sifatida o‘z faoliyatini olib boradi», deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 30 oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan ta'lim sohasidagi muammolar, ularni hal etish va ta'lim sifatini oshirishga bag‘ishlangan videoselektorda mamlakatda xususiy ta'lim muassasalariga keng sharoit yaratilayotgani bois kelgusi yildan eksperiment tariqasida kam quvvatda ishlayotgan maktablarni tanlov asosida salohiyatli talabgorlarga ishonchli boshqaruvga berish taklifi bildirilgandi. Yig‘ilishda, xususan, Toshkent shahridagi 32 ta maktabda o‘quvchilarni qamrab olish darajasi pastligi qayd etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 oktabr kuni «O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Unga muvofiq, tajriba sifatida umumiy ta'lim muassasalarini keyinchalik kengaytirish huquqi bilan 5 yilga xususiy sektorning ishonchli boshqaruviga o‘tkaziladi. Gap Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Nukus shahri va viloyatlar markazlaridagi navbatlilik koeffitsiyenti 0,7 dan past bo‘lgan maktablar haqida ketmoqda. Bunda davlat budjetidan ta'lim muassasalarini ta'minlash uchun ajratiladigan mablag‘lar kamaytirilmaydi.

Xususiy mulkdor quyidagi majburiyatlarni bo‘yniga oladi:

  • bolalar uchun bepul ta'lim berish;
  • binolarni ta'mirlash;
  • moddiy-texnik bazani mustahkamlash.

Bundan tashqari, bo‘sh binolar va yerlar boshqaruvchiga sport yoki madaniyat muassasalarini tashkil etish uchun ajratiladi.

Top