11:30 / 11.11.2020
2671
O‘zbekiston BAA kompaniyalarini davlat aktivlarini xususiylashtirish dasturiga jalb qilmoqchi

Joriy yilning 10 noyabr kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)ga tashrifi doirasida Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning BAA hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gergavi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Uchrashuv davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va 25ta yo‘nalish bo‘yicha tegishli “yo‘l xaritalari”ni amalga oshirish sohasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning borishini o‘rganishga bag‘ishlandi

Uchrashuv davomida 2019 yilda O‘zbekistonda ishini boshlagan “Bir million dasturchi” loyihasi 70 mingdan ziyod kishini qamrab olgani va ularning aksariyati tegishli malakaviy sertifikatlarni qo‘lga kiritgani qayd etildi. 

BAA investitsiya korporatsiyalarini O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarida loyihalarni amalga oshirishga jalb etish orqali investitsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar muhokama qilindi. BAA investorlarining turizm, ko‘chmas mulk, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohasidagi davlat aktivlarini xususiylashtirish va modernizatsiya qilish dasturida ishtirok etishlarining istiqbollari ko‘rib chiqildi.

BAAga o‘zbek meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish orqali savdo hamkorligini chuqurlashtirish, eksportga yo‘naltirilgan yirik sanoat korxonalarini yaratishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, turizmni rivojlantirish va O‘zbekistonda Islomiy moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etishni qamrab olish orqali ikki tomonlama hamkorlik dasturini kengaytirish bo‘yicha ham keyingi qadamlar kelishib olindi.

Pandemiya davrida sog‘liqni saqlash sohasida o‘zaro aloqalar va aholi salomatligini muhofaza qilishni ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi, BAA yetakchi ixtisoslashgan kompaniyalarini O‘zbekistonning tibbiyot muassasalarini boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlarga jalb qilishga ko‘maklashishga tayyorligi bildirildi.

Uchrashuv yakunida joriy yil oxirigacha hukumat ishlari bo‘yicha vazir Muhammad bin Abdulloh al-Gergavi boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Top