17:23 / 11.11.2020
8044
Qudratilla Rafiqov O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi lavozimiga qayta saylandi

11 noyabr kuni Kasaba uyushmalari federatsiyasining Vlll qurultoyida Qudratilla Mirsagatovich Rafiqov O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi lavozimiga bir ovozdan saylandi. Bu haqda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, uning nomzodi Oqsoqollar Kengashi tomonidan tavsiya qilindi. Ochiq ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgan saylovda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ham ishtirok etmoqda.

Tadbirda bosh vazir prezidentning federatsiyaga tabrigini o‘qib eshittirgan. Prezident tabrigida federatsiya faoliyatiga baho berilib, 11 noyabrni mamlakatda Kasaba uyushmalari xodimlari kuni, deb belgilash hamda Kasaba uyushmalari akademiyasini tashkil etish taklif qilingan.

Ayni vaqtda federatsiya raisi o‘rinbosarlari, rayosat a'zolariga nomzodlar tavsiya etilib, saylov jarayoni davom etmoqda.

Qudratilla Rafiqov 1947 yilda tug‘ilgan, 1993-1998 yillarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi muovini, 1998 yildan 2003 yilgacha Jizzax viloyati kasaba uyushmalari Kengashi raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. Keyinroq «Jizzax akkumulyator zavodi» AJ bosh direktori lavozimida ishlagan. 2016 yil dekabrida esa Tanzila Norboyeva o‘rniga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining yangi rahbari etib saylangandi.

U senator, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a'zosi hisoblanadi.

Top