18:20 / 11.11.2020
22970
Shavkat Mirziyoyev Abdulla Abdullani qabul qildi

11 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Afg‘oniston Islom Respublikasi Milliy yarashuv oliy kengashi raisi Abdulla Abdullani qabul qildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik hamda Afg‘onistondagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari keyingi yillarda O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlarini rivojlantirishda erishilgan sur'atni katta mamnuniyat bilan ta'kidladi. Amaliy hamkorlikni kengaytirish, savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar, transport va logistika, energetika, ta'lim va boshqa muhim yo‘nalishlarda ustuvor loyihalarni ilgari surish borasidagi sa'y-harakatlar alohida qayd etildi.

O‘zbekiston Afg‘onistonda mintaqaviy ahamiyatdagi infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor ekani ta'kidlandi.

Abdulla Abdulla samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonning afg‘onlararo tinchlik muzokaralarini boshlashga hamda xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha faoliyatini birlashtirishga xizmat qilgan sa'y-harakatlarini yuksak baholadi.

Mehmon O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilayotgan doimiy ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi hamda mamlakatimizning Afg‘onistonni mintaqaviy savdo-iqtisodiy jarayonlarga jalb etishga qo‘shayotgan hissasini alohida qayd etdi.

Muzokaralar chog‘ida mintaqaviy va xalqaro siyosatning tomonlarni qiziqtirgan masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Top