13:36 / 11.11.2020
29650
Yangiyerda ofitsiant yigitni kaltaklagan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

IIV huzuridagi Tergov departamenti Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida bir necha fuqaro qo‘llaridagi jism bilan boshqa bir fuqaroni kaltaklagan holati yuzasidan tarqalgan videoyozuv bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi.

Foto: Videodan kadr

Joriy yilning 10 noyabr kuni soat 13:00da 25 yoshli S.T., 26 yoshli Sh.M. va 19 yoshli B.R. bir oy muqaddam qo‘shni tuman hududiga borishgan vaqtida mahalliy aholi vakillari bilan o‘zaro gap tortishib qolganliklari sababli o‘ch olish maqsadida,  Yangiyer shahar “Shodlik” MFY hududida joylashgan kafega yo‘l olishgan.

Qayd etilishicha, ular kafe ofitsianti, 23 yoshli J.X. bilan o‘rtalarida o‘zaro oldindan bo‘lib o‘tgan kelishmovchilik negizida uni qo‘llari bilan urib, oyoqlari bilan tepib, yog‘och jismdan foydalanib, bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatgan holda shafqatsizlarcha J.X.ning tanasi turli joylariga urib, tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringan.

Natijada, fuqaro J.X. o‘ng qo‘l kichik barmog‘i yopiq sinishi, yuqori chap tomon ikkita tishining sinib tushishi, tanasining ko‘plab shilingan jarohatlari bilan Sirdaryo viloyati ShTTYoMga murojaat qilgan.

Holat yuzasidan Yangiyer shahar IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan (bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bo‘lsa) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Fuqarolar S.T., Sh.M. va B.R. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlanganlar.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda, deyiladi ma'lumotda

Top