17:15 / 12.11.2020
27142
«Article»: Turk seriallari haqida siz bilmagan faktlar

Istanbul universiteti doktoranti, kinoshunos Otabek Tillayev «ARTICLE» nomi ostidagi turkum maqolalarida kino sohasiga oid fikr-mulohazalarini bildirib boradi. Ruknning dastlabki sonlari o‘zbek teleekranlarida tobora ommalashib borayotgan turk seriallari mavzusiga bag‘ishlandi.

«Film suratga olish tik jarlikdan pastga tushish degani emas, balki tog‘ yonbag‘irlaridan yuksaklikka ko‘tarilishdir», degan edi buyuk rejissyorlardan biri Alfred Xichkok. Ammo bugungi kunda suratga olinayotgan aksariyat «kinoasar»lar jarlikdan pastga qulayotganini va yo‘qlik qa'rida izsiz g‘oyib bo‘layotganini ko‘rish mumkin.

Qolaversa, bugun kino san'atidan mafkuraviy-psixologik qurol sifatida foydalanilayotgani ham hech kimga sir emas.

O‘tgan hafta Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov aksariyat telekanallarimizda asosan xorij seriallari namoyish etilayotgani, milliy seriallar esa deyarli yo‘q ekani haqida fikr bildirdi va bu – bugun e'tibor qaratilishi, hal qilinishi lozim bo‘lgan muhim masala ekanini ta'kidladi.

«…Seriallar tomoshabin ongiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'sir ko‘rsatuvchi kuchli vosita hisoblanadi. Agar uning me'yori bo‘lmasa, bu ketishda ideologik suverenitetimizni yo‘qotib qo‘yishimiz hech gap emas», – deya o‘z xavotirini bildirdi fond raisi.

Xo‘sh, bu xavotir qanchalik o‘rinli? Xorijiy seriallar o‘zbek auditoriyasiga qay darajada xavf solmoqda? Bu xavfning oldini olish uchun nima qilishimiz kerak? Xorijiy seriallarni ko‘rib «diydasi qotgan» avlod ertaga kim bo‘ladi?

Boshqa tarafdan, taqiqlar ish beradimi? Har tomonlama sifatli milliy seriallarni yaratish uchun oldimizda qanday to‘siqlar turibdi? Jahon ekranlariga chiqa oladigan milliy seriallarni yaratish bizga nima beradi? Bu vazifaning uddalanishi davlatimiz iqtisodiyoti va imijiga qanday ijobiy ta'sir o‘tkazishi mumkin?

Albatta, ushbu savollarning har biri alohida mavzu. Ularning barchasi ilmiy va amaliy jihatdan asoslangan tadqiqotlarni, fikr-mulohazalarni talab qiladi. Bugungi maqolamizda esa kirish qismi sifatida turk serialchiligiga oid qator muhim ma'lumotlarga e'tibor qaratamiz.

Turk seriallarini «yotvolib» tomosha qiladigan faqat bizmi?

Otabek Tillayev

Turkiya hozirga kelib AQShdan keyingi eng ko‘p serial sotuvchi ikkinchi mamlakatga aylangan.

Bugungi kunda turk seriallari nafaqat O‘zbekistonda, balki O‘rta Sharqdan Bolqongacha, Afrikadan Markaziy Osiyogacha, Uzoq Sharq va Janubiy Amerikagacha bo‘lgan juda katta jug‘rofiy miqyosda namoyish etiladi.

Aniqrog‘i, turk seriallarini 146 mamlakatda 700 milliondan ziyod insonlar tomosha qiladi. Turk seriallari eng ko‘p sotilgan va tomosha qilingan mamlakatlar orasida esa Chili, Meksika va Argentina davlatlari yetakchilik qiladi.

Turkiya bu sohadan qancha daromad ko‘radi?

Birgina 2018 yilning o‘zida Turkiya seriallar sotuvidan 500 million dollar miqdorida daromad qilgan. 2023 yilga qadar bu ko‘rsatkichni 1 mlrd dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Raqamlar gapirganda...

Xalqaro miqyosda eksport qilingan birinchi turk seriali 1975 yilda yaratilgan «Taqiqlangan sevgi» (Aşk-ı Memnu) seriali bo‘lib, u 1981 yil Fransiyaga sotilgan. E'tibor qiling, Turkiya o‘zining ilk serialini sotganiga hali 40 yil ham bo‘lgani yo‘q.

Ilk qismi 1999 yilda chiqqan «Telba yurak» seriali Qozog‘istonga sotilgan.

2008 yildan e'tiboran turk seriallarining arab dunyosidagi mashhurlik darajasi sezilarli tarzda osha boshlagan. Masalan, 2008 yil «Kumush» serialining arabcha dublyajdagi so‘nggi qismi 85 million tomoshabinni qamrab olgan.

«Ming bir kecha» nomli serial esa namoyish etilgan 80ga yaqin mamlakatda mavjud reytinglarni yangilagan holda dunyo e'tiborini jalb qilgan ilk turk serialiga aylangan.

Eng ko‘p xorijiy mamlakatga sotilgan serial esa «Muhtasham yuz yil»dir. Ushbu serial Yaqin Sharq mamlakatlari, Yaponiya, shu jumladan, yurtimizda ham shuhrat qozongan. Shu tariqa, ushbu kinoasar 70 mamlakatda 500 milliondan ortiq tomoshabinni qamrab olishga erishgan.

Turk seriallarining keng «quloch ochayotgani»ga sabab nima?

Turk seriallarini o‘zbeklar sevib tomosha qilishining turli obektiv va sub'yektiv sabablari bor, albatta. Turklar esa buning sababini ikki omil – voqealarning real hayotdan olingani va kartinalarning o‘zbeklar madaniyati hamda tushuncha tarziga mos ekani bilan izohlashmoqda.

«Sevgi iztirobi», «Muhtasham yuz yil», «Ko‘sem», «Chuqur», «Ichkarida», «Istanbullik kelin», «Gullar iztirobi», «Malikam, endi qara», «Abdulhamid», «Hovli» kabi seriallar o‘zbek tomoshabinlar tomonidan sevib tomosha qilingani bor gap. Zotan, O‘zbekistondagi davlat va xususiy telekanallar tomonidan namoyish etilgan turk seriallari faqat mana shular bilangina cheklanib qolmagan. Ayni paytga qadar «Osiyo», «Arg‘uvonlar ostida», «Achchiq yolg‘on», «Zerda», «Ishkomli uy», «Kumush», «Qashqirlar makoni», «Xinali qor» singari ko‘plab turk seriallari efirlarimiz yuzini ko‘rib ulgurgan.

Turk seriallarining dunyo bo‘ylab eksport qilinishini yengillashtirgan va ayniqsa, yoshlar e'tiborini tortayotgan asosiy sabablaridan biri shuki, ushbu seriallarning aksariyati nafaqat telekanallarda, balki YouTube, Netflix va Puhu kabi muqobil tomosha kanallarida ham namoyish etilmoqda.

Ya'ni internetdagi film va seriallar tomoshasiga ixtisoslashgan platformalar, 190dan ortiq mamlakatda 150 milliondan ziyod obunachiga ega Netflix ham turk seriallarining yanada keng «quloch ochish»ida muhim rol o‘ynamoqda.

Turk seriallari qaysi mamlakatlarda taqiqlangan?

Turk seriallari bugun hatto dunyo siyosatchilarini ham befarq qoldirmayotganini ko‘rish mumkin. Masalan, Venesuela prezidenti Nikolas Maduro «Ertug‘rul» serialini tomosha qilganini ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy akkauntida yozib qoldirgan; Turkiyaga kelganida esa serial suratga olingan pavilonga borib, u yerni ko‘zdan kechirgan.

Mashhur futbolchi Lionel Messi esa ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida farzandlarining «Qora pul sevgisi» teleserialini tomosha qilganini aytgan.

Iordaniya, Iroq, Qatar, Marokash, Tunis va Jazoir kabi arab mamlakatlarida eng ko‘p tomosha qilingan kinoasarlar qatoriga kiruvchi turk seriallari Saudiya Arabistoni va Misrda taqiqlangan. Ammo shunga qaramay, seriallarni ushbu davlatlarda ham internet orqali tomosha qilishda davom etishmoqda.

O‘zbekiston uchun ham bu mavzu yangi emas. 2012 yil turk seriallari «milliy qadriyatlarga zid deb topilgani uchun» butunlay to‘xtatib qo‘yilgandi. Taqiq besh yil davom etdi va yana turk seriallari namoyishiga ruxsat berildi. Biroq Zo‘r TV xususiy kanalida namoyish etilayotgan «Sevgi iztirobi» («Kara Sevda») seriali atrofidagi ko‘plab muhokamalar ortidan serial namoyishi to‘xtatib qo‘yildi.

Ayni paytda Turkiyada qaysi seriallarga nisbatan e'tiroz bildirilmoqda?

Ta'kidlash joizki, ayrim seriallar hatto Turkiyaning o‘zida ham keskin e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Shu bois keyingi paytlarda Turkiyaning asosiy davlat senzurasi turk seriallarini faol ravishda kuzatishni boshladi. Kuzatuvlar natijasida esa bir nechta serial axloq-odob qoidalari, diniy qadriyatlarga zid deb topilgani uchun jarimaga tortilgan, loyiha ijodkorlari esa ogohlantirilgan.

Xususan, «Taqiqlangan olma», «Mo‘jiza doktori», «Janob Xato» kabi seriallar turk jamiyati oilaviy tuzilmasi poydevori ostiga «dinamit» qo‘yishda ayblanmoqda.

Shuningdek, turk auditoriyasi shafqatsizlik aks etgan sahnalar oldingi planga chiqarilgan seriallarga qarshi munosabat bildirish barobarida RTÜK (radio va televideniye mahsulotlarini nazorat qiluvchi tashkilot)ga murojaat bilan ham chiqishmoqda. Masalan, «Taqiqlangan olma» (serialda bolalar va yoshlar uchun salbiy rol modellari yaratilgan, muqaddas qadriyatlarga hurmatsizlik qilingan va insoniy munosabatlarning buzilishi odatiy hol sifatida ko‘rsatilgan) va «Yangi hayot» seriali (unda oilaviy qadriyatlar yaqqol kamsitiladi, turmush qurgan erkak oilali ayolni sevib qoladi) jarimaga tortildi. Uzoq davom etishi kutilayotgan ushbu serialning so‘nggi qismi esa o‘tgan hafta namoyish etildi. Ya'ni loyiha muddatidan oldin yakunlandi.

«Sadoqatsiz» seriali bo‘yicha ham shunday fikr bildirish mumkin. Serial bosh qahramonlari ustidan juda ko‘plab shikoyatlar kelib tushgan. Nazorat qiluvchi tashkilot serialning birinchi qismini namoyish etmaslik sharti bilan prodyuserlik kompaniyasiga murojaat qilgan. Shunga qaramay, 2020 yil 7 oktabr kuni kartinaning premerasi o‘tkazildi. Namoyishi ortidan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ushbu serial turk axloqiy qadriyatlariga putur yetkazayotganini aytishmoqda. Ularning e'tirozlari RTÜK va Şikayetvar («Shikoyat bor») kabi platformalarda ham aks-sado bermoqda. Minglab odamlar esa serialning efirdan olib tashlanishini talab qilmoqda.

Jiddiy va og‘riqli masala – oldinda...

Ayrim turk seriallariga nisbatan hatto Turkiyaning o‘zida ham e'tiroz va tanqidlar kuchayib borayotgan bir paytda telekanallarimizda ularning soni va efir hajmining tobora ortib borayotgani, albatta, kishini o‘yga toldiradi. Ushbu nuqtada esa yanada jiddiy va og‘riqli masala – seriallarning mafkuraviy ta'siri o‘rtaga chiqadi.

Aytish joizki, «parda orti»dagi jarayonlarni yaqindan kuzatib borish, ulardan o‘z vaqtida voqif bo‘lish keyinchalik sahnalashtiriladigan tragik vaziyatlardan bizni ogoh etishi mumkin. Shu bois loyihamizning keyingi sonida ayni mana shu mavzu – ya'ni seriallarning mafkuraviy va axloqiy-psixologik ta'sirlari xususida fikr yuritamiz.

Otabek Tillayev

Top