07:40 / 12.11.2020
4773
Noyob pushti brilliant 26,6 million dollarga sotildi
Foto: EPA-EFE

Rossiyaning “Alrosa” kompaniyasi tomonidan Yoqutistonda topilgan olmosdan ishlangan pushti brilliant Jyenevadagi auksion vaqtida 24,393 mln shveysar frankiga (26,6 mln dollar) sotildi

“Roza arvohi” deb nomlangan brilliant 14,83 karat og‘irlikka ega bo‘lib, u dastlab 23-38 mln dollarga baholangan. Oval shakldagi ushbu brilliant Rossiyada topilgan eng katta pushti olmosdan tayyorlangan. Uning og‘irligi 27,85 karatni tashkil qilgan. 

“Pushti olmoslar tabiatda kam uchraydi. Bundan tashqari, ulardan bor-yo‘g‘i bir foizining og‘irligi 10 karatdan oshadi. Ushbu brilliant haqiqiy mo‘jizadir”, deb ma'lum qilgan Sotheby's auksion uyining qimmatbaho ziynat buyumlari bo‘limi boshlig‘i Gari Shuler.

Ayni vaqtda qimmatbaho toshlar uchun rekord narx 2013 yil noyabrda Sotheby's auksionida o‘rnatilgan. O‘shanda Pins Star (Pushti yulduz) deb nomlangan, og‘irligi 59,6 karat keladigan pushti brilliant 83,19 mln dollarga sotilgan. Qimmatbaho tosh JARda De Beers kompaniyasi konidan topilgan. Auksionda amerikalik zargar Ayzak Vulf g‘olib chiqqan. Biroq 2014 yil fevralda unda brilliantni sotib olishga puli yo‘qligi ma'lum bo‘lgach, brilliant auksionga qaytarilgan. 2017 yil aprelda Hongkongdagi auksion vaqtida Pink Star’ni 71,2 mln dollarga sotishga muvaffaq bo‘lingan. 

Top