16:02 / 12.11.2020
3909

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish muddati 2022 yildan 2023 yilga ko‘chirildi

O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi PF-5655-son farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish 2022 yilda o‘tkazilishi belgilangan edi. 

Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish tadbiri keng ko‘lamli, ko‘p vaqt va katta mablag‘ talab etadigan tadbir bo‘lib, uni o‘tkazish uchun 2-3 yil davomida tayyorgarlik ishlarini olib borish kerak.

“Respublikamizda mustaqillik yillarida aholini ro‘yxatga olish tadbiri ilk bor o‘tkazilayotganligini inobatga olib, tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni sifatli o‘tkazish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarori bilan respublikamizda aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023 yilda o‘tkazilishi belgilandi”, - deyiladi qo‘mita xabarida.

Shuningdek, bugungi kunda dunyoda kuzatilayotgan koronavirus pandemiyasi sababli ko‘pgina davlatlar aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish muddatlarini keyingi yillarga ko‘chirish choralarini ko‘rayotgani aytiladi.

Ta'kidlanishicha, 2020 yilda Rossiya, Qozog‘iston va Armanistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan aholini ro‘yxatga olish tadbirlari 2021 yilga ko‘chirildi.

Mavzuga oid
Top