09:03 / 12.11.2020
1771
«O‘zbekneftgaz»: 2020 yilning 10 oyida 820 ming tonna avtobenzin va 616 ming tonna dizel yonilg‘isi yetkazib berildi

«O‘zbekneftgaz» AJ tasarrufidagi neftni qayta ishlash zavodlarida 2020 yil yanvar-oktabr oylari yakuni bilan 1 mln 546,4 ming tonna uglevodorod xomashyosi qayta ishlandi.

Natijada 690,9 ming tonna avtobenzin, 532,8 ming tonna dizel yonilg‘isi, 75,0 ming tonna aviakerosin hamda 94,1 ming tonna mazut yoqilg‘ilari ishlab chiqarildi.

Ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish ko‘rsatkichlari 70,7 foizni (reja 103,5 foiz, o‘tgan yilga nisbatan 101,5 foiz) tashkil etadi.

Joriy yilning I choragida «Buxoro NQIZ» MChJda gazoylni gidrotozalash qurilmasida katalizatorni zamonaviy turiga almashtirish natijasida Yevro-4,5 ekologik toifadagi dizel yonilg‘isini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib yanvar-oktabr oylari yakunigacha jami 58,2 ming tonna Yevro-4,5 dizel yonilg‘isi ishlab chiqarildi.

Bundan tashqari, respublika iste'molchilarining talabidan kelib chiqqan holda, oktabr oyida 2,3 ming tonna Yevro-3 ekologik toifasidagi dizel yonilg‘isi ishlab chiqarildi.

Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida respublika iste'molchilariga jami bo‘lib 820 ming tonna avtobenzin va 616 ming tonna dizel yonilg‘isi yetkazib berildi.

Respublikadagi iste'molchilarni neft mahsulotlariga bo‘lgan talab va ehtiyojini qondirish borasida qator samarali ishlar bajarilmoqda.

Jumladan, neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan rejalashtirilgan neft mahsulotlarini to‘liq ishlab chiqarish ishlari muvofiqlashtirilib, neft mahsulotlarining zaxiralarini yaratish choralari ko‘rildi.

Ma'lumot uchun, joylarda 154 ming tonna dizel yonilg‘isi va 73 ming tonna avtobenzin zaxiralari yaratildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 apreldagi 4664-sonli qarori asosida, Respublika iste'molchilarini neft mahsulotlariga bo‘lgan talablarini qondirish va uning uzluksiz yetkazib berilishini ta'minlash maqsadida ichki tartib ishlab chiqilib, neft mahsulotlarining Respublika tovar xomashyo birjasi savdolari orqali sotilishi yo‘lga qo‘yildi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Top