16:31 / 12.11.2020
7739
Samarqand shahrida gastronomik ko‘cha ochildi. U yerda dunyoning 30ga yaqin mamlakati taomlari tayyorlanmoqda

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Samarqand shahrining Orzu Mahmudov ko‘chasida gastronomik turizmni rivojlantirish bo‘yicha maxsus hudud tashkil qilindi.

Ayni paytda ko‘chada dunyoning 30ga yaqin mamlakati taomlari tayyorlanmoqda. Xususan, hududda Fransiya, Italiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya mamlakatlari, shuningdek, uyg‘ur taomlarini pishirishga ixtisoslashgan ovqatlanish obektlari ochilgan.

Samarqand viloyat turizmni rivojlantirish departamenti direktori Dilshod Narziqulovning aytishicha, ko‘cha turli xalqlar taomlari tayyorlanishi bilan birga, o‘ziga xos dizayn, qizg‘in tadbirlari bilan ham aholi va sayyohlarni o‘ziga jalb etadi.

Dilshod Narziqulov

«Hozirda gastronomik ko‘chamiz faoliyatini to‘liq boshladi. Orzu Mahmudov ko‘chasida joylashgan ushbu hudud qurilishining birinchi bosqichi yakuniga yetdi. Bunda asosiy e'tibor turli xil mamlakatlarning taomlarini pishiradigan oshxonalar, ovqatlanish obektlariga qaratildi. Ushbu inshootlar ko‘chaning ikki yonida joylashgan. U yerga tadbirkorlik subektlari jalb qilindi. Qo‘shimcha ravishda ochiq osmon ostidagi pavilonlar barpo etildi.

Gastronomik ko‘cha loyihasining ikkinchi bosqichida hudud jozibadorligini oshirishga alohida e'tibor berilmoqda. Masalan, tematik detallar joylashtirish ishlarini boshladik. Bunda hududga haykallar joylashtirish, taomlarning maxsus menyularini narxlari bilan o‘rnatish ishlari olib borilyapti. Bu chet el mamlakatlarida juda yaxshi rivojlangan. Tashqi fasadni yoritish bo‘yicha ham ishlar davom etmoqda. Ikkinchi bosqich ham nihoyasiga yetsa, u yerda aholimiz va sayyohlar uchun haftalik tadbirlar uyushtiriladi. Masalan, rassomlar haftaligida suratlar ko‘rgazmasi bo‘ladi. Haftalik davomida teatrlarimiz repertuarlari bilan ishtirok etishi mumkin. Shu kabi tematik tadbirlar bilan fuqarolarimiz va sayyohlarni ko‘chaga jalb qilishni maqsad qilganmiz», dedi departament direktori.

Ma'lum qilinishicha, ko‘chaning uzunligi 850 metrdan iborat. Hududda 200ga yaqin ish o‘rni yaratilgan.

Ayni paytda gastronomik ko‘chada 3ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi ham halol standarti asosida faoliyat yuritmoqda. Hududning kirish qismida «retro» uslubida 2ta ko‘prik qurilgan. Piyodalar yurish yo‘laklari granit toshlar bilan qoplanib, zamonaviy uslubdagi 45 dona tungi yoritish moslamalari o‘rnatilgan.

Top