12:14 / 12.11.2020
25145

Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi 349 mln so‘mga Equinox xarid qildi. Moliya vazirligi bunga ruxsat bermaganini bildirdi

Foto: KUN.UZ /Ma'ruf Asqarov

Surxondaryo viloyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshirilgan qariyb 3 mlrd so‘mlik davlat xaridlari haqida ma'lumotlar tarqaldi.

Unga ko‘ra, Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi 349 mln so‘mga Equinox avtomobilini xarid qilgan.

Davlat xaridlari portalida joylashtirilgan hujjatlarga ko‘ra, Davlat soliq boshqarmasiga ushbu rusumdagi mashinani sotib olishga Moliya vazirligi ruxsat bergan.

Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, Surxondaryo viloyat Davlat soliq boshqarmasi tomonidan boshqarma balansidagi, 2013 yilda ishlab chiqarilgan “Neksiya-2” rusumli avtotransport vositasi bugungi kunda eskirib yaroqsiz holga kelib qolganligi sababli uning o‘rniga belgilangan limit doirasida bir dona xizmat avtomashinasi xarid qilishga ruxsat so‘rab, 2020 yil 2 oktyabrda vazirlikka murojaat qilingan.

Mazkur murojaatga Moliya vazirligining 2020 yil 9 oktyabrdagi javob xati bilan yuqoridagi avtotransport vositasini o‘rnatilgan tartibda sotish hamda uning o‘rniga belgilangan limit doirasida Soliq organlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir dona O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan “Neksiya-3” rusumli xizmat avtomashinasi xarid qilishga e'tirozi yo‘qligi ma'lum qilingan.

“Biroq Boshqarma tomonidan “O‘zavto” dileri “Avto-sentr-Qashqadaryo” bilan Boshqarma o‘rtasida 2020 yil 30 sentyabrda tuzilgan 3-250-2020-1563UA-sonli shartnomaga asosan Equinox rusumli avtotransport vositasi xarid qilingan.

Moliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan xizmat surishtiruviga asosan, ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan xat, xususan, Surxondaryo viloyat G‘aznachiligiga taqdim etilgan Moliya vazirligining yuqorida qayd etilgan 2020 yil 9 oktyabrdagi YeS 8724-sonli xati o‘zgartirilganligi, ya'ni “Neksiya-3” rusumli” so‘zlari chiqarib qalbakilashtirilganligi aniqlandi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga vakolati doirasida Moliya vazirligining javob xatiga o‘zgartirish kiritgan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi yuzasidan o‘rnatilgan tartibda Moliya vazirligining murojaati yo‘llandi”, – deyiladi vazirlik izohida.

O‘z navbatida, Davlat soliq qo‘mitasi munosabatida aytilishicha, holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida qo‘mita raisining buyrug‘i qabul qilindi.

“Xizmat tekshiruvi davomida aniqlangan ma'lumotlar qo‘shimcha ravishda e'lon qilinadi. Davlat soliq qo‘mitasi OAV vakillari va blogerlarga ushbu holatga aniqlik kiritilishida faol ishtiroki uchun o‘z minnatdorligini bildiradi hamda jamiyat manfaati yo‘lida bu kabi muhokamalar uchun doimo ochiq ekanligini ma'lum qiladi”, - deyiladi DSQ matbuot xizmati munosabatida.

Top