17:56 / 12.11.2020
36685
Tanzila Norboyeva Gulnora Karimova haqida: «Ayolmi, erkakmi, jinoyat qilsa teng javob berishi kerak»

12 noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida mutasaddilar Gulnora Karimovaning koronavirusga chalingani, ahvoli og‘irlashgani yoki o‘z joniga qasd qilgani haqida tarqalgan xabarlar qanchalik haqiqat ekani haqidagi savolga javob berdi.

Xususan, Senat raisi Tanzila Norboyeva bu gaplarni “mish-mishlar” deb atadi.

“Bularning bari mish-mishlar, asoslanmagan faktlar”, dedi Tanzila Norboyeva. “O‘z joniga qasd qildi degan yoki boshqa noxush holatlar haqidagi gaplar asossiz. Gulnora Karimova sud tomonidan belgilangan jazo muddatini o‘tamoqda”, deya qo‘shimcha qildi IIV polkovnigi Umida Abdullayeva.

Tadbir O‘zbekiston Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiyasining faoliyati, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish masalalari yuzasidan matbuot anjumani bo‘lgani tufayli Norboyeva shunday qo‘shimcha qildi:

“Ayol sifatida qanday baho deb so‘ralsa, hozir tenglik to‘g‘risida gapiryapmiz, ayolmi, erkakmi, jinoyat qilsa teng javob berishi kerak".

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlar va OAVda belgilangan jazo muddatini Zangiotadagi koloniyada o‘tkazayotgan Gulnora Karimovaning salomatligi yomonlashgani, u o‘pka yallig‘lanishi tashxisi bilan sanitariya qismiga yotqizilgani, koronavirusga chalingan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi

Top