17:07 / 13.11.2020
1224
AQSh savdo vazirligi TikTok’ni bloklashni ortga surdi

Savdo vazirligining bildirishicha, Filadelfiya okrug sudi oktyabr oxirida vazirlik qarorining kuchga kirishiga nisbatan taqiq qo‘ygan.

Foto: Reuters

AQSh Savdo vazirligi Amerika kompaniyalariga Xitoyning TikTok servisidan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha choralarning kuchga kirish muddatini ortga surdi. 

AQSh prezidenti Donald Tramp avgustda TikTok ilovasidan keladigan xavfning oldini olish bo‘yicha farmon imzolagandi. Farmonda aytilishicha, “Xitoy kompaniyalari ishlab chiqqan mobil ilovalarning Qo‘shma Shtatlarda tarqalishi AQSh milliy xavfsizligi, tashqi siyosati va iqtisodiyotiga tahdid uyg‘otadi”.

Sentyabrda mamlakat Savdo vazirligi farmonga muvofiq taqiqlangan operatsiyalar ro‘yxatini e'lon qildi. Taqiqlarning aksariyati 12 noyabrdan kuchga kirishi va AQShda TikTok amalda bloklanishi lozim edi.

Savdo vazirligining bildirishicha, Filadelfiya okrug sudi oktyabr oxirida vazirlik qarorining kuchga kirishiga nisbatan taqiq qo‘ygan. Hukumat sud qaroridan norozi bo‘lib apellyatsiya bergan.

Vazirlikning qayd etishicha, ushbu ish bo‘yicha yangi sud qarori qabul qilinmagunicha TikTok’dan foydalanishga qo‘yilgan taqiq kuchga kirmaydi.

Top