17:35 / 13.11.2020
23459
Qo‘shni davlatlarga chiqishi mumkin bo‘lgan shaxslar toifalari haqida ma'lumot berildi

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Abdulhamid Abdurahmonov qo‘shni davlatlarga chiqishi mumkin shaxslar toifalari haqida batafsil ma'lumot berdi.

AOKAda o‘tkazilgan brifingda qanday holatlarda va qaysi post orqali Qozog‘iston Respublikasiga chiqish mumkinligi haqidagi savolga javob berildi.

Abdulhamid Abdurahmonovning ma'lum qilishicha, joriy yilning 23 oktyabr kunidan boshlab Qozog‘iston Respublikasi chegara qo‘shinlari bilan kelishilgan holda «G‘isht-ko‘prik» o‘tkazish punkti orqali quyidagi toifadagi shaxslar o‘tishiga ruxsat berildi:

  • o‘z yurtiga qaytayotgan O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikasi fuqarolari;
  • diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar xodimlari hamda ularning oila a'zolari;
  • rasmiy hukumat delegatsiyalari tarkibiga kiruvchi shaxslar;
  • davolanish, og‘ir kasal bo‘lgan yaqin qarindoshlarini ko‘rish yoki yaqin qarindoshining dafn marosimida ishtirok etish maqsadida ketayotgan shaxslar;
  • Qozog‘istonda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari; O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet-el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
  • qo‘shni davlat hududida joylashgan suv yoki xo‘jalik obektlariga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar;
  • hukumatlararo feldʼegerlik xizmati xodimlari;
  • o‘qish maqsadida ketayotgan shaxslar;
  • xalqaro yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar;
  • shu bilan birga barcha toifadagi uchinchi davlat fuqarolari ham ushbu o‘tkazish punkti orqali harakatlanishlari mumkin.

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari qaysi toifadagilarga O‘zbekistondan Tojikistonga chiqishga ruxsat etilganiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Hozirgi kunda Tojikiston Respublikasi tomonidan ba'zi bir cheklovlar bekor qilinmagani bois faqat quyidagi toifadagi fuqarolarga davlat chegarasi orqali o‘tishga ruxsat berildi:

  • xalqaro yuk tashuvchi haydovchilar;
  • diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar xodimlari hamda ularning oila a'zolari;
  • rasmiy hukumat delegatsiyalari tarkibiga kiruvchi shaxslar;
  • o‘qish maqsadida ketayotgan shaxslar.

Ushbu fuqarolar o‘zbek-tojik chegarasida joylashgan «Sariosiyo» va «Oybek» o‘tkazish punktlari orqali harakatlanishlari mumkin», dedi Abdulhamid Abdurahmonov.

Shuningdek, kimlar Turkmanistonga chiqishi mumkinligi haqida ham ma'lumot berildi.

Turkmaniston tomonidan ham cheklovlar bekor qilinmagani bois quyidagi toifadagi shaxslarga «Olot» o‘tkazish punkti orqali chegaradan o‘tishga ruxsat berilgan:

  • qo‘shni davlat hududida joylashgan suv yoki xo‘jalik obektlariga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar;
  • diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar xodimlari hamda ularning oila a'zolari.

Ma'lum qilinishicha, o‘zbek-qirg‘iz chegarasida joylashgan barcha o‘tkazish punktlarida cheklovlar bekor qilingan.

«Hozirda o‘zbek-qirg‘iz chegarasida joylashgan barcha o‘tkazish punktlarida cheklovlar bekor qilingani sababli ular orqali O‘zbekiston fuqarolari, chet-el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar karantin qoidalariga rioya etgan holda bemalol harakatlanishlari mumkin.

Xuddi shunday mazmundagi savollar Afg‘oniston chegarasi bo‘yicha ham kelib tushmoqda. Afg‘oniston Islom Respublikasi chegara qo‘shinlari bilan kelishgan holda joriy yilning 16 oktyabr kunidan boshlab, «Termiz» avtoyo‘l o‘tkazish punkti orqali barcha toifadagi O‘zbekiston va Afg‘oniston fuqarolariga davlat chegarasi orqali o‘tishga ruxsat berilgan», – degan DXX rasmiysi.

Bundan tashqari, quyidagi toifadagi uchinchi davlat fuqarolariga ruxsat berilgan:

  • diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar xodimlari hamda ularning oila a'zolari;
  • O‘zbekiston Respublikasida investitsion loyihalar doirasida o‘z faoliyatini yurituvchi xorijiy kompaniyalar va boshqa tashkilot xodimlari;
  • diplomatik vakolatxonalar so‘rovi asosida O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tartibda harakatlanayotgan shaxslar;
  • O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet-el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
  • xalqaro yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi xodimlar.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top