22:08 / 13.11.2020
10125
Volvo 30 metrlik balandlikdan yangi mashinalarni tashlab antiqa sinov o‘tkazdi (video)

Volvo kompaniyasi 30 metrlik balandlikdan yerga 10ta yangi mashinasini tashlab, antiqa krash-test o‘tkazdi. Kompaniya mashinalarni tashlash uchun avtokrandan foydalandi.   

Foto: Volvo

Sinovlar reklama maqsadida emas, balki og‘ir yo‘l-transport hodisalarida qutqaruvchilarning odamlarni mashinalar ichidan chiqarib olish malakalarini oshirish maqsadida o‘tkazilgan. Qutqaruvchilarning jiddiy yo‘l-transport hodisalari joyidagi tezkor harakatlari jabrlanuvchilar hayotini saqlab qolishdagi muhim omil hisoblanadi. 

Qutqaruvchilar odatda mashg‘ulotlar uchun eski mashinalardan foydalanishadi. Biroq ularning ta'kidlashicha, 10-20 yil avval ishlab chiqarilgan ushbu eski mashinalar zamonaviy mashinalardan xavfsizlik karkasi konstruksiyasi, mustahkamligi, chidamliligi jihatidan farq qiladi. Shu sababli qutqaruv xizmati iltimosiga ko‘ra kompaniya qutqaruvchilarga yangi mashinalar ajratishga qaror qilgan.

Mashg‘ulotlar davomida olingan malakalar Shvetsiyaning turli favqulodda xizmatlari tomonidan qo‘llanadi. Bu tajriba boshqa davlatlar qutqaruvchilariga ham asqotishi mumkin.

2020 yilda Volvo maksimal tezligi 180 km/soat bilan cheklangan avtomobillar ishlab chiqarishni boshladi. Kompaniyaning tezlik elektron cheklagichi qiymati 250 km/soatdan 180 km/soatgacha tushirilgan ilk modellari yangilangan S90 va V90 modellari bo‘ldi. 2021 yilda esa kompaniyaning barcha yangi mashinalari shunday tezlik chekloviga ega bo‘ladi.

Kompaniya mashinalarning maksimal tezligini cheklashdan tashqari, avtomobil tezligini o‘rnatilgan tezlik cheklovlari va geoma'lumotlar asosida nazorat qiluvchi texnologiyalarni tatbiq qilish ustida ishlar olib bormoqda. Jumladan, gap maktablar va shifoxonalar joylashgan ko‘chalarda mashina tezligining avtomatik ravishda pasaytirilishi haqida bormoqda. 

Bundan tashqari, shved kompaniyasi bo‘lg‘usi mashinalarini mast va e'tiborsiz haydovchilarni tanish tizimlari bilan jihozlash loyihasini taqdim etdi. Bularning barchasi kompaniya amalga oshirayotgan Vision 2020 dasturining bir qismi hisoblanadi. Bu dasturdan maqsad kompaniyaning yangi mashinalarida o‘lim va jiddiy jarohat olish holatlari sonini nolga keltirish hisoblanadi.

Top