12:53 / 14.11.2020
9280
Aktyor Armen Jigarxanyan 86 yoshida vafot etdi
Foto: «Teatralnaya afisha»

Armanistonlik mashhur kino va teatr aktyori Armen Jigarxanyan 86 yoshida vafot etdi. Bu haqda uning hamkasblari ma'lum qilishgan.

14 noyabr kuni tong soat 06:00 ga yaqin aktyorning joni uzilgan. Jigarxanyanning vafotiga u og‘riyotgan kasalliklar va yoshi sabab qilib keltirilmoqda. Aktyor shu yil yozda insultni boshdan kechirgandi. O‘shanda aktyorning sobiq rafiqasi Vitalina Romanovskaya Jigarxanyan karantindagi nofaol hayot tarzi sabab ahvoli og‘irlashganini aytgandi. Aktyor 2018 yildan buyon 5 marta kasalxonaga tushgan. 

Armen Jigarxanyan 1935 yil 3 oktyabrda Yerevanda tug‘ilgan. Aktyorlik faoliyati davomida Rossiyada yashagan Jigarxanyan «Salom, men sizning xolangizman», «Ali Bobo va qirq qaroqchi», «Uchrashuv joyi o‘zgarmaydi», «Tehron-43» kabi 300 ga yaqin filmlarda rol ijro etgan.

Hayoti davomida uch marta uylangan Armen Jigarxanyanning bir nafar qizi va bir nafar o‘gay o‘g‘li bo‘lgan. Aktyor SSSR xalq artisti mukofotiga munosib topilgan.

Top