18:49 / 14.11.2020
66978
Jazo muqarrarligi prinsipi nima? U fohishaga boshqacha, shifokor yoki o‘qituvchiga boshqachami?
Foto: Getty Images

Uzoq kutilgan sud jarayoni bo‘lib o‘tdi – “Instagram yulduzi”, fohishaligi bilan faxrlanuvchi, faoliyatini faol targ‘ib qiluvchi, xizmatlari narxini bemalol oshkor etuvchi va nihoyat kuch ishlatar tizimlar xodimlarini bo‘ralatib so‘kkan xonim jazoga tortildi!

Haqiqat qaror topdi, adolat tantana qildimi? Shoshmang! Yengiltakligi bilan beqiyos shuhratga erishgan ayol sud jazo sifatida belgilagan kulgili muddat – 5 kunning 5 minutini ham panjara ortida o‘tkazmadi. Unga qo‘llangan jarima pullari (agar chindan ham bu jarima qo‘llangan bo‘lsa) xonimning narxnomasiga ko‘ra nari borsa 2-3 soatlik “mehnati” bilan chiqib ketadi. Tez orada ozod qilinishi sababi ham tushuntirildi – 1 nafar voyaga yetmagan farzandi bor emish...

Darhol yana bir ayol taqdiri esga tushadi – koronavirusga qarshi kurashgan shifokor ayol hali sud hukmi chiqmay turib turli ayblovlar bilan qamoqqa tiqilganida uning 6 nafar voyaga yetmagan farzandini hech kim o‘ylamagandi. Tavbasiga tayantirib vaqtincha ozod qilinganda ham “ovozingni chiqarmaysan” deya rasmiy shart qo‘yilgandi.

Lablari cho‘chchaygan shakarxonimga esa IIV, DXX, FVV, MG, BP, sud, o‘t o‘chiruvchilargacha yig‘ilib bitta shart qo‘yishga yaramadilar. Xonim o‘sha kunning o‘zida yana qaytib chiqib internetni portlatdi va uch harflilarning hammasi ojizligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Kuch ishlatar tizimlarning sevimli iborasi – “jazoning muqarrarligi prinsipi” o‘zi nima? Qisqa qilib aytganda qonun oldida barcha barobarligi. Albatta, bu eng rivojlangan davlatlarda ham to‘la amal qilmaydi. Ammo qonunning ojizligini, qonun himoyachilarining qo‘li bog‘liqligini bitta fohishaning o‘zi isbotlab qo‘yadigan bo‘lsa, yana buni butun dunyoga jar solib maqtansa, “qonun ustuvorligi” degan tushunchaning o‘zi ermakka aylanmaydimi?! Shu toifa ayollarni jazolamoqchi bo‘lgan pogonli xodimga “qo‘lingdan kelsa shakarxonga chora ko‘r” deyilsa haq bo‘lmaydimi?

Umuman, fohishalik uchun jazoni kuchaytirish vaqti kelgan. Hozirgi qonunchilik eskirgani, tobora kengayib borayotgan internet, intim xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlari behad oshib ketganligi hozircha hech kimning esiga kelmay turibdi. Deputatlarimiz bunday tashabbusni ko‘tarishga xijolat bo‘lib turishibdi, yoki bu muammo ko‘lamini anglamayaptilar.

Yana kuch ishlatar tuzilmalarning ojizligiga qaytamiz.

Bugungi axborot asrida har qanday harakat (yoki harakatsizlik) e'tiborsiz qolmaydi. Ayniqsa ko‘pchilik diqqat markazida bo‘lgan insonlar (hatto u fohisha bo‘lsa ham) qonunlarni buzsa, aynan jazoning muqarrarligi prinsipi har qachongidanda kuchliroq ishlashi kerak. Chunki jamoatchilik diqqat bilan kuzatib turadi – xo‘sh, qonunlar hammaga barobarmi yoki faqat “qora xalq”ni jazolash uchungina ishlaydimi, degan savolga javob izlaydi.

Bu xonimga qadar ham mashhur bir xonanda butun kuch ishlatar tizimlarni ochiqchasiga haqorat qilgan va suvdan quruq chiqqandi. Qizig‘i, aynan o‘sha kunlari tizim xodimlariga gap qaytarish tugul ko‘chada sayr qilib yurish ham jazolanayotgan karantin damlari edi.

Yo‘q, xonanda shu qadar qudratli ekanki hatto sudga tortilmadi ham.

Ko‘p o‘tmay bir etak paxta o‘g‘irlagan ayol rasmiy nashrlarda haromxo‘rdan tortib yengiltakkacha haqoratlar bilan rosa sazoyi qilingandi...

Qissadan hissani chiqarib bo‘ldingiz.

Abror Zohidov.

Top