00:32 / 14.11.2020
11143

Lukashenko Ukrainaga sanksiyalar kiritish bilan tahdid qildi

Shu bilan birga, Lukashenko  Kiyev Belarus hukumatiga qarshi qanday sanksiyalar joriy etganini bilmasligini aytdi.

Foto: BelTA

Aleksandr Lukashenko Kiyevni Belarusdagi prezident saylovi bo‘yicha tutgan pozitsiyasi uchun tanqid qildi va Ukrainaga qarshi sanksiyalar kiritish bilan tahdid qildi.

“Prezidentingiz Zelenskiyning tebranishi – bu Yevroittifoq va Amerika uchun sharmandalarcha yaltoqlanish. Agar ular bizga qarshi sanksiya kiritishmaganida Volodya Zelenskiy ham shunday yo‘l tutgan bo‘lardi. Kiritishdi, ishora qilishdi va u ham ularning ortidan yugurdi. Bu nomunosib pozitsiya, bu kamida ukrain xalqining tahqirlanishi”, – dedi Lukashenko.

Shu bilan birga, u Kiyev Belarus hukumatiga qarshi qanday sanksiyalar joriy etganini bilmasligini aytdi. “Agar eslatsangiz, buning biz uchun qanchalik xavfli ekanligini aytishim mumkin”, – deb qo‘shib qo‘ydi u.

“Bizga qarshi sanksiyalar kirityapsizmi? Ko‘zingizni oching! Ukrainadan keladigan mahsulotlar uchun chegaralarimizni yopmaylik. Aks holda, nafaqat bozorimizga mahsulotlaringizni olib kira olmay qolasiz, balki Ukraina mahsulotlarini Belarusda qayta ishlay olmaysiz va Yevrosiyo bozoriga yetkazib berolmaysiz”, – dedi Lukashenko.

YeI 2 oktyabrda Belarus hukumatiga qarshi sanksiyalar joriy etgandi. Kiyev YeI sanksiyalariga qo‘shilishini bildirdi, ammo sanksiyalar joriy etgani haqida e'lon qilmadi.

Top