16:20 / 14.11.2020
15161
«OTMning barchasiga bir xil talab qo‘ya olmaymiz». Vazirlik mas'uli nima uchun gibrid shakldagi ta'lim tanlanmagani haqida gapirdi

Oliy ta'lim muassasalarida joriy o‘quv yilini an'anaviy shaklda boshlash bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazilmoqda.

Unda so‘z olgan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov “Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi nima uchun xuddi maktablardagidek gibrid yo‘nalishini tanlamay, buni oliy ta'lim muassasalarining o‘ziga qo‘yib bergani, hozir aksariyat ta'lim muassasalari birinchi va to‘rtinchi kurs talabalarini chaqirishyapti, ikkinchi va uchinchi kurs talabalari qolib ketyapti, tanlash imkoniyati deyarli yo‘q”, deya berilgan savolga javob qaytardi.

“Bugungi kunda bizda qolib ketyapti, degan narsa kun tartibida yo‘q. Bu noto‘g‘ri gap deb hisoblayman. Barcha kurslar jalb qilinadi, faqat ketma-ketlikda. Chunki oliy ta'lim muassasalari 10-15 mingta talabani bir vaqtda chaqirib, bir haftada hammasini hal qilib qo‘yish imkoniyatiga ega emas. Bu bugungi kundagi ko‘pgina tartiblarning buzilishiga olib keladi. Shu sababli Oliy ta'lim vazirligi umumiy tartibda holatni belgilab bergan, lekin asosiy masala oliy ta'lim muassasasi tomonidan hal qilinadi. 

Masalan, San'at va madaniyat instituti bilan Toshkent davlat texnika universitetini solishtirib bo‘lmaydi. Bunga bir xil talab qo‘ya olmaymiz. Tibbiyot akademiyasi bilan Qishloq xo‘jaligi universitetini ham solishtirib bo‘lmaydi. Bunga ham bir xil talab qo‘ya olmaymiz. Bu maktab, bog‘cha emas. Masalan, maktablarda bir xil talab, bir xil darslar, o‘quvchilar soni ham deyarli aniq. Lekin oliy ta'limda unday holat kuzatilmaydi. Mana shu talablarni oliy ta'lim muassasasining o‘zi belgilaydi. Bu talabaga ham, oliy ta'lim muassasasiga ham foyda. Chunki ular tarozi qachon muvozanatga kelishini biladi”, – deya Abduvali Xoliqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top