07:49 / 14.11.2020
59989

Shahrisabzda fuqaro ota-onasining ko‘z o‘ngida «ko‘cha bolalari» tomonidan vahshiylarcha kaltaklangan

Joriy yil 3 noyabr kuni shahrisabzlik 33 yoshli Yunus Yorboboyevni bir guruh notanish kishilar ko‘chada to‘xtatib, ayovsiz kaltaklashgan.

Yu.Yorboboyevning yaqinlari mazkur holat yuzasidan o‘sha kuniyoq IIBga xabar berishgan.

«Ukam ota-onam bilan o‘zining shaxsiy mashinasida Shahrisabz shahridagi Yangibozor atrofidagi avtoturargohga kirayotgan paytda oldida kelayotgan «Spark» rusumli avtomashinani ehtiyotsizlik sabab turtib yuborgan.

Mashinaga u qadar jiddiy zarar yetmagan. Ukam mashina egasidan uzr so‘rab, zararni to‘lab berishini aytib, o‘zaro murosaga kelishgan.

Biroq shu atrofda yurgan 5-6 nafar begona yigitlar kelib, aralashib, hoziroq zararni to‘lab berishini talab qilishadi va 0,25 litrli shisha «Coca-Cola» idishi bilan ukamning boshiga bir necha marta qattiq urgan. Idish sinib ketib, ukamning esa boshi yorilib, tinimsiz qon oqqan.

Bu ham yetmagandek ular ota-onamning ko‘z oldida ukamni vahshiylarcha tepkilashgan. Ajratmoqchi bo‘lgan otamni esa qo‘lidan bosib, ushlab turishadi. Ukam to o‘zini bilmay qolib yerga yiqilguncha do‘pposlangan», — deydi jabrlanuvchining akasi Yusuf Yorboboyev.

Kun.uz voqea yuzasidan Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi mas'ullari bilan bog‘landi. Birlashma vakilining ma'lum qilishicha, haqiqatan ham 3 noyabr kuni shifoxonaga 1987 yilda tug‘ilgan Yorboboyev familiyali fuqaro olib kelingani, uning boshi tepa sohasi chap qismida ezilib yirtilgan jarohat borligi qayd etilgan. Shifoxonada bemorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgach, yaqinlari uni o‘zi yashaydigan Kitob tumanidagi shifoxonaga olib ketishgan.

Qashqadaryo viloyat IIB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bemorning yaqinlari mazkur ishni qilgan guruh o‘zlarini «ko‘cha bolalari» deb atashi, agar ularning qilmishlariga huquqiy baho berilmasa, kelgusida bu og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Top