16:18 / 15.11.2020
2544
FAO Buxoroda ko‘makka muhtoj oilalarga 17ta suv nasoslari taqdim etdi

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Buxoro tumanidagi ko‘makka muhtoj xonadonlarga 17ta suv nasoslari va tumandagi tomorqa yerlariga ishlov berish uchun 4 ta motokultivatorni beg‘araz taqdim etdi.

FOTO: FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi

Tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasidan Kun.uz'ga ma'lum qilishlaricha, bu – FAO tomonidan Global Ekologik Jamg‘arma ko‘magi bilan amalga oshirilayotgan «Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish» loyihasi doirasida amalga oshirilgan.

Suv nasoslari berilgan muhtoj xonadonlar ro‘yxati Buxoro tumani hokimligi va viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan.

FOTO: FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi

«Dehqon va tomorqa xo‘jaliklariga pandemiyaga qarshi kurashning murakkab davrida ko‘rsatilayotgan beg‘araz yordam uchun minnatdorlik bildiraman va shuni ta'kidlamoqchimanki, Buxoro tumani aholisi bu boradagi hamkorlikni yanada rivojlantirishdan juda manfaatdor», – degan Buxoro tumani hokimi Qaxramon Do‘stov.

Ta'kidlanishicha, FAOning tuman aholisiga beg‘araz yordami shu bilan cheklanmaydi. Yuqorida ta'kidlangan loyiha doirasida issiqxona xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish uchun tumandagi tomorqa xo‘jaliklarida 20 ta issiqxona qurish ham rejalashtirilgan. Issiqxonalarni yetkazib berish va qurish bo‘yicha chora-tadbirlar boshlab yuborilgan.

FOTO: FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi

Umuman, loyiha doirasida 2020 yilning iyun oyida Buxoro viloyatining Buxoro tumanidagi tomorqa xo‘jaliklariga 30 ming dona pomidor, karam va bulg‘or qalampiri ko‘chatlari, iyul oyida esa 10 tonnadan ortiq azotli va fosforli o‘g‘itlar beg‘araz yetkazib berilgan. «Bu – pandemiya davrida tumanda moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tomorqa yer egalari uchun sezilarli yordam bo‘ldi», – deyiladi xabarda.

«Aholining eng zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, global oziq-ovqat ta'minoti zanjirlarining barqarorligini ta'minlash va oziq-ovqat tizimida pandemiya oqibatlarini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlar ushbu murakkab davrda oziq-ovqat inqirozining oldini olishga yordam beradi», – deydi loyihaning milliy koordinatori Muhammadjon Qosimov.

FOTO: FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi
Top