10:10 / 15.11.2020
59147
«Ko‘chish uchun 2 soat vaqtingiz bor». 76 yil avval mesxeti turklar o‘z vatanidan quvilgandi

Har yil 14 noyabr kuni dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yashaydigan mesxeti turklar qabristonlarga borib, ajdodlari ruhiga Qur'on tilovat qilishadi, ularni eslashadi. Bundan roppa-rosa 76 yil avval Stalin buyrug‘iga binoan mesxeti turklar Gruziya hududidagi jonajon vatani Mesxetiyadan badarg‘a qilingandi...

Foto: Wikipedia

Mustabid bir tuzum o‘laroq XX asrda bor yo‘g‘i 70 yil yashagan SSSR otlig‘ davlatda ko‘plab millatlar shunchalik ham og‘ir ahvolga solindiki, o‘shanda boshidan og‘ir kunlarni o‘tkazgan millatlar tarixini o‘qib, insonning matonatiga, bardoshiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q. Ana shunday millatlardan biri o‘zlarini Ahiska turklari deb ataydigan mesxeti turklardir.

Bu millat mustabid tuzum davrida nafaqat og‘ir azoblarga duchor qilindi, balki o‘z vatanidan ham ayrildi. Bugun bu millat dunyo bo‘ylab sochilib ketgan. Kimdir Turkiyada, kimdir Rossiyada, kimdir O‘zbekistonda yashayapti. NKVD rahbari Lavrentiy Beriyaning «tashabbusi» va «dohiy» Stalinning birgina qarori mesxeti turklarning vatandan ayro holda dunyo bo‘ylab sochilib ketishiga sabab bo‘lgan.

Avvalboshdanoq zo‘ravonlik ustiga qurilgan SSSRda XX asrning birinchi yarmi muhim o‘rin tutadi. Bu davlatda 1922 yildan 1953 yilgacha 31 yil davomida Iosif Stalin hukmronlik qilgan. U bugun nafaqat SSSR tarixida, balki jahon tarixida eng yovuz va qonxo‘r shaxslar qatorida eslanadi. Axir uning hukmronlik yillarida turli bahonalar bilan millionlab odamlar o‘z uylaridan badarg‘a qilindi, qamaldi, o‘ldirildi...

Avvaliga «oq gvardiyachilar»ga qarshi kurash, kollektivlashtirish, keyin «mamlakatni yot unsurlardan tozalash», ikkinchi jahon urush davrida «sotqinlar» eng oxirida esa «imperializm tarafdorlari» kabi ayblovlar bilan millionlab insonlar mahv etilgan. Stalin va uning eng yaqin yordamchisi bo‘lgan Lavrentiy Beriyaning ana shunday yovuz ishlaridan biri, o‘z vatanida yashab turgan bir qancha millatlarni sotqinlikda ayblab, boshqa joylarga quvg‘in qilgani bo‘lgan.

1943 yilda qorachoylar, qalmiqlar, 1944 yilda esa chechenlar va ingushlar, bolqorlar, qrim-tatarlar, mesxeti turklar, kurdlar va xemshinlilar o‘z ona yurtlaridan boshqa o‘lkalarga surgun qilingan. Surgun qilinganlarni go‘yoki vatanga xiyonat qilishda ayblashgan. Qrim-tatar, chechen, ingush, qalmiq, bolqorlar nemislarga josuslik qilishda ayblangan bo‘lsa, mesxeti turklar, kurdlar va xemshinlilar Turkiya foydasiga josuslikda ayblangan.

Keyinchalik bu millatlar aslida sotqinlik qilmagani ma'lum bo‘ldi. Ularning ba'zilari shunchaki o‘ch olish uchun badarg‘a qilingan bo‘lsa, ba'zilarining yashab turgan yeri kerak bo‘lgani uchun quvilgan. Aynan qrim-tatar va mesxeti turklarning yashab turgan yerlarini olib qo‘yish uchun ular mislsiz azobga mubtalo qilingan. Tarix shohid: qrim-tatarlar Qrimdan quvilgach, u yerga ko‘plab ruslar ko‘chib borgan.

1989 yilda qrim-tatarlar o‘z vataniga qaytib borganda u yerda ularga tegishli barcha narsa boshqalar tomonidan egallab olingan edi. Shunday bo‘lsa-da, qrim-tatarlarga tarixiy vataniga qaytib borishga ruxsat berildi. Mesxeti turklarga esa tarixiy vataniga qaytib borishga ruxsat ham berishmaydi. Sababi ularning tarixiy vatani Mesxetiya gruzinlar tomonidan egallab bo‘lingan edi. Shu tariqa, bu millat vatansiz qoladi.

Qolaversa, qaysidir millatni «nemislarga sotilgani» uchun jazolash kerak bo‘lsa, birinchi navbatda ruslarning o‘zini, so‘ng ukrainlar va belaruslarni ayblash to‘g‘riroq bo‘lmasmidi? Nemislar SSSRning g‘arbiy qismiga bostirib kirganda, u yerda yashayotgan ko‘plab ruslar va boshqa mahalliy xalqlar ularni non-tuz bilan kutib oladi va ularga sadoqat bilan xizmat qiladi.

Bundan tashqari, SSSR armiyasi qo‘mondonlaridan biri general Vlasov katta bir qo‘shin bilan nemislar tarafiga o‘tib ketadi. Ana shunday holatda Stalin va Beriyaning haqiqiy sotqinlar qolib aybi bo‘lmagan boshqa millatlarni sotqinlikda ayblashi «gruzin va rus bo‘lmaganlar»dan o‘ch olishdan boshqa narsa emasdi, bizningcha.

Quvg‘in qilinganlarning qariyb barchasi (qalmiqlardan boshqa) musulmonlar, buning ustiga asosan Kavkazda yashaydigan xalqlar hisoblanadi. Stalinning kelib chiqishi gruzin ekanligini inobatga olsak, Kavkaz xalqlarini, buning ustiga asosan musulmonlar o‘z uyidan badarg‘a qilinishi bejiz emasdi.

Yuqorida nomlari keltirilgan millatlarni quvg‘in qilishda NKVD (Narodniy komissariat vnutrennix del – Ichki ishlar xalq komissarligi) rahbari Lavrentiy Beriya asosiy rolni bajargan. Stalin ham xayrixoh bo‘lgan bu ishda quvg‘inlar aynan Beriyaning tashabbusi bilan amalga oshirilgan.

SSSRda o‘z yurtidan quvg‘in qilingan millatlar

1943-1944 yillarda SSSRning Kavkazda yashovchi ko‘plab millatlari o‘z vatanidan quvg‘in qilinadi. Jumladan:

Qorachoy ASSRda (avtonom respublika) yashovchi qorachoylar 1943 yil 12 oktyabrda;

Qalmiqiya ASSRda yashovchi qalmiqlar 1943 yil 27 dekabrda;

Chechen-ingush ASSRda yashovchi chechenlar va ingushlar 1944 yil 29 yanvarda;

Bolqor ASSRda yashovchi bolqorlar 1944 yil 24 fevralda;

Qrim ASSRda yashovchi qrim-tatarlar 1944 yil 10 mayda quvg‘in qilinadi.

Yuqoridagi millatlarni quvg‘in qilib ham tinchimagan Beriya 1944 yil 24 iyul kuni Stalinga №7896 raqamli xat bilan murojaat qiladi:

«Bir necha yil davomida Turkiya bilan chegaradosh hudud aholisi chegaraning narigi tarafidagi Turkiya fuqarolari bilan qarindoshlik aloqalarini saqlab kelmoqda. Ayrimlari Turkiyaga muhojirlikka ketmoqda. Shuningdek, ular faol ravishda kontrabanda bilan shug‘ullanmoqda va turk josuslik idoralariga turli ma'lumotlar yetkazib berib, o‘zlari ham josuslik to‘dalarini tuzishda xizmat qilmoqda...

NKVD Axalsix, Axalkalaki, Adigen, Aspindz va Bogdanovsk tumanlaridan hamda Ajariya ASSRning bir necha tumanidan 16 700 turk, kurd, xemshinli oilalarini ko‘chirish lozim deb hisoblaydi».

Stalin Beriyaning bu taklifini ham ma'qullaydi. 31 iyul kuni SSSR mudofaa ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi №6279 raqamli «mutlaqo maxfiy» qarorni qabul qildi. Qarorda Gruziya SSR janubida, SSSRning Turkiya bilan chegara hududlarida yashovchi mesxeti turklar, kurdlar va xemshinlilarni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hududiga badarg‘a qilish ko‘zda tutilgan edi.

«Mutlaqo maxfiy» qaror 1944 yilning iyul oyida qabul qilingan bo‘lsa-da, Beriya negadir uni bajarishni noyabr oyigacha kechiktiradi. 14 noyabr kuni birdaniga Mesxetiyani NKVD xodimlari bosadi va mahalliy aholiga zudlik bilan uylarini tark etishi lozimligi, aks holda buyruqni bajarishdan bo‘yin tovlaganlikda ayblanib, o‘sha joyning o‘zida otib tashlanishi mumkinligi aytiladi.

Beriyaning buyrug‘iga ko‘ra, barcha ishlarga Gruziya SSR NKVD rahbari Georgiy Karanadze, uning o‘rinbosari Bogdan Kabulov va Gruziya SSR davlat xavfsizlik xizmati rahbari Avksentiy Rapava boshchilik qilishadi.

Aholini zudlik bilan quvg‘in qilish ishlariga NKVD va xavfsizlik xizmatining 4 mingdan oshiq tezkor xodimi jalb etiladi. Odamlarga jo‘nash uchun bor-yo‘g‘i ikki soat vaqt beriladi. Mesxeti turklar zo‘rg‘a kiyim-kechak olishga ulguradi.

Shundan so‘ng, 17 noyabr kuni mesxeti turklarni 25 eshelonda vagonlarga tiqib, Markaziy Osiyoga jo‘natishadi. Quvg‘in kuzning sovuq kunlarida boshlangan bo‘lsa-da, mesxeti turklar yuk vagonlarida manzilga dekabrning so‘nggi o‘n kunligida, qishning ayozida yetib borishadi. Ana shunday og‘ir sharoitda manzilga yetib borguncha surgun qilinganlarning 25–30 foizi halok bo‘ladi.

Havo sovuq bo‘lgan kunlarda, yuk vagonlarda 5-6 haftalab uzoq yo‘l bosish mesxeti turklarni holdan toydiradi. Yuk vagonlaridagi og‘ir holat, kasallik va epidemiya tarqashiga sabab bo‘ladi, oqibatda ko‘pchilik halok bo‘ladi.

Mesxeti turklarning omon qolgan qismi O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga yetib kelganda qishning ayni avj pallasi edi. Ana shunday holatda ular sovuq baraklar, palatkalarda jon saqlashga majbur bo‘ladi. Bugun yurtimizda yoki boshqa yurtlarda yashayotgan keksa yoshdagi mesxeti turklardan o‘sha dahshatli kunlar haqida so‘rasangiz, ular gap boshlashdan avval, albatta, ko‘z yosh to‘kib oladi. Sababi, ularning aksariyati juda yosh bo‘lgan, uyidan, vatanidan quvib chiqarilgani yetmaganday, so‘nggi manzilga yetib kelguncha o‘z yaqinlarini ham yo‘qotgan.

Quvg‘in qilinganlarning umumiy soni qariyb 120 ming nafar bo‘lgan. Ularni avvaliga maxsus baraklarga, palatkalarga joylashtirishadi. Keyinchalik mahalliy aholi yordamida ular uy-joy tiklab oladi. Quvg‘in qilinganlarga o‘zlari joylashtirilgan hududdan boshqa joylarga borish taqiqlanadi.

1953 yilning martida Stalin vafot etadi. Uning davrida nohaq qamalganlar bilan birga nohaq quvg‘in qilinganlar ishi ham qayta ko‘rila boshlanadi. Nihoyat, 1956 yil 18 aprelda SSSR Oliy soveti prezidiumi boshqa millatlar qatori mesxeti turklar, kurdlar va xemshinlilarning quvg‘in qilinishi xato bo‘lgani haqida qaror qabul qiladi. Shundan so‘ng, boshqalar qatori mesxeti turklarga ham SSSR bo‘ylab erkin harakatlanib, ko‘chib yurish huquqi beriladi. Ammo boshqalardan farqli o‘laroq, mesxeti turklarga tarixiy vatani Mesxetiyaga qaytishga ruxsat berilmaydi. Shu sababli ularning asosiy qismi surgun qilingan joyi – O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda yashab qoladi. Ozroq qismi RSFSRdagi Kabardin-Bolqor ASSRdan berilgan yerga ko‘chib boradi.

Mesxeti turklar haqida

Foto: skfo.korovin.org

Mesxeti turklar – oltoy til oilasining turk guruhiga kiruvchi, turk tillarining o‘g‘uz lahjasida gapiruvchi, turk, ozar va gagauz millatlariga yaqin bo‘lgan millat hisoblanadi. Ular o‘zlarini Ahiska turklari (Ahıska Türkleri) deb ataydi. Bugun dunyoda yarim milliondan oshiq mesxeti turk bor. Ular dunyo bo‘ylab tarqalib ketgan. Mesxeti turklarning eng katta qismi Qozog‘iston, Rossiya va Turkiyada yashamoqda. Ularning aksariyati islom dinining sunniylik yo‘nalishiga, hanafiya mazhabiga amal qiladi.

Mesxeti turklar azaldan Gruziyaning Turkiya bilan chegaradosh Mesxetiya o‘lkasida yashagan. Mesxetiya o‘lkasi SSSR paytida Adigen, Axalsix, Aspindz tumanlariga bo‘lingan. Mesxetiyaning yarmi SSSRga, yarmi Turkiyaga tegishli bo‘lgan. 1829 yilgi rus–turk urushidan so‘ng Adrianopol shartnomasiga ko‘ra, Mesxetiya ikkiga bo‘linadi. Uning yarmi Rossiya tarkibiga kiradi, yarmi Turkiyada qoladi. Oktabr to‘ntarishidan keyin Gruziya SSR tuzilganida Rossiya tarkibidagi Mesxetiya Gruziya SSRga qo‘shib beriladi.

Ikkinchi jahon urushida Mesxetiyadan 40 ming odam urushga boradi. Ularning 26 ming nafari halok bo‘ladi. Mesxeti turklardan sakkiz nafar sovet ittifoqi qahramoni chiqqan. Mesxeti turklar quvg‘in qilingan paytda urushga yaroqli erkaklarining 99,9 foizi urushga chaqirilgan bo‘lgan. Mesxetiyada faqat yosh bolalar, ayollar va keksa yoshdagi qariyalar qolgan. Shunday ekan, bu millatni o‘sha paytda sotqinlikda ayblash o‘ta absurd ish edi.

14 noyabrda mesxeti turklarning o‘z vatanidan quvilganiga 76 yil to‘ladi. 76 yildan buyon bu millat o‘z vatanidan ayro holda, dunyoning boshqa davlatlarida yashab kelmoqda. Bugun bu millatga Turkiya, Ozarboyjon katta e'tibor va yordam beryapti. Masalan, 2014 yilda Ukraina sharqida ayirmachilar bilan hukumat o‘rtasida qurolli mojaro kelib chiqqanida Turkiya hukumati mojaro ichida qolgan mesxeti turklarga boshpana berishini ma'lum qiladi va 400 nafarga yaqin mesxeti turkka boshpana beradi. Qolaversa, Turkiyaga ko‘chib boradigan mesxeti turklarga ham ko‘plab imtiyozlar taqdim etiladi.

Farg‘ona fojiasi

O‘tgan asrning 80-yillari oxirida mustabid bir tuzum bo‘lgan SSSR parchalanib ketish arafasiga kelib qoladi. Ana shunday vaziyatda mamlakatni tarqab ketishdan asrab qolishga ko‘zi yetmagan SSSR rahbariyati turli hududlar bo‘ylab, turli millatlar o‘rtasida qonli nizolar uyushtira boshlaydi.

Kremlning «sa'y-harakatlari» bilan:

Qirg‘izistonda o‘zbek va qirg‘izlar o‘rtasida;

Ozarboyjonning Tog‘li Qorabog‘ida ozarlar va armanlar o‘rtasida;

Gruziyada gruzinlar va abxazlar hamda gruzinlar va osetinlar o‘rtasida;

Moldovada, Dnestrbo‘yida ruslar va moldavanlar, gagauzlar va moldavanlar o‘rtasida mojarolar bo‘lib o‘tadi.

1989 yilda Farg‘onada ro‘y bergan o‘zbeklar va mesxeti turklar o‘rtasidagi mojaro ham Kreml tomonidan puxta o‘ylangan reja asosida uyushtirilgan edi.

Mesxeti turklarning katta bir qismi O‘zbekistonga olib kelib joylashtirilar ekan, xalqimiz o‘sha paytda bu millatga imkoni boricha yordam ko‘rsatgan. Urush, qiyinchilik davr bo‘lishiga qaramay, bir burda nonini baham ko‘rgan. Oradan yillar o‘tib, Stalin vafotidan so‘ng, 1956 yilda mesxeti turklardan ayblovlar olib tashlanganda, bu millatning boradigan joyi yo‘q edi. Mesxetiya gruzinlar tomonidan egallab olingani uchun turklarning asosiy qismi O‘zbekistonda yashab qoldi. Kelib chiqishi va e'tiqodi o‘zbeklar bilan bir bo‘lgan bu millat O‘zbekistonda ona vatanida yashaganday yashaydi. Mahalliy aholi va bu millat orasida 1989 yilgacha umuman mojaro kelib chiqmagan.

1989 yilda sodir bo‘lgan fojiaga rasmiy Moskva turli sabablarni ro‘kach qiladi. «Pivoxonada chiqqan janjaldan boshlangan», «Bozorda mesxeti turk o‘zbek ayolini haqorat qilgan» va boshqa sabablar ko‘rsatiladi. Ammo keyinchalik barchasini Moskvaning o‘zi uyushtirgani ma'lum bo‘ladi.

Xalqimizning sevimli yozuvchisi, marhum Tohir Malik o‘zining «Shaytanat» «Murdalar gapirmaydilar» va «Po‘rtanali ummonda suzar hayot qayig‘i» nomli asarlarida Farg‘onadagi mojaroning boshlanishida Moskvaning hissasi qanday bo‘lganini qisman ochib bergan. Shuningdek, keyinchalik SSSR tarqab ketishi ortidan nafaqat Farg‘onadagi, balki sobiq ittifoqning turli hududlaridagi boshqa mojarolarini ham rasmiy Moskva uyushtirganini isbotlovchi ko‘plab dalillar yuzaga chiqadi.

O‘shanda Farg‘ona viloyatida «mesxeti turk o‘zbek qizini zo‘rlabdi» yoki shunga o‘xshash yolg‘on gaplarni eshitgan, Moskvadan kelib 1–2 o‘zbekni o‘ldirib, turklarga yopishtirilganini anglab yetmagan mahalliy aholiga mojaro Moskvadan turib boshqarilayotganini tushuntirish va ularni to‘xtatish qiyin edi. Shu sababli zo‘ravonliklar ham sodir etiladi. Tan olish kerak, o‘sha mojarolarda jabr chekkanlar asosan mesxeti turklar bo‘ladi. Chunki son jihatidan oz bo‘lgan turklar hech qachon mahalliy xalqqa bas kela olmasdi.

Vahimali gaplar ortidan darg‘azab bo‘lgan mahalliy aholi qayerda mesxeti turklar yashaydigan xonadon bo‘lsa bostirib kirib, ularga nisbatan turli zo‘ravonliklar sodir etadi. Mojaroni tinchitish uchun Farg‘onaga Turkiston harbiy okrugiga qarashli harbiy bo‘linmalar tashlanadi.

Ushbu qonli mojaro rejasi Kremlda tuzilganiga yana bir isbot shuki, o‘shangacha SSSRning turli hududlarida sodir bo‘lgan mojarolarni barchadan yashirib kelgan Moskva, Farg‘onadagi fojiani ommaga ko‘rsatish uchun markaziy televideniyedan bir nechta operator va muxbirdan iborat butun boshli guruhni yuboradi. Muxbirlar har kuni «olovli nuqta»dan «o‘zbeklarning qonxo‘rligi», «o‘zbeklarning zo‘ravonligi» haqida reportajlar uzatishadi va ular markaziy televideniye orqali ko‘rsatilib turiladi.

Farg‘ona fojiasi turklarning katta qismini yurtimizdan olib chiqib ketilishi bilan tugadi. O‘shanda Moskvadagi markaziy televideniye ko‘rsatgan lavhalardan farqli ravishda, xorij mediasiga intervyu bergan mesxeti turklar hammasi tushunarsiz tarzda boshlangani, boshida o‘zbeklar bilan mojaro chiqqaniga ishonmaganlari va bir-birlaridan «balki ruslar bilan mojaro chiqqandir» deb so‘raganlari haqida gapirgan. O‘sha intervyularda ular o‘zbeklar bilan avval hech qachon kelishmovchilik yuz bermagani, o‘zbeklar va turklar ildizan hamda e'tiqod jihatdan yaqinligi, hatto quda-anda bo‘lgani, shu uchun o‘zbeklarning mesxeti turklarga qarshi ko‘tarilganiga ishonmaganini hikoya qilgan.

Keyinchalik, O‘zbekistondan olib chiqilgan mesxeti turklar dunyo bo‘ylab tarqab ketadi. Ularning bir guruhi BMT dasturi bo‘yicha AQShga ko‘chiriladi. Bir qismi Turkiyadan boshpana topadi. Yana bir qismi MDH mamlakatlarida yashab qoladi. Bo‘lib o‘tgan qonli mojaroga qaramay, ularning bir qismi «vatanim O‘zbekiston» deb mamlakatimizda yashab qoladi. Bugungi kunda ular yurtimizda barcha bilan bir oila bo‘lib, o‘z uyida yashaganday yashayapti.

Eng muhimi, bugun mesxeti turklarning aksariyati o‘sha qonli voqealarni rasmiy Moskva uyushtirganini, o‘zbeklar va turklar esa vaziyat qurboni bo‘lganini biladi. Shu uchun ham bugun mesxeti turklar dunyoning qayerida yashashidan qat'i nazar, O‘zbekistonni hurmat va sog‘inch bilan tilga oladi hamda «ikkinchi vatanimiz» deb ataydi. Buni ijtimoiy tarmoqlarda, internet saytlarda mesxeti turklar O‘zbekiston sharafiga hurmat bilan yozayotgan bitiklardan ham bilsa bo‘ladi.

Ana shunday yozuvlardan birini bugun Ozarboyjonda yashayotgan mesxeti turklardan biri yozib qoldirgan:

«Mesxeti turklarni quvg‘in qilishganida onam olti yoshda bo‘lgan. Ular ikki oy yuk vagonda, og‘ir sharoitda yo‘l bosgan. Oilamiz Samarqand yaqinidagi qishloqqa tushgan. Onamning aytishicha, boshida ular rosa qiynalishgan. Oradan biroz o‘tib, mahalliy xalq turklarning sotqin emasligini, aksincha, o‘z yurtidan quvilgan jafokash xalq ekanini tushunib yetgan va xalqimizga munosabatini o‘zgartirgan. Ayniqsa 1956 yilda Xrushchyov boshliq hukumat Stalinning qrimtatar, chechen, ingush, mesxeti turklarni quvg‘in qilgani noqonuniy va adolatsiz ish bo‘lganini tan olib chiqqanidan so‘ng o‘rtadagi shubhalar batamom tarqagan.

Shu tariqa xalqimiz uzoq o‘zbeklar bilan hamjihatlikda yashaydi. Quda-anda tutinadi. Ammo 1989 yilda o‘zbeklar bilan bizning oramizga baribir fitna solishdi. Shundan so‘ng, bizni O‘zbekistondan olib chiqishdi va Ozarboyjonga kelib qoldik. Bugun biz o‘sha qonli voqealarda Kremlning qo‘li bo‘lganini yaxshi bilamiz va tarix ham buni isbotlab bo‘lgan».

Bir tarafdan qaraganda, kimdir yozganiday, «inson qayerda qulay sharoitda yashasa, o‘sha yer unga vatandir». Ammo bugun aksariyat mesxeti turklar vatanini sog‘inadi va hanuzgacha xalqaro tashkilotlardan tarixiy vatani bo‘lgan Mesxetiga qaytishda yordam so‘raydi...

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

 

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Top