11:27 / 15.11.2020
62552
Nolasi ko‘klarga o‘rlagan jizg‘anak ayol. O‘ziga o‘t qo‘ygan ma'sumalar taqdiri kimning muammosi?

Bir ayol o‘ziga o‘t qo‘yib borar, 
Vujudi olovga chulg‘anib borar.
Nolasi dunyoni uyg‘otib borar,
Ey, o‘zbek, ne uchun uyg‘onmaysan, sen.
(Jurnalist G‘ayrat Shirinov)

Sentyabr oyining eng mudhish hodisalaridan biri – Namanganda bir ayol o‘zini yoqib yuborishi butun jamoatchilikni larzaga keltirdi. Fojiaga har kim har xil sabablarni keltirdi.

O‘zbek media olamida biroz muddat muhokama qilingach, bu voqea ham boshqa vaqtinchalik «trend»dagi mavzular kabi o‘rnini boshqalariga bo‘shatib berdi. Hozirda jamoatchilik allaqachon unutib yuborgan fojia, afsuski, 1-2 yil emas, balki bir asrdan beri ayollarni o‘z changaliga olib, qo‘yib yubormayotganidan xabardormisiz? Nima uchun jamiyatning ushbu og‘rig‘iga shuncha yillardan beri davo topilmayapti? Bu kimning muammosi? Uni kim hal qilish kerak?

«Poxol ayol»

Jurnalist va filolog Eldor Asanov telegram kanalida ushbu holatning chuqur ildizli tarixi haqida fikr bildirgan:

«MDH antropologiyasida bu termin o‘ziga o‘t qo‘ygan yoki qo‘yishga moyilligi bor ayollarga nisbatan ishlatiladi. Markaziy Osiyo respublikalarida ayollar o‘ziga o‘t qo‘yishi ko‘p kuzatilgan va tez-tez qaytalanib turadigan fenomendir.

Markaziy Osiyo xalqlarida ayollar paradoksal ijtimoiy mavqega ega. Bir tomondan, ular asosan bola boqishga, uy yumushlariga bog‘lab qo‘yilgan, erkakka tobe holatda yashashga ko‘nikkan. Boshqa tomondan, biz sekulyar jamiyatda yashaymiz, ayollar o‘zini realizatsiya qilish imkoniyatiga ega, qolaversa, ijtimoiy munosabatlarda ayollarga nisbatan yumshoqroq muomalada bo‘lish ko‘nikmasi bor: ayollarga qo‘l ko‘tarishni, qo‘pol gapirishni ko‘pchilik o‘ziga or biladi, ayollar davlat tashkilotlarida janjal ko‘tarsa, unga yon bosiladi.

O‘zbek qizlari sekulyar hayot kechirishi, o‘qishi, ishlashi bir qarashda mumkin, lekin u doimo qandaydir chegarani bilib yurishi lozim, zero eri, otasi, oilasi, jamiyatning gap-so‘zi uning o‘qishiga, karerasiga, baxtli hayotiga osonlik bilan chek qo‘yishi mumkin. U modern va an'ana orasida yashashga majbur. U o‘zini realizatsiya qilish imkoniyatiga ega, lekin ortiq bunga to‘sqinlik qiluvchi omillar bor, ayol ularni inobatga olmasa, marginallashadi, ya'ni jamiyatdan va oilasidan chetlashtiriladi.

1920–1930-yillarda Markaziy Osiyodagi sovet respublikalarida «Hujum» kampaniyasi bo‘lib o‘tgan. Uning doirasida mahalliy ayollar paranji tashlashi va sekulyar hayotga kirib borishi, o‘qishni, ishlashni boshlashi lozim edi. Bu kampaniya davomida bir guruh ayol paranjini tashlamagani uchun davlat strukturalarining bosimiga uchragan bo‘lsa, bir guruh ayol, aksincha, sekulyarlashuvda faol bo‘lgani bois konservativ erkaklarning va umuman jamiyatning bosimi ostida qolib ketgan. Paranjini tashlagan ayollarning o‘ldirib ketilishi ko‘p kuzatilgan. Ikki tomonlama bosim ostida qolgan Markaziy Osiyo ayollari ana o‘shanda birinchi marta o‘ziga o‘t qo‘yishga murojaat etgan. 1926–1928-yillarda Markaziy Osiyo respublikalarida 203 nafar ayol o‘zini yoqib yuborgan.

1980-yillarning ikkinchi yarmida bu holat yana takrorlangan. 1987 yilda O‘zbekistonning o‘zida 270 ayol o‘ziga o‘t qo‘ygan. Bunga o‘sha paytdagi ijtimoiy va siyosiy o‘zgarishlar, ayollarning og‘ir turmush tarzi sabab bo‘lgan. Qizig‘i, ba'zi mualliflar bunga «o‘zbek ayoli shariat zug‘umidan qiynalib ketgani»ni sabab qilib ko‘rsatgan. Vaholanki, allaqachon sekulyarlashib bo‘lgan o‘zbek jamiyatida ayollarni qiynagan muammolar mutlaqo boshqacha edi.

Yaqin tarixda ikki marta «trend»ga aylangan bu suitsid bugun qaytayotgandek go‘yo. Buning ommaviy harakatga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun masalaga kengroq yondashish kerak. Bitta ayolning fojiasi emas, umuman ayollarning muammolari jiddiyroq, chuqurroq o‘rganilishi kerak. O‘zbek ayolini nimalar qiynaydi, nima uni o‘z joniga qasd qilishga majburlaydi, unga qanday psixologik va ijtimoiy yordam kerak – bularni o‘rganish, xulosalar qilish, shunga yarasha ishlar amalga oshirish kerak. Afsuski, O‘zbekistonda bunday ishni amalga oshira oladigan tajribali, professional sotsiologlar, antropologlar va psixologlar jamoasi yo‘q. Yo ular boshqa ishlar bilan band, yo bilimi yetmaydi, yo hech kim muammoni ular hal qilishi mumkinligini o‘ylab ko‘rmaydi, ularni bu ishga jalb etmaydi.

Ayollar nima sababdan joniga qasd qiladi? Nega aynan o‘ziga o‘t qo‘yadi? Bu holatni qanday bartaraf etsa bo‘ladi? Ayollarga qanday yordam bersa, bunday holatlar kamayadi?

O‘t qo‘yish shaxsiy muammoni ijtimoiy sathga olib chiqish vositasidir. Dori ichsa, uyida o‘zini osib qo‘ysa – bu nari borsa oilaga protest bildirishdir. Muammo ham uy ichida qoladi. O‘t qo‘yilishini esa hamma ko‘radi. Bu jamiyatga, davlatga protestdir. Qolaversa, o‘t qo‘yish o‘zini o‘ldirishning qo‘rqinchli, namoyishkor turidir. U ko‘rganlarning hissiyotlarini junbishga keltiradi, ijtimoiy reaksiyani, sotsial harakatni keltirib chiqaradi.

Bu kabi savollarga aniq javob topish uchun sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish, ayollarning tegishli guruhlari bilan suhbatlashish, ularning psixologiyasini o‘rganish va, tabiiyki, ularning muammolarini hal qilish ustida ishlash kerak. Bu – shaxsiy emas, ijtimoiy muammo va u jamiyatning har qanday a'zosiga ta'sir o‘tkazishi mumkin».

«Ayollarning olov bo‘lib ko‘kka o‘rlashi jamiyat va hukmron siyosat inqirozidan darak edi»

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Olim Toshboyev o‘tgan asrning 80–90-yillaridagi matbuoti bu mavzuni qanday yoritganligi bo‘yicha fikrlarini bildirdi:

«O‘tgan asrning 80-yillari O‘zbekistonda ayollarning o‘ziga o‘t qo‘yishi ko‘payib ketgan edi. Matbuotda tarqalgan ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 1988 yilda 270 nafar, 1989 yilda esa 250 nafar xotin-qiz tirik gulxanga aylanadi. Zulm, og‘ir turmush, adolatsizlik va xo‘rlikka qarshi isyonga chog‘langan qiz-juvonlarning bu mash'um qarorini oqlab bo‘lmaydi, albatta. Ammo insonning aziz va mukarramligini unutgan dahriy jamiyatning nochor fuqarosi norozilikni shu yo‘l bilan izhor etmoqchi bo‘ldi. Otalar boshi egildi, yigitlar bo‘zladi, onalar tirik murdaga aylandi.

«Paxta ishi», «O‘zbek ishi» degan uydirmalardan g‘ururi poymol etilgan, yuzi shuvut bo‘lgan xalq uchun ayollar kurashga chiqdi. Ayollarning olov bo‘lib ko‘kka o‘rlashi jamiyat va hukmron siyosat inqirozidan darak edi. Ammo zo‘ravonlik va aldovga qurilgan tuzum hamisha fojialarni tan olmaslik yo‘llarini axtaradi. Sho‘ro hukumati ham bu ayanchli holatni xaspo‘shlashga urindi. «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» haftaligida Mixail Dudinning xati e'lon qilingan. Rossiyalik shoir o‘zbekistonlik hamkasblariga murojaat etar ekan, «Sizlarning rahbaringiz Yoqubov plenumda aytgan raqamlar meni hayratga soldi, 270 ayol o‘zini-o‘zi yoqibdi, 270!!! O‘zlariga benzin quyishib, gugurt chaqishgan-u va haqqa yetishgan. Na hayot, na xotira, faqat bir olovning gurillab yonishi… Buni eshitib sochlarim tikka bo‘lib ketdi, haligacha o‘zimga kelolmayman. U haqda men hatto she'r ham yozdim. Bu mening tug‘yonim va mening hayratim, mening hayronligim», deydi va quyidagi satrlarni bitadi:

Ayollar yonmoqda O‘zbekistonda,

Bu haqda yozilmas bizlar tomonda.

U qanday og‘riqdir, sho‘rlik gullarni

Olovga yo‘llagan, yoqqan gulxanni?

O‘sha davrda respublikada sodir bo‘lgan ulkan fojialar, nobop tuzum va munofiqona siyosat haqida ro‘y-rost yoziladigan payt ham keladi. Jamiyatda har xil qarash va fikrlarga sabab bo‘lgan bu xunuk an'ana shoirlarni iztirobga solgan edi. Rauf Parfi, Yo‘ldosh Eshbek, A'zam O‘ktam, Maqsuda Ergasheva kuyib kul bo‘lgan mushtiparlarga bag‘ishlab she'rlar bitdi. So‘ngsiz dard va alam tufayli qo‘liga qalam olgan shoirlarimiz Vatan timsoli Ayolning bir hovuch kulga aylanayotganidan bo‘zladi:

Lovullaydi baxmal bolishlar

Quchog‘ida yonar kelinchak.

Atir isi to‘lgan xonada

Ayol jismi bo‘lar jizg‘anak.

Nahotki 30 yil avvalgi muammo hali ham yechilmagan?

O‘tgan asrning 80–90-yillarida matbuotda o‘ziga o‘t qo‘yib yuborgan ayollar haqida juda ko‘p maqolalar yozilgan. Ammo beparvo rahbarlarning aybi bilan fojialar kamayish o‘rniga ko‘payib borgan. O‘sha paytlar keltirilgan fikrlar hamon dolzarb.

Masalan, 1988 yil 9 aprelda «Yosh leninchi» gazetasida «Loqaydlik qurboni» maqolasi chop etildi. Unda ayollarning o‘ziga o‘t qo‘yish statistikasi keltirilgan:

«...Samarqand oblastida o‘tgan yili 31ta o‘ziga o‘t qo‘yish hollari ro‘yxatga olingan bo‘lsa, shundan 24tasi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atishdan bosh tortilgan. Qashqadaryo oblastida 37ta voqeadan 23tasi, Buxoro oblastida 16ta voqeadan 10tasi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilmagan. O‘tgan yili umuman respublika bo‘yicha o‘ziga o‘t qo‘yishga doir 88ta fakt yuzasidan jinoiy tergov boshlashdan bosh tortilgan... Aybdorlarni jazolash hollari kamdan kam bo‘lmoqda, buning ustiga ularga nisbatan ko‘pincha jinoyatning sotsial xavfi va og‘irligini hisobga olmay, asossiz ravishda yengil jazo berilmoqda».

«Yosh leninchi» ushbu ijtimoiy mavzuni tez-tez ko‘tarib turgan. Gazetaning 1988 yil 6 yanvardagi sonida E. G‘afforovning «Ayol kishining fojiali qismati» maqolasi chop etilgan. Unda ham o‘ziga o‘t qo‘ygan ayolning taqdiri shifokor tilidan so‘zlab beriladi:

«...Endigina 25 yoshga kirgan, kuch-quvvati barq urgan ayol yashashdan charchasa-yu, kunlarning birida jonidan to‘yib o‘ziga kerosin quysa, bu axir g‘ayritabiiylik-ku? Bilasizmi, ayolning ahvolini tushunsa bo‘ladi. Qiyin, lekin tushunsa bo‘ladi. Muzaffar Jabborova turmushga chiqqanidan keyin har yili farzand ko‘rdi... Ko‘pchilik o‘zbek oilalarida, ayniqsa, qishloqda navbatdagi bolani tug‘ib, ko‘zi yorigan ayolni hali kuch-quvvati joyiga kelmay o‘rnidan turib ketishi va sigir-buzoq, qo‘y, tomorqa, tandir kabilar bilan bog‘liq bo‘lgan uy-ro‘zg‘or ishlariga kirishib ketishi kerak.

Ustiga ustak yana erning, qaynona va boshqa qarindoshlarning ko‘nglini olish ham kerak bo‘ladi. Ana shularning hammasi bir bo‘lib va buning ustiga turmushdagi qiyinchiliklar qo‘shilib, ba'zan ayol kishining asablari nihoyatda qaqshashiga, charchashiga olib keladi... Butun turmush uning uchun botmondaxsar yukka aylanadi...Bunday voqealar ko‘pincha o‘lim bilan tugaydi va ikkinchidan, o‘zini-o‘zi o‘ldirishga uringanidan keyin er o‘z xotinini kuchliroq sevishiga va uni hayotning qolgan qismida doimo boshiga qo‘yib yurishiga ishonish qiyin.

Nima uchun hozir prokuraturadagi o‘z-o‘ziga o‘t qo‘yish bilan bog‘liq ko‘pgina «delo»lar «jinoyat sostavi» yo‘qligi tufayli yopib yuborilmoqda... To‘g‘ri, ulardan ko‘pchiligi azob-uqubat yukini lom-mim demay, sukut ichida ko‘tarib yurishadi, so‘nggi daqiqalargacha yashab qolish haqida orzu qilishadi.

...Qizlarni yoshi ulg‘aygani sari ro‘y beradigan fiziologik o‘zgarishlar sarosimaga solmasligi kerak. Afsuski, onalar, sinf rahbarlari qizlarni sodir bo‘layotgan «sir-asrorlar» bilan hamma vaqt ham tanishtirmayotganliklari tufayli biz, shifokorlar mana shu sarosimalik negizida yuz beradigan haqiqiy psixologik o‘zgarishlarga duch kelyapmiz. Maktabda o‘g‘il bolalarni bo‘lajak ota, oila boshlig‘i, g‘amxo‘r, e'tiborli va nazokatli er sifatida tarbiyalab borish darkor».

Aziz joniga qasd qilishga nima sabab bo‘lyapti?

Ayollarga vaqtinchalik boshpana beruvchi shelterlar (markaz) haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Ushbu markazlarda asosan ayollar, bolalarga reabilitatsion ko‘mak beriladi. Mavzu yuzasidan qanday muammolar ayollarni qiynayotgani bo‘yicha Respublika markazi Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi direktori Gulchehra Matkarimova bilan suhbatlashdik.

«Markazimizga murojaat qilgan ayollar maishiy zo‘ravonlik: turmush o‘rtog‘i, qarindoshlari tomonidan jismoniy zo‘ravonlikdan aziyat chekishadi. Masalan, qaynsingil, qaynopa va boshqa qarindoshlar guruh bo‘lib urgan holatlar tez-tez uchrab turibdi. Do‘pposlangan holatda kelgan ayollarni uyiga qaytarish xavfli bo‘lib, bunda ichki ishlar organi xodimlariga murojaat qilamiz. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan anglashuv memorandumini tuzganmiz. Unga muvofiq, jabrlangan ayollarga huquqiy yordam ko‘rsatish choralari ko‘riladi. Ayolning yashash joyidagi hokimliklar bilan bog‘lanib, mahalla faollari bilan hamkorlikda ularning masalasi hal qilinadi.

Ayollarning bunday holatga tushib qolishiga asosiy sabab – erkaklar tomonidan ularga mensimasdan munosabatda bo‘lish. Erkaklar ayol ham inson ekanligi, uning ham orzu-istaklari borligini xayoliga ham keltirishmaydi. Bunday toifadagi erkaklar juda ko‘p. Eri tomonidan doimiy tazyiq ko‘rgan, haqoratlarni eshitgan ayollarning ruhiyatini sog‘lomlashtirishimiz juda qiyin kechadi.

Bizga murojaat qilgan ayollarning ba'zilari bir necha marta o‘z joniga qasd qilgan bo‘ladi. Masalan, sirka ichish, ko‘p miqdorda dori ichish, tomirini kesish kabi holatlar. Suitsidning sabablarini chuqur tahlil qilish kerak. Kuzatuvlarimdan shuni xulosa qilganmanki, ayollar xo‘rlangan, o‘zini inson sifatida keraksizligini his qilgan vaqtda joniga qasd qilishga urinadi. Doimiy xo‘rlik, kamsitishlar – hammasi yig‘ilib bir kun uni «portlatadi». Ayol ro‘zg‘orda muhtojlikka chidashi mumkin. Lekin xo‘rlikka ruhiy bardosh berolmaydi.

Joniga qasd qilgan ayollarning asosiy maqsadi o‘zini o‘ldirish emas, balki yaqinlarini qo‘rqitib qo‘yishdir. Shunaqa holatlarning hech qaysi birida erkak ayoliga oldingidan yaxshiroq munosabatda bo‘lmagan. Shu sababli ayollarga bu yo‘l noto‘g‘ri ekanligini doim tushuntirib boramiz. Bunday toifadagi ayollarning deyarli barchasi tayanch ma'lumotga ega bo‘lmagan, kasb-hunari bo‘lmagan, faqat uyda o‘tiradiganlar bo‘ladi. Demak, ularni kasb-hunarga o‘qitish, biron foydali yumush bilan mashg‘ul qilishga yo‘naltirishimiz kerak.

Jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikka uchrayotgan ayollar nima uchun bunday xo‘rliklarga chidashyapti? Chunki ular eriga qaram. Ajrashsa, uysiz qoladi. Ularni mana shu muammo qiynaydi. Shu sababli Oila kodeksiga nikoh shartnomasini majburiy kiritish kerak. Ana shunda zo‘ravonliklar, o‘z joniga qasd qilishlar biroz kamayarmidi», deydi u.  

Yuqoridagi fikrlardan xulosa qilish mumkinki, ayollarning xo‘rlanishi bu oddiy va e'tibor bermaydigan kichik muammo emas. Xo‘rliklar, azoblanish ayolni o‘z domiga torsa-yu, bunga beparvo bo‘lsak, oqibati tuzatib bo‘lmas darajaga kelib qoladi. Tanazzulning boshlanishi shu emasmi?

Muhabbat Ma'mirova

Top