23:02 / 15.11.2020
19324
Ozarboyjon Armanistonga qo‘shinlarini olib chiqish muddatini uzaytirib berdi
Foto: RIA Novosti

Armaniston Rossiya orqali Ozarboyjonga murojaat qilib, Bokudan Kelbajar tumanidan qo‘shinlarni olib chiqish muddatini uzaytirib berishni iltimos qildi. Ta'kidlanishicha, Boku bunga rozi bo‘lgan va Yerevanga qo‘shinlarini olib chiqish uchun 10 kun muhlat bergan. Bu haqda Ozarboyjon prezidenti yordamchisi Hikmat Gajiyev ma'lum qildi

Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi ixtilofni to‘xtatish bo‘yicha Ozarboyjon va Rossiya bilan imzolangan bayonotga ko‘ra, Kelbajar, Lochin va Ag‘dam tumanlarini Ozarboyjonga 1 dekabrgacha bo‘shatib berishi kerak.

Jumladan, Armaniston Kelbajardan o‘z qo‘shinlarini 15 noyabrgacha olib chiqishi kerak edi. Gajiyevning ta'kidlashicha, ushbu tumanning Ozarboyjonga topshirilishi 15 noyabrdan 25 noyabrga ko‘chirildi. Boku bunga “insonparvarlik nuqtai nazaridan” rozilik bergan.

Ushbu qaror Armanistonda yuzaga kelgan muammolar sababli qabul qilingan. Jumladan, Yerevan duch kelgan muammolardan biri Kelbajardan Armanistonga faqat bir yo‘l borligi va uning o‘tkazish qobiliyati pastligi bilan bog‘langan. Bundan tashqari, ushbu hududda hozirda murakkab ob-havo sharoiti kuzatilmoqda. 

“Kelbajardan Armanistonga olib boruvchi yagona yo‘lning yuklanganligi va ob-havo sharoitlarini inobatga olib, Ozarboyjon Armanistonning iltimosiga rozi bo‘ldi”, deb aytgan Gajiyev.

Armaniston kelishuvga ko‘ra, 20 noyabrgacha Ag‘dam tumani va Gazax tumanidagi hududlarni, 1 dekabrgacha esa Lochin tumanini bo‘shatib berishi kerak. Ozarboyjon prezidenti yordamchisining ta'kidlashicha, bu tumanlar topshirilishi muddatlari o‘zgarishsiz qolgan.

Top