19:43 / 15.11.2020
6040
O‘zbekiston bozorlaridagi narxlar: mahsulotlar bahosida keskin o‘zgarish yo‘q

Kun.uz’ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardagi muxbirlari o‘z hududlaridagi markaziy dehqon bozorlaridagi 15 noyabr kunidagi narx-navolar haqida ma'lumot to‘plashdi. Jami 18 turdagi oziq-ovqat va meva-sabzavot mahsulotlarining o‘rtacha narxlari to‘plab, tartiblandi.

O‘tgan haftadagi narxlarni solishtirish asnosida bozorlardagi narxlarda keskin o‘zgarish ko‘zga tashlanmayapti. Bir muddat qimmatlab ketgan tuxum sifatiga ko‘ra 750–1200 so‘m oralig‘ida sotilmoqda. Shuningdek, avvalgi haftalarda kilosi 8000–8500 ming so‘mgacha ko‘tarilib ketgan shakar narxi ham barqarorlashib, ayrim joylarda hattoki 6000 so‘mdan ham sotilayotgani ma'lum bo‘ldi.

Bodring va pomidor narxi hamon yuqoriligicha qolmoqda. Bunga sabab qilib, bu mahsulotlar allaqachon dalada yetishtirilmayotgani, issiqxona xo‘jaliklarining tabiiy gazdan uzilayotganini keltirish mumkin. Bodringning kilosi eng qimmat Toshkent shahri va viloyati, shuningdek, vodiy viloyatlarida sotilmoqda.

Bozorlarda go‘sht narxi biroz barqarorlashgan: joylarda mol go‘shti 55-60 ming so‘m oralig‘ida sotilayotgani, qo‘y go‘shti o‘rtacha 65-70 ming so‘m ekanligi qayd etildi. Tovuq go‘shtining 1 kilosi hamon To‘rtko‘l va Urganchda eng arzon — kilosi 13-14 ming so‘m.

Top