09:10 / 15.11.2020
55729

Qirg‘izistonda prezident lavozimiga rekord sonda nomzod ro‘yxatga olindi

Qirg‘izistonda prezident lavozimiga nomzodlarni ro‘yxatga olish yakunlandi. Markaziy saylov komissiyasiga muddatdan oldin prezident saylovlarida ishtirok etish istagini bildirgan 64 nomzod ariza topshirgan va ulardan 62 nafari ro‘yxatga olingan. Bu mamlakat uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.    

Foto: RFE/RL

“Nomzodlardan ariza qabul qilish yakunlandi. Markaziy saylov komissiyasiga 64ta ariza tushdi. Ikkita ariza qaytarib olindi”, deb ma'lum qilingan komissiyada.

Nomzodlar orasida 14 noyabrda prezident vakolatlaridan voz kechgan va bosh vazir majburiyatlarini bajarishni to‘xtatgan Sadir Japarov, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Abdil Segizbayev, muxolif partiya “Butun Qirg‘iziston” yetakchisi Adaxan Madumarov, parlamentning sobiq spikeri Kanat Isayev, sobiq ichki ishlar vaziri Kursan Asanov bor.    

Ma'lumotlarga ko‘ra, avvalgi rekord ko‘rsatkich 2017 yilda o‘rnatilgan. O‘shanda 59 nomzod prezident saylovlarida ishtirok etish uchun ariza topshirgan. Ulardan faqat 13 nafarigina yakuniy bosqichga o‘ta olgan, qolgan nomzodlar yetarlicha imzo to‘play olmagan yoki saylov badalini kirita olmagan. Ba'zi nomzodlar esa davlat tili bo‘yicha testdan o‘ta olmagan, yana kimdir o‘z nomzodini qaytarib olgan.  

Joriy yilda ham nomzodlar soni shu tarzda qisqarishi kutilmoqda. 7 dekabrgacha nomzodlar 1 mln qirg‘iz somi (11,7 ming dollar) miqdorida saylov badalini to‘lashlari, o‘z qo‘llab-quvvatloviga 30 ming fuqaro imzosini to‘plashlari hamda qirg‘iz tilini bilishga test topshirishlari kerak. 

Qirg‘iziston prezidenti saylovlari 2021 yil 10 yanvarga belgilangan. Prezident 6 yilga bir muddatga saylanadi. Qirg‘iziston prezidenti lavozimiga xorijiy davlat fuqaroligiga ega bo‘lmagan, 35 yoshdan katta va 70 yoshdan kichik, qirg‘iz tilini biladigan va respublikada umumiy hisobda 15 yildan ko‘proq yashagan fuqaro saylanishi mumkin.    

Mavzuga oid
Top